Joriy yilning qishki xaridlar bozori ham o‘ziga xos kechdi. Unda turli xil transferlar amalga oshirildi. Shulardan biri "Yuventus"ning Dushan Vlaxovichni sotib olishi edi. Serbiya terma jamoasi a’zosi Turindagi faoliyatini omadli boshladi. Xususan, u A seriyadagi debyut o‘yinida "Verona" darvozasini ishg‘ol etdi. Shuningdek, Italiya kubogi bahsida "Sassuolo"ga g‘alabaga golini kirita oldi. Vlaxovichning turinliklar safida rasmiy goli bizni 13 daqiqa kuttirdi, xolos. Ha, Dushan "Yuventus" uchun ancha qimmatga tushgan. Uning transfer qiymati 63 million funtni tashkil etdi. 21 yoshli hujumchi bu bilan qishki transferlar oynasidagi eng qimmat xaridga aylandi. Bundan oldingi rekord "Arsenal"ga tegishli edi (Obameyang, 56 million funt). Qishki transferlar oynasida amalga oshirilgan eng qimmat xaridlar ro‘yxati quyidagicha:
Dushan Vlaxovich (63m)
Pyer-Emerik Obameyang (56m)
Diyego Kosta (50m)
Fernando Torres (50m)
Endi Kerroll (35m)
Sedrik Bakambu (35m)
Jekson Martines (31m)
Kshishtof Pyontek (31m)
Tarix bizga qishda sotib olingan futbolchilar, xususan hujumchilarning doimo omadli harakat qilmaganini ko‘rsatadi. Avvalo, yuqoridagi ro‘yxatda nomlari qayd etilgan futbolchilarning omadsizlarini aytib o‘tamiz.
Yanvar omadsizlari
Torres "Chelsi" safiga qishki mavsumda kelgan edi. U jamoada 172 ta o‘yin o‘tkazgan va 42 ta gol urgan. Ispanning o‘rtacha gol statistikasi bitta o‘yinda 0,26 tani tashkil etadi. Shuningdek, u "Chelsi" bilan uchta titulni qo‘lga kiritgan. Ammo ko‘pchilik fikricha, Torres o‘ziga sarflangan mablag‘ va umidlarni oqlay olmadi.
Endi Kerrollning "Nyukasl"dan "Liverpul"ga ko‘chishi o‘ta muvaffaqiyatsiz transfer sifatida qaraladi. Kerroll uchun o‘shanda mersisaydliklar 35 million funt sarflagan. Kerroll "Liverpul"dagi faoliyati davomida jami 11 marta gol urishga erishadi. Bu degani uning har bir goli "Liverpul"ga 3,2 million funtdan tushgan. Hujumchi "Enfild"ni tark etib, "Vest Xem", "Nyukasl" hamda "Riding" kabi klublarda o‘ynaydi. Ayni damda esa ingliz futbolchisi "Vest Brom" sharafini himoya qilmoqda.
Jekson Martinesning Osiyo yurishi o‘ziga xos kechadi. Negaki, u kimsan, "Atletiko"dan sotib olinadi. "Guanchjou" safiga 2016 yilda olib kelingan kolumbiyalik futbolchining narxi 31 millionni tashkil etar edi. Shuncha pul sarflanganiga qaramay, Martines Xitoyda atigi 16 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol urgan, xolos. Hujumchining so‘nggi manzili Portugaliyaning "Portimonensi" klubi bo‘lgandi. Ayni damda Martines futbolchilikni yakunlagan.
Diyego Kostaning 2018 yilda 50 million funt evaziga "Atletiko"ga o‘tishi hammani hayron qoldirgandi. Hujumchi butun faoliyati davomida himoyachilar uchun haqiqiy qo‘rqinch bo‘lib keldi. Ammo uning Ispaniyadagi sarguzashti omadli kechmadi. Jami 83 ta bahsda maydonga tushirilgan ispan jangchisi, atigi 19 ta gol urishni uddalay olgan. Shunga qaramay, Kostada 2018 yilda yutilgan Ispaniya superkubogi hamda 2021 yilgi chempionlik titullari mavjud. U shuningdek, yaqindagina "Atletiko Mineyro" bilan birga Braziliya chempioniga aylandi. Umumiy olib qaraganda esa, Kosta qishki transferlarning omadsizidir.
Yanvarning omadlilari
Sedrik Bakambu bir muddat Afrikaning eng qimmat futbolchisi bo‘lib turadi. Kongo Demokratik Respublikasidan chiqqan qahramonimiz "Vilyarreal"dan Xitoyning "Beyszing Goan" klubiga yo‘l oladi. Uning bu ko‘chishi juda ham omadli kelgan. Chunki uning to‘rt yillik Xitoydagi faoliyati 57 ta gol bilan eslanadigan bo‘ldi (87 ta o‘yinda). 30 yoshli futbolchi ayni damda "Marsel" safida harakat qilmoqda.
Yaqindagina London shahridan jo‘nab ketgan sobiq jamoa sardori Obameyang dunyodagi eng omadli yanvar xaridlaridan bir sanaladi. U "Arsenal" safida jami 163 ta o‘yinda 92 ta gol urishni uddalay olgan. Bu degani har bir o‘yinda 0,56 ta goldir. Albatta, gabonlik futbolchi Shimoliy Londonda faqat yaxshi xotiralar bilan eslanadi.
Kshishtof Pyontek endigina 26 yoshda. Shunga qaramay, polshalik futbolchi "Jenoa", "Milan", "Fiorentina" hamda "Gerta" klublari sharafini himoya qilishga ulgurgan. Uning qisqa vaqtlik "San-Siro"dagi davri 41 ta uchrashuv va 16 ta gol bilan yodimizda qolgan. Pyontek "Milan" safida har bir o‘yinda o‘rtacha 0,39 ta gol urgan. Ayni damda "Fiorentina"da harakat qilayotgan hujumchi, klubining so‘nggi ikkita bahsida ham gol urishga erishdi. Uning nomini "Napoli"ga qarshi hamda "Atalanta" bilan bahsda tabloda ko‘rish mumkin edi. Albatta, Pyontekka bu borada Vlaxovichning jamoadan ketgani juda ham qo‘l kelgan bo‘lsa, ajab emas.
ISMATOV J.