Jozep Bartomeu «Barselona» prezidenti sifatida milliardlab yillik daromadlar haqida gapirganda, uni boshda ko‘tarib yurishga tayyorlar bor edi. Vaholanki, funksioner sof foyda, kredit va ziyonlardan so‘z ochmagandi. Ehtimol, bunday kompaniyani boshqarish uchun yetarli malakaga ega emasdir. Deloitte auditorlari tekshiruvlar natijasida klubning 1,35 mlrd. qarzi borligini aniqlashdi.
Bir necha yillar avval jurnalistlar Bartomeuning xatolarga yo‘l qo‘yayotgani, bu klub uchun qimmatga tushishini aytishganida, «Barselona»ning aksariyat fanatlari uni himoya qilishgandi. Endi esa auditorlar menejerning xatolari ikki mavsum davomida 600 mln. yevro yo‘qotishga olib kelganini aniqlashdi. Ulardan 135 millioni pandemiya oqibatlariga to‘g‘ri kelgan. Eng qiziq topilma - ayni payt klub hisob-raqamidagi summa «minus 450 mln. yevro»ga teng.
Jahonda hammadan ko‘p daromad olishdi, pullar esa yo‘q. Laporta Kroll agentligining avvalgi menejerlariga murojaat etgan. Nyu-Yorkdagi idora turli moliyaviy surishtiruvlarni olib borgan, jumladan, 90-yillar boshida «oltin partiya»ni qidirgandi. Laportaga aynan shu yigitlar kerak, ular ma’lumotlar bazasiga kirib, Bartomeuga qarshi sud ishi uchun zarur dalillarni yig‘ishda yordam berishadi. Hozirgacha topilgan ma’lumotlar prokuraturaga topshirilgan. Sobiq prezidentning advokatlari hech qanday yangi narsa chiqmagani, hammasi qonuniy ekanligini ta’kidlashmoqda. Ammo bu ularning talqini, xolos.
Laporta ham sof o‘yin tarafdorimas
Joan diktatorlik vakolatiga ega bo‘lish uchun krizisdan foydalanyaptimi? Iyunda klubning «Odob-axloq kodeksi»ga tuzatish kiritdi, buning natijasida singlisi bo‘limlardan birida lavozimga ega bo‘ldi. Albatta, uning joyi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Ammo klubning nogironlar va turli irq vakillari bilan ishlash mavzusidan o‘zgarishni yo‘qotish uchun atayin foydalanishgan.
Agar «professional holat oqlasa», Laporta manfaatlar to‘qnashuvidan qat’iy nazar istagan odamini ishga olishi mumkin. Singlisidan keyin prezidentning ammavachchasi ham klubda faoliyatini boshladi. Shuningdek, Kataloniyada tarqalgan xabarlarga ko‘ra, «Barselona»ning yangi majmuasi - Yespai Barca kamida 800-950 mln. yevro yoqilishidan paydo bo‘lgan gulxanda isinish imkonini beradi. Narxni klubning yangi bosh direktori Ferran Reverter belgilagan.
«Barselona» yillar davomida tayyorlangan loyiha noaniq smetaga ega - 800 milliondan to 1,5 milliardgacha. Bu shubhali, xuddi maoshlar fondi raqobatchilarnikidan 40 foizga ko‘proq bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar singari. Messi ortiqcha pul olganlar ro‘yxatida yolg‘iz emas. Natijada futbolchilar oldidagi qarzdorlik 389 mln. yevroga yetgan. Avvaldan taxmin qilinganidek, Lioneldan vaziyat yaxshilanguncha kutib turishni so‘rashgan.
Laporta shunga o‘xshash mojarolar markazida bo‘lganini unutgan ko‘rinadi, endi esa Bartomeuni agentlar bilan ishlashda ayblamoqda. Go‘yoki, vositachi uchun normal to‘lov - 5 foiz bo‘lib, «Barselona» 33 foiz to‘lagan. Malkomning «Bordo»dan transfer qilinishi ayrim shaxslarning 10 mln. yevrodan ko‘proq pul olishlari bilan yakunlangan. Shuningdek, Grizmanning xaridini ham tekshirib ko‘rishadi. Futbolchining opasi, otasi, oilaviy advokati hamda yana bir yuristga komissiya pullari to‘langan.
Aytilishicha, 15 mln. yevro muayyan futbolchilarni sotib olishni yengillatish huquqini sotuvchi shaxslarga berilgan. Ro‘yxatda «Atletiko»dagi Saul va Xose Ximenes ham bo‘lgan. Ko‘rib turganingizdek, ular «Barselona»da o‘ynashmayapti, 15 mln. esa «uchib ketdi». Bundan tashqari, Arturning Pyanichga almashtirilishi ham esga olindi. Ushbu kelishuvlar surishtiriladi, zero UYEFA qoidalariga moslashish uchun summalarning oshirilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Shaxsan Bartomeuga 30 mln. yevroni yuklab qo‘yishmoqchi, ammo Laporta lavozimining sobiq egasiga chuqur qazishda faollik ko‘rsatmoqda, klub balansida yarim milliardli qarz bor ekan, o‘zi jarlikka qulashi mumkinligini inobatga olmayapti. Hozircha yangi kreditlar va yangilarga nisbatan kamroq maosh to‘lash chora sifatida qo‘llanyapti, xolos.
Bartomeuning aybini isbotlash oson bo‘lmaydi
Klubning yangi bosh direktori aytganidek, ayrim hujjatlar yo‘qolgan. Aftidan, millionlar o‘g‘irlangan, ammo bu auditorlardan o‘tgani, xolos. Umuman, hatto «to‘g‘ri» transfer narxi yoki agentlarga adekvat komissiya pullari to‘lash bo‘yicha munozaralarni bir chetga sursak, faqatgina klub pullari evaziga «trollar» yollangani, ularning Messi, Buskets va murabbiylarni ijtimoiy tarmoqlar orqali «zaharlashgani» qoladi.
Bunday ishlar bilan shug‘ullanganlar haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar topilgani hayratlanarlimi? Afsuski, Kataloniya prokurorlari sust. «Barselona»ning sobiq prezidenti, Neymarning mojaroli transferi fonida iste’foga chiqqan Sandro Rossel 21 oyni qamoqda o‘tkazdi. Prokuratura 11 yildan ortiq jazo tayinlanishini talab qilgandi. Yakunda qimmatbaho advokatlar o‘z ishlarini nisbatan a’lo darajada bajarishdi.
Rossel va uning yetti nafar hamtovoqlari ozodlikka chiqishdi, ularning aybini to‘liq isbotlay olishmadi. Bu jinoyat sodir bo‘lmaganini anglatmaydi, biroq sud 21 oylik qamoq jazosini yetarli deb hisobladi. Bartomeu bilan ham ayni holat kuzatilishi mumkin. Laporta esa muhokama jarayonida o‘ziga bo‘lgan shubhalardan chalg‘itmoqda. Xavi hozircha murabbiylik borasida yangi Gvardiola bo‘lishga tayyor emasdek. Klubning transfer kampaniyasi ham, yumshoq qilib aytganda, g‘alati. Asosan forvardlar sotib olindi, Yevropa Ligasida esa Arauxoning sa’y-harakatlari evaziga himoyalanishmoqchi.
Klubda professionallar paydo bo‘ldi, shu bois, birdaniga vagonlab o‘g‘irlik qilishmasligiga imkon bor. Ammo 800 million yoki ehtimol, 1,5 milliardga tushishi kutilayotgan qurilish g‘oyasi kimlar uchundir ayni muddao bo‘lishi mumkin. «Barselona» bankrotlikdan qutulishga urinmoqda, lekin buning uchun saxiy homiy topish kerak. Shunday qilish lozimki, muxlislar noroziligini keltirib chiqarmasin, aks holda, Laporta boshchiligidagi guruh murakkab ahvolda qoladi. Prezidentlik lavozimiga qaytgan funksionerning yaxshilik elchisi ekaniga hech kim ishonmayapti.
Balki, bunday tushunchalar pul va hukmronlik ilinjida kelgan Joanning qadamlariga adekvat baho berishda asqotar. Bunga qadar u sohilda jimgina o‘tirgandi, vaholanki, Bartomeu klub jasadini ko‘prikdan daryoga tashlayotganini ko‘rib turardi. Jasad qirg‘oqqa oqib chiqishini, so‘ngra taxtga o‘tirishini, fanatlar esa «Bundan yomoni bo‘lmaydi», deyishlarini jim kutdi. Sayyoramizning eng badavlat klubida shunday tartibsizlik hukm surarkan, mayda futbol jamoalarida xarajatlar, agentlarga to‘lovlar, qarindoshlarni ishga yollash masalasida nimalar bo‘layotganini tasavvur qilish dahshatning o‘zginasi. FIFA prezidenti JCH-2022 arafasida shayxlarning shaxsiy maslahatchisi sifatida ishlayotgan pallada futboldagi global muammolar bilan shug‘ullanadigan odam yo‘q.
UEFA esa «Shampinyonlar ligasi» pissasi sabab sudga murojaat qilish bilan tahdid yo‘llashdi, «Barselona»ning 1,35 mlrd.lik qarzga botgani bilan esa ishlari yo‘q. Futbol rahbarlari Bartomeuning uslubidan bexabar ekanliklarini taxmin qilish kulgili. Ko‘rinishidan, sukut saqlovchilar uchun bu ayni muddaodek. Korrupsion tizim uni boshqarayotgan va uning yordamida kun kechirayotgan barcha uchun manfaatlidir.
O‘.UMAROV tayyorladi