Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Nasaf» bosh direktori: «Futbolga mehrim cheksiz»

«Nasaf» bosh direktori: «Futbolga mehrim cheksiz»

Baho:
+ | -

Qarshining «Nasaf» klubi rahbariyatida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bosh homiy - «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ boshqaruvi tavsiyasiga muvofiq, Alisher Yusupov «Nasaf» PFK bosh direktori etib tayinlandi. Shu munosabat bilan maxsus muxbirimiz yangi rahbardan intervyu oldi.

- Alisher Ismoilovich, Sizni yangi mas’uliyatli lavozimga tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz.

- Rahmat.

- Zimmangizdagi vazifa yuksak va xalq nazarida ekanligini qalbdan his etayotgan bo‘lsangiz kerak?

- To‘g‘ri aytdingiz. Rahbariyat menga ishonch bildirganining o‘zi ham sharaf bo‘lishi bilan birga mas’uliyatdir. Buni idrok etmaslikning o‘zi noto‘g‘ri, albatta. 1985 yilning 6 mart kuni Qarshi shahrida tavallud topib, bolalikdan «Nasaf»ga muxlis bo‘lganligimning o‘zi qalbimga o‘zgacha quvonch bag‘ishlayapti.

- Demak, yoshligingizdan futbolga shaydosiz?

- Ha, albatta. Qarshi shahridagi 23-maktabda tahsil olgan kezlarim millionlar o‘yiniga bo‘lgan qiziqish kuchaysa-kuchaydiki, aslo so‘nmadi. Taniqli futbolchi Konstantin Smirnov, Sobir Haydarov tomonidan tashkil etilgan yosh «charm to‘p»ga shaydolar guruhida qatnashib, o‘z iqtidorimni himoya, markaziy yarim himoyada sinab ko‘rdim. Bo‘sh vaqt topdimmi, Qarshi shahridagi «Mehnat» stadioni tomon oshiqardim. «Nasaf»ning o‘ziga xos shiddatli o‘yinlari, nomdor futbolchilar - Sergey Lebedov, No‘’mon Hasanov, Ro‘ziqul Berdiyev, Zafar Xolmurodov, Valentin Poddubniy, Davron Fayziyev, Shuhrat Rahmonqulov, Nurali Sultonov, Asror Aliqulov singari o‘z davrining mohir o‘yinchilari mahoratini zavq-shavq bilan tomosha qilganman. Otam Ismoil aka Ahmedov, onam Rahima aya Yusupova, opam Aziza va akam Azamat (oxirati obod bo‘lsin) futbolga bo‘lgan qiziqishimni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. Dastlab Qarshi iqtisodiyot kasb-hunar kollejida, so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil oldim. Mazkur oliy dargohning magistratura yo‘nalishini tamomlab, menejment boshqaruvi mutaxassisligiga ega bo‘ldim. «Til bilgan el biladi», deganlaridek, rus, ingliz tillarini ham o‘rgandim. 2013 yilda «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJda ish boshlab, sakkiz yil davomida shu jamoada sidqidildan mehnat qildim. Majmuaning tijorat deportamenti muhandisligidan «Nasaf» PFK jamoasi safiga qo‘shilganimdan g‘oyat baxtiyorman.

- «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJdagi faoliyatingizda ham sportga, shu jumladan, futbolga befarq bo‘lmagansiz...

- Xuddi shunday. Garchi talabalik davrimda tizzamdan jarohat olib, futbolni davom ettirmagan bo‘lsamda, keyingi faoliyatim hakamlik bilan bevosita bog‘liq. Majmua miqyosida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarni boshqardim. Bu boradagi intilishimni ko‘rib, futbol mutasaddilari me’yoriy talablarni bajargan holda hakamlikka o‘tishni tavsiya qilishdi. Biroq ularga «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin», deb javob berdim. Chunki hakam shunchaki bo‘lmasligi har tomonlama boshqalardan ajralib turishi lozim. O‘shandagina u obro‘-e’tibor topadi, o‘z kasbining egasi bo‘ladi.

- «Nasaf» PFK direktorligi lavozimida ish boshladingiz. Siz bunga o‘zingizni qanchalik tayyor deb bilasiz?

- Avvalo sharafli, shu bilan birga mas’uliyatli lavozimda ish boshlaganimdan xursandman. Ba’zilar o‘ylashi mumkin, katta maoshdagi ishga keldi, deb. Majmuada ham ishimiz, oylik maoshim kam emasdi. Hech narsadan kamchiligim yo‘q. Bu yerga rahbariyatning tavsiyasi bilan, futbolimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun keldim. Chunki futbolga mehrim, muhabbatim cheksiz. Buni halol mehnatim, fidoyiligim bilan ko‘rsatishim kerak. Ba’zilar o‘ylaganidek, «o‘zim» deydiganlar toifasidan emasman. Hayotda ota-onamdan hamda ustozlarimdan ana shunday ta’lim olganman.

- «Nasaf» PFK infratuzilmasini ko‘zdan kechirib chiqdingiz. Qaysi tomonlari ma’qul-u, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar nimalardan iborat?

- Ma’lumki, «Nasaf» PFK infratuzilmasi ajoyib imkoniyatlarga ega. 21 ming muxlisga ega bo‘lgan markaziy stadion, unda barcha shart-sharoitlar bor. Bir so‘z bilan aytganda, klub qoshidagi maxsus futbol maktabi, «Yo‘ldosh» shaharchadagi «Yoshlar» jamoasi uchun bunyod etilgan qarorgoh, klubga qarashli bazadagi sharoitlar e’tiborga moliq. Bundan tashqari, «Geolog» sog‘lomlashtirish markazi, bu yerdagi «Sevinch» ayollar futbol jamoasi va «Nasaf» futzalchilari ham bizning ixtiyorimizda. Futbol - eng avvalo, muxlislar uchun. Shundan kelib chiqqan holda, ishqibozlarning o‘yinga kirib-chiqishlari uchun elektron turniketlar o‘rnatiladi. Oilaviy, ayollar sektori tashkil etiladi. Bolalar uchun attraksionlar qo‘yiladi. Media markaz ishi tubdan yaxshilanadi. Teletranslyasiya uchun qo‘shimcha videouskuna, kameralar xarid qilinadi. Muxlislarning tanaffus vaqtida yengil tamaddi qilishlari uchun taomlar, salqin ichimliklar bilan savdo qilish yo‘lga qo‘yiladi. Yutuqli lotereya o‘yinlari uyushtiriladi. «Nasaf» futbolchilari istiqomat qiladigan bazada shart-sharoit tubdan yaxshilanadi. Yangi hamkorlar izlash orqali futbolimiz ravnaqi yo‘lida tizim yaratiladi. Bosh homiyimiz - «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJning amaliy yordami bilan 2022 yil mavsumni har qachongidan ko‘ra yuqori natijalar bilan yakunlash uchun astoydil ishga kirishganmiz. Oldimizda yuksak marralar turibdi. Osiyo chempionati U-23ning mamlakatimizda o‘tkazilishi, guruh bosqichiga Qarshi shahrining mezbonlik qilishi ham zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu bo‘yicha OFKning maxsus ishchi guruhi xulosasiga binoan tayyorgarlik olib boryapmiz.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:51, 21.02.2022.
O'qildi: 2410 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.