Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Chempionlar kubogini bir o‘zi qo‘lga kiritgan darvozabonning hikoyasi

Chempionlar kubogini bir o‘zi qo‘lga kiritgan darvozabonning hikoyasi

Baho:
+ | -

 

Bizning hikoyamiz Ruminiya futboli afsonasi haqida!

Semlakdan Sevilyaga

Vengriya bilan chegaradosh kichik Transilvaniya Semlak qishlog‘ida tug‘ilgan ruminiyalik nemis millatiga mansub Helmut Robert Dukadamning hikoyasini film qilishsa ham bo‘ladi.

U 1982 yilda "Styaua" tarkibida ko‘rinish bergan. Afsonaviy darvozabon bundan oldin "Arad"ning kamtarona "Konstruktorul" va "UTA" jamoalari sharafini himoya qilgan (1969 yilda Chempionlar kubogida o‘ynagan va Polshada "Legiya"dan 0:8 hisobida mag‘lubiyatga uchragan UTA).

Shuningdek, 1982 yilda 23 yoshli Dukadam Ruminiya terma jamoasi safida faqat ikkita o‘yin o‘tkazgan.

Helmut "Styaua"dagi to‘rt mavsumda ikkita chempionlik va Ruminiya kubogini qo‘lga kiritgan. U mamlakatning eng yaxshi darvozaboni emas edi. U shunchaki o‘z ishini bajarardi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u o‘z nomini futbol tarixida abadiylashtirgan o‘sha ajoyib kun sari dadil qadam tashladi.

1986 yil 7 may Sevilya. Ramon Sanches Pisxuan stadioni. Chempionlar kubogi finali “Barselona” – “Styaua”.

 "Barselona" deyarli 90 yillik faoliyati davomida hech qachon Yevropaning eng kuchli klubi nomiga sazavor bo‘lmagandi. Bundan tashqari, u faqat bir marta finalda o‘ynagan, 1961 yilda "Benfika"ga yutqazgan - 2:3. Bu final ularga imkoniyat edi. Ispaniyada oddiyagina “Styaua”ga qarshi o‘yin. 

Final yo‘lida ingliz murabbiyi Terri Venables qo‘l ostidagi "ko‘k-anorranglilar" "Sparta"ni (mehmondagi ikkita gol tufayli), "Portu"ni (yana safardagi gol tufayli), YECHLning amaldagi egasi "Yuventus"ni yengishgan edi.. Balki butun turnirning asosiy favoriti kataloniyaliklar edi.

"Styaua"ning Sevilya finali yo‘lidagi raqiblari ro‘yxati ancha oddiyroq ko‘rindi - Daniyaning "Veyle", Vengriyaning "Honved", finlandlarning “Kuissi” va Belgiyaning "Anderlext"i edi.

O‘sha Chempionlar kubogining yarim finali bugun kun uchun albatta mo‘jizadek ko‘rinadi - "Barselona" - "Gyoteburg" va "Styaua" - "Anderlext".

Finaldan ancha oldin Ramon Sanches Pisxuan “Barselona” – Chempionlar kubogi g‘olibi” degan yozuvli nishonlarni sotgan. "Blaugranas" muxlislari sevimli jamoalarining tarixiy muvaffaqiyatini nishonlash uchun petardalar, salyutlar va olovli qurollar tayyorladilar. Shahar restoranlarining banket zallarini band qilgandilar.

Ammo "Styaua"ning himoyasi bu ssenariyga qarshi edi. To‘rtta pley-off o‘yinida ruminiyaliklar faqat bitta gol o‘tkazib yuborishgandi - birinchi yarim finalda "Anderlext"ning asosiy yulduzi Enso Shifodan Bryusselda (javob o‘yinida belgiyaliklar mag‘lub bo‘lishgan - 3:0). Sevilyada 120 daqiqa davomida Miodrag Belodici boshchiligidagi Ruminiya jamoasi himoyalandi va “Barselona” u jamoaning bo‘sh nuqtalarini izlab topa olmadi. Kataloniyaliklar yulduzlari Bernd Shuster ham, shotlandiyalik Stiv Archibald ham (“Blaugranas”ning transfer rekordi - hujumchi "Tottenxem"dan 1,25 million funtga sotib olingan) hech narsa qila olishmadi.

Futbo lotoreyasi esa butunlay Dukadamning benefisiga aylanib ketdi. Penaltilar seriyasida to‘rtta zarba - birorta ham o‘tkazib yuborilgan gol yo‘q! Chempionlar kubogi finalida! Undan oldin hech kim buni qilmagan edi.

«Styaua» darvozabonining o‘zi oradan yillar o‘tib UYEFA rasmiy saytiga bergan intervyusida o‘sha penaltilar seriyasini shunday ta’riflaydi: «Penaltidan oldin darvozabon raqibning tana harakatlarini diqqat bilan kuzatishi va uning fikrlarini o‘qishga harakat qilishi kerak.  "Barsa"ga qarshi o‘yinda men shunday qildim.

Birinchi penaltini ularning sardori Alesanko amalga oshirdi. Men unga diqqat bilan qaradim va tanasining harakatiga qarab, zarba mendan o‘ng burchakka yo‘naltirilishini taxmin qildim. Mening taxminim to‘g‘ri edi va men to‘pni qaytardim.

Ikkinchi penalti esa allaqachon psixologiya bilan bog‘liq edi - men shunchaki o‘zimni hujumchi o‘rniga qo‘ydim. Pedrasa jamoadoshi o‘ngga tepgani va men bu zarbani bartaraf etganimni bilardi. Bu safar u meni chapga otiladi deb o‘ylashi turgan gap edi. Men esa yana o‘ngga tashlandim va darvozam dahlsizligini saqlab qoldim.

Uchinchi penaltini qaytarish nisbatan osonlashdi. Darvozabon ikki marta o‘ngga tashlanganidan so‘ng, endi u boshqa burchakni afzal ko‘rsa kerak. Pichi Alonso shunday deb o‘yladi va o‘ngga zarba berdi. Men esa voqealar rivojini to‘g‘ri bashorat qilib, yana to‘pni qaytardim.

To‘rtinchi penalti men uchun eng og‘ir bo‘ldi, chunki men nima qilishni bilmasdim. Yana o‘ngga sakrash yoki yo‘nalishni o‘zgartirish kerakmi? Men esa o‘zimni Markos Alonsoning o‘rniga qo‘ydim. U shunday deb o‘ylagan bo‘lsa kerak: bu darvozabon uch marta o‘ng burchakka yo‘naltirilgan zarbani qaytardi. U penltilarda hamma zarba o‘ngga yo‘llanadi deb o‘ylasa kerak. Men bu safar chapga tashlandim va yana raqib darvozamga to‘p kirita olmadi.  

 “Barselona” darvozaboni Urrutining (u ikkita penaltini qaytardi) qahramonligi besamar ketdi. Lakatus va Balintning zarbalari "Styaua"ga ajoyib g‘alaba keltirdi.

Dukadam kubokni yarim bo‘sh stadionda ko‘tardi - "Barselona" muxlislarining aksariyati penaltilar seriyasidan so‘ng darhol Ramon Sanches Pisxuanni tark etishdi.

Otopeniya ayeroportida esa kubokni birinchi bo‘lib "Styaua" sardori Stefan Yovan emas, Dukadam olib keldi. Bu kimning g‘alabasi ekanligini hamma tushundi.

 Mening sirim? Men nima qilishim kerakligini tushundim. Bu men butun umrim davomida kutgan lahzalar edi”, - deydi Dukadam undan yana bir bor “Sevilya”ning g‘alabali onlarini eslashni so‘rashganda.

Ssenariy esingizdami? Dukadam o‘ng tommonga yo‘nalgan 3 zarbani qaytargan edi.

Demak, taqdirning burilishlari Arya Starkning epik zarbasiga o‘xshaydi - Dukadamning faoliyatidagi (va, ehtimol, butun Ruminiya futbolidagi) asosiy o‘yin bir vaqtning o‘zida uning faoliyatidagi so‘nggi yirik bahs bo‘ldi. Shu paytlar Dukadam 27 yoshda edi.

Sevilya mo‘’jizasidan ikki oy o‘tgach, Dukadam obliterasiya qiluvchi ateroskleroz (oddiy tarzda - qon tomirlarining tiqilib qolishi) rivojlanishi tufayli sportni tark etishga majbur bo‘ldi. Dengizdagi ta’tilda og‘riq kuchayib, chidab bo‘lmas holga keldi. Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan darvozabonga o‘ng qo‘li amputasiya bilan tahdid qilingan - o‘ng yoqa suyagi ostida to‘plangan qon ivishi holati kuzatilgan edi.

Keyinchalik Dukadam o‘zidagi kutilmagan kasallikka nima sabab bo‘lganini tushuntirdi. Uning aytishicha, mamlakat hukmdorining o‘g‘li va “Steaua” rahbari Valentin Chaushesku Dukadamdan unga "Mersedes"ni berishni talab qilgan, uni darvozabon finalda eng yaxshi o‘yinchi bo‘lgani uchun olgan edi.  Helmut bunga qat’iy rad javobini berdi. Jazo sifatida Dukadam hibsga olindi va bir necha kun davomida juda ko‘p bor kaltaklandi. Ruminiyada ko‘pchilik bu voqeaga ishonishdi.

 Yil oxirigacha u boshqa maydonga tushmadi, “Oltin to‘p” so‘rovi natijalari ham shu vaqtlarda ma’lum bo‘lgan edi. Dukadam Platini, Altobelli, Pfaff va boshqa ko‘plab Yevropa futbolining taniqli yulduzlarini ortda qoldirib, Marko Van Basten bilan 8-o‘rinni baham ko‘radi.

Dukadam davolanish va tiklanish uchun uch yil sarflaydi. U 1989 yilda Ruminiya ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi “Arad”ning “Vagonul” klubi tarkibida maydonga qaytadi. Dukadam mahalliy avtomobilsozlik zavodining ushbu jamoasida yana ikki mavsum o‘ynaydi, shundan so‘ng u nihoyat futbolchilik faoliyatini yakunlaydi.

"Styauadan ketganimda ko‘p odamlar mendan qolishimni so‘rashdi". - Ular eng yaxshi shifokorlarni va pul taklif qilishdi ... Lekin hayotda bor narsaning qadriga yetish kerak. Ha, afsusdaman, men hech qachon Yevropaning eng kuchli chempionatlaridan birida o‘zimni ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmaganman. Lekin o‘sha penaltilardagi qaxramonlik va tarixda qolish menga nasib etdi. Bu men uchun eng yaxshi mukofot bo‘ldi. Men esa pul o‘rniga sog‘likni tanladim”.

Keyin afsonaviy darvozabon psixologiyani o‘rganadi va biznes bilan shug‘ullanadi - o‘zining logistika kompaniyasi, uning nomidagi futbol maktabi bor. Bir muncha vaqt Dukadam Amerikada yashaydi, lekin keyin u uyiga qaytadi. U Ruminiya chegara polisiyasining mayoriga aylanadi va  o‘zi tug‘ilgan Semlakning faxriy fuqarosi maqomiga loyiq ko‘rildi. U o‘ng qo‘lidan yana ikkita operasiyani o‘tkazadi - 1998 va 2009.

2008 yil 25 martda Ruminiya Prezidenti Trayan Besesku Dukadamni ikkinchi darajali "Sportdagi xizmatlari uchun" davlat mukofoti bilan taqdirlaydi. Oradan ikki yil o‘tib, 2010 yilning yozida "Styaua" xo‘jayini Gigi Bekalining taklifi bilan Dukadam o‘z qo‘li bilan bir paytlar Yevropa cho‘qqisiga ko‘targan klubning faxriy prezidenti bo‘ladi.

 

Mirjalol Pardaboyev tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 17:17, 22.02.2022.
O'qildi: 2489 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.