Joriy mavsum oldidan hamma ham Darvin Nunyesning kimligini tanimas edi. Endi esa, nafaqat Portugaliya va Ispaniyada, balki butun dunyo uni olqishlay boshladi. Urugvaylik hujumchiga mashhurlik, YECHL guruh bosqichidan keyin keldi. O‘shanda «Barselona» 3-0 hisobida taslim etilgan, Yosh Darvin esa ikkita gol urishga erishgandi. Bu pallada u «Barsa»ning tushkunlikka tushgan mudofaasini parokanda qilgan. Darvin Nunyes yaqindagina «Benfika»ni chorak finalga olib chiqqan o‘yinda, «Ayaks»ga qarshi g‘alaba goliga mualliflik qilgan edi.
Umuman olganda, Nunyes yillar davomida «Barselona»ning «burni ostida» bo‘lib keldi. Ularda hujumchini sotib olish uchun har xil va keng imkoniyatlar bor edi. U Segunda jamoasi bo‘lmish, «Almeriya»da to‘p surardi. Ammo, ana endi Nunyesga egalik qilishga da’vogarlar ko‘paygan. Ularning ko‘pchiligi APL klublaridir. 22 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda «Benfika» safida 29 ta o‘yinda 24 ta golda bevosita ishtirok etgan edi (10 ta assist, 14 ta gol). Bunisida esa, gol urish ko‘rsatkichi 26 tani tashkil etadi. Nunyesning yaqin yillardagi sermahsulligi allaqachon uning vatandoshi bo‘lgan Luis Suaresning e’tirofiga sazovar bo‘lgan.
«Benfika»ning sobiq bosh murabbiyi Jorji Jezush 2021 yilda Darvin Nunyes haqida fikr bildirar ekan, uni Joau Feliksdan qimmatroq sotilishi kerakligini aytadi (126 million funt). U jumladan shunday deydi: «Darvin "Benfika"ning eng qimmat xaridi bo‘lgan edi. Agarda pandemiya bo‘lmaganida, uni rekord qiymatda sotgan bo‘lardik. U tez orada jahon darajasidagi futbolchiga aylanadi. Biz uni olib, to‘g‘ri qaror qilganmiz. Biz Nunyesni hali bola ekanini esdan chiqarmasligimiz lozim. U endigina 21 yoshda. Darvinni futbolda bilib olishi kerak bo‘lgan narsalari bor, albatta. U men va "Benfika" bilan buni o‘rganib boradi».
Qaysi klublar Nunyesga qiziqmoqda?
Hujumchi «Benfika»ga yo‘l olgani bilan, unga «Barselona» azaldan qiziqib kelgan. Jamoa ayni damda ham Darvin uchun harakat qilishga tayyor. Biroq, «Barselona», avvaliga bunday yirik xarid uchun moliyaviy jihatdan tayyor bo‘lishi talab etiladi. Kataloniyaliklarning sobiq hujumchisi Suares o‘zi bilan bo‘lgan intervyuda klubni Nunyes borasida harakatga chorlaganini aytib o‘tadi: «Men rahbariyatga uni qattiq kuzatishini, imkon bo‘lganda esa, sotib olish kerakligini aytgandim. "Barsa"dagilar esa Nunyesni "Almeriya"da o‘ynashini va o‘ta yosh ekanini ro‘kaj qilgandi. Men 15 yildan beri xalqaro futboldaman. Shu sababdan hujumchilarning farqiga bora olaman».
22 yoshli urugvaylik forvardga «Vest Xem» ham da’vo qila boshlagan. London jamoasining yanvardagi oynada yuborgan taklifi «Benfika» tomonidan darhol rad qilingandi.
Shuningdek, Nunyes anchadan buyon «MYU» e’tiborida turibdi. Klub uni Krishtianu Ronaldu o‘rniga nomzod sifatida ko‘rmoqda. Qolaversa, APLdan «Brayton» hamda «Nyukasl» ham ushbu poygaga qo‘shilishi mumkinligi aytiladi. Xususan, «Nyukasl» o‘z moliyaviy imkoniyatidan foydalanib, Darvin Nunyes uchun so‘ralayotgan narx – 80 million yevroni to‘lash istagini bildirgan. Ammo Nunyes kabi ochilib borayotgan talantli futbolchi, ayni damdagi o‘rtamiyona jamoaga o‘tadimi yoki yo‘q, mana bu jiddiy savol...
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi