Kirish Ro'yxatdan o'tish
05/07 06:00 Argentina 1-1 Ekvador
05/07 21:00 Ispaniya - Germaniya
06/07 00:00 Portugaliya - Fransiya
06/07 06:00 Venesuela - Kanada
06/07 21:00 Angliya - Shveysariya
07/07 00:00 Niderlandiya - Turkiya

Aurelio Gomes: «O‘zingni eng muhim deb bilish - xato»

Aurelio Gomes: «O‘zingni eng muhim deb bilish - xato»

Baho:
+ | -

Braziliya terma jamoasining sobiq darvozaboni Aurelio Gomes FourFourTwo nashriga bergan intervyusida hujumchi sifatidagi ilk kunlari, Angliyadagi davri, nima uchun Alissonni emas, Edersonni tanlagani va boshqa ko‘plab qiziqarli mavzularda fikr bildirdi.

- «Kruzeyro», PSV, «Tottenxem» va «Uotford»da muxlislarning sevimlisi edingiz. Buning siri nimada?

- Futbol klubida hamma narsa muxlislarga bog‘liq. Ya’ni, ular eng muhim odamlardir. Balki ayrim futbolchilar buni tushunishmas va shuning uchun ham ishqibozlar bilan o‘rtalarida katta masofa saqlashayotgandir. Men doim tribunadan olgan mehrni qaytarishga harakat qilganman. Har bir muxlis futbolchining klubga bo‘lgan ishtiyoqini hurmat qilishini xohlaydi. Futbolning mohiyati shunda. O‘zingizni dunyodagi eng muhim deb bilish xatodir. Fanatlar millionlar o‘yiniga ko‘p joziba bag‘ishlashmoqda.

— «Sakkizoyoq» laqabi qayerdan paydo bo‘lgan?

- Hammasi Ronald Kumanning ishi! U mening PSVdagi murabbiyim edi. «Vitess»ga qarshi ajoyib o‘ynadim va u jurnalistlarga mening ikkitadan ko‘p qo‘lim borligini aytgandi. «U sakkizoyoqqa o‘xshaydi», degandi Ronald. Bu ko‘pchilikka yoqdi va...

- O‘smirlik chog‘ingizgacha hujumchi sifatida to‘p surganingiz rostmi? Yaxshi o‘ynarmidingiz?

- Har holda, darvozani qanday topishni bilardim (kuladi). Darvozada esa ilk marta 17 yoshimda turganman. Sete-Lagoas havaskorlar chempionatida hujumda harakat qilardim, tarkibimizda birgina darvozabon bor edi, xolos. Bir kuni u ko‘rinmadi va men mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim, yaxshi harakat qildim va turnir oxirigacha darvozada qoldim. Oradan ko‘p o‘tmay mahalliy professional klub - «Demokrat» safiga qo‘shildim, ammo ularda mahoratli darvozabonlar murabbiyi yo‘q edi. Natijada, 19 yoshimda, ya’ni «Kruzeyro»ga o‘tganimda, birinchi bor maxsus darvozabonlar mashg‘ulotlarida qatnashdim.

- Siz APLda o‘ynagan dastlabki braziliyalik darvozabon bo‘ldingiz. O‘shandan beri jamoada ko‘plab vatandoshlaringiz paydo bo‘lganidan faxrlanasizmi?

- Juda faxrlanaman. Hech qachon Premyer-ligada o‘ynashni orzu qilmaganman, bilasizmi? Men shunchaki, professional futbolchi bo‘lishni va onamga uy sotib olish imkoniyatini qo‘lga kiritishni xohlardim. Xudo menga tasavvur qilganimdan ham ko‘proq narsa berdi. Angliyada 12 yilni o‘tkazdim va boshimdan kechgan barchasidan mamnunman. Ko‘plab braziliyalik posbonlarning APLdagi muvaffaqiyatlarini ko‘rish juda yoqimli.

- Kim kuchliroq - Alissonmi yoki Ederson?

- Gap ikki ajoyib kiper haqida ketmoqda. Ehtimol, Ederson ko‘proq, aytaylik, mustahkamdir - bunga oyoqlari bilan ajoyib tarzda ishlash qobiliyati tufayli erishgan. Alisson ulardan qanday foydalanishni biladi, bu aniq, ammo Ederson ta’sirchan kuchga va uzoq masofaga yo‘llanadigan uzatmalar aniqligiga ega. U faqat qisqa paslarni bermaydi, o‘zining «to‘qqizligini» topa oladi. Biz buni vaqti-vaqti bilan kuzatamiz. Ikkalasi ham darvozasini saqlab qolishda birdek mohir bo‘lgani uchun, Edersonning zarba berishdagi mahorati, nazarimda, unga biroz ustunlik beradi.

- 2008 yili PSVga «Tottenxem»ni UYEFA kubogidan chiqarib yuborishida yordam bergansiz. Bir necha oydan so‘ng «shporlar» safiga o‘tishingizda shu narsa ham rol o‘ynaganmi?

- Shubhasiz. PSVda ajo-yib mavsumni o‘tkazgandim, ammo o‘ylaymanki, o‘sha o‘yin salohiyatimni to‘liq namoyon etdi, ishonchim komilki, «shporlar» bu natijalarni hisobga olishgan. Ularga yangi darvozabon kerak edi, men esa Chempionlar Ligasida tajriba to‘plashga ulgurgan yosh yigit Yevropada ularga qarshi hal qiluvchi o‘yinni o‘tkazgandim. Qanday qilib meni xohlamasliklari mumkin? (kuladi)

- Siz kelganingizda jamoa boshida Xuande Ramos edi, lekin bir necha oydan keyin uning o‘rnini Xarri Rednapp egalladi. Klubdagi kelajagingiz haqida qayg‘urganmisiz?

- Ha, juda ko‘p. «Tottenxem»ga o‘tishga rozi bo‘lishdan oldin «shporlar»ning chap qanot himoyachisi Jilberto bilan gaplashdim va u meni London jamoasiga qo‘shilish ajoyib g‘oya ekanligiga ishontirdi. U murabbiy yaxshi, klub fantastik ekanligini va uning jamoadoshi bo‘lishdan baxtiyor bo‘lishini aytdi. Shunday qilib, Londonga jo‘nadim, ammo keyinroq Jilberto va murabbiy ketishdi! Qolaversa, u «shporlar» safidagi dastlabki kunlarida unchalik yaxshi o‘ynamagandi. Menda kichik jarohat bor edi, ammo oxirigacha o‘ynashga ahd qildim. Bu mening faoliyatimdagi yana bir ahmoqona qaror edi.

- «Tottenxem»dagi so‘nggi ikki mavsum mobaynida ko‘p ham o‘ynamadingiz. Aslida ko‘prog‘iga loyiqmidingiz?

- Bunga imkoniyatim bor edi, lekin juda katta xatoga yo‘l qo‘ydim. Bred Fridel Rednappning birinchi tanlovi edi, lekin u eng yaxshi holatda emasdi. Shunday qilib, «shporlar» «KPR»ga yutqazganidan so‘ng, Garri mendan birinchi raqamda o‘ynash uchun jamoaga qaytishimni so‘radi. Lekin rad etdim, unga o‘ynashni xohlamasligimni aytdim va qaytish imkoniyatini boy berdim. Keyin esa xatoimni tushundim va bu mening xudbinligim tufayli sodir bo‘ldi. O‘sha ikki yil men uchun juda og‘ir kechdi - har kuni so‘zlarimdan afsuslanardim. Klub menga unchalik ahamiyat bermagani aniq. Astoydil mashq qilishda davom etdim, lekin mening munosabatim ularning rejalariga kirmasligimga sabab bo‘ldi.

- 2010 yilgi jahon chempionatiga chaqiruv olgansiz...

- Eng yirik musobaqada o‘z mamlakatingizni himoya qilish - unutilmas tuyg‘u. Bu jamoada Kaka, Lusio va Luis Fabiano kabi fantastik futbolchilar ko‘p edi. Afsuski, unvonga qadar bora olmadik. Bu mundial oldidan men ham Ronaldinyo, Ronaldo, Adriano, Roberto Karlos bilan o‘ynaganman... Ushbu afsonalar atrofida qanday harakat qilishni ham bilmasdim! Braziliya terma jamoasida o‘ynash haqiqiy sharaf edi.

- Hozir nimalar bilan bandsiz?

- Agent sifatida hamon futbol ichidaman - ko‘plab braziliyalik yoshlar bilan ishlayapman. Ularga orzularini ro‘yobga chiqarishda yordam berishni juda xohlayman.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:06, 24.03.2022.
O'qildi: 984 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.