Angliya Premyer-Ligasi 31-turidan joy olgan «Byornli» - "Manchester Siti" uchrashuvi boshlanishiga ham kam vaqt qoldi.
Mazkur o‘yin doirasidagi qiziqarli faktlarni sizga taqdim etamiz.
Bilasizmi?
"Manchester Siti" vingeri Riyad Mahrezning eng sevimli klubi aynan «Byornli» klubi sanaladi. Boisi, jazoirlik futbolchi Premyer-Liga doirasida mazkur klub darvozasiga 8ta to‘p kiritgan va bu uning APLda bir raqib darvozasini ishg‘ol etish bo‘yicha eng yaxshi natijasi hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, Mahrez faqatgina bitta golni bugun tashrif buyuradigan stadioni - "Turf Mur"da o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
"Manchester Siti" barcha musobaqalar davomida «Byornli»ga qarshi so‘nggi 9 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati - 32:1. «Shaharliklar» 6 marta bir raqib ustidan ketma-ket 10 bahsda g‘alaba qozonishgan. Shularning eng oxirgi beshtasi Pep Gvardiola davrida qayd etilganini aytib o‘tish joiz.
"Manchester Siti"ning APLdagi oxirgi uchrashuvidagi "Kristal Pelas" bilan 0:0 o‘ynashi va golsiz o‘yini, ushbu mavsumdagi to‘rtinchisi sanaladi. «Siti» bir mavsumda 5 va undan ko‘proq o‘yinlarda gol urmagan yili 2016/17 yilgi mavsum hisoblanadi (5).
«Byornli» oxirgi 3 APL bahsining birinchi bo‘limida durang natija qayd etgan bo‘lishiga qaramay, shularning barchasida umumiy 0:8 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Ular oxirgi marta 2015 yilning may oyida ketma-ket 4 uchrashuvda birorta gol ura olmagan holda imkoniyatni boy berib qo‘yishgan edi.
Bahs rasmiylari
Bugungi uchrashuvni Kreyg Pouson boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanishi rejalashtirilgan.
Tomonlar Angliya chempionati doirasida umumiy 15 marta to‘qnash kelishgan va shularning 11 tasida "Manchester Siti" g‘alaba qozongan. Yana 3 uchrashuvda esa durang natijasi qayd etilgan.