Pol Pogba butun faoliyati davomida depressiyadan aziyat chekkan, bu holat «Manchester Yunayted» Joze Mourinyo qo‘l ostiga o‘tganida yanada jiddiyroq tus olgani haqida futbolchining o‘zi gapirgandi. Ma’lumki, portugaliyalik mutaxassis «Old Trafford»da ish boshlagan ilk kundanoq ushbu juftlikning qarashlari bir-biriga mutlaqo zid ekanligi ko‘rinib turardi va fransiyalik yulduz o‘sha davr unga qanchalik talofat keltirgani haqida yaqinda xorijlik hamkasblarimizga bergan intervyusida birinchi marta gapirdi.
- «MYU»da ko‘p hollarda norozilik bildirganingizga guvoh bo‘lyapmiz. Buning sababi nimada?
- Faoliyatimda ko‘p marta depressiyani boshdan kechirganman, lekin bu haqda gapirish mumkin emas. E’tirozlarim sababi shunda. Ba’zida tushkunlikka tushganingizni bilmay qolasiz, qamalib olishni, yolg‘iz qolishni xohlaysiz va bu ayni haqiqat.
- Sizdagi depressiya asosan qaysi davrga to‘g‘ri keladi?
- Shaxsan menda bunday holat «Manchester Yunayted» boshiga Mourinyo kelgan paytda boshlangan. Bunday vaziyatda o‘zingizga savol berasiz, «O‘zim aybdormanmi?» deb o‘ylaysiz, chunki hayotingizda hech qachon bunday holatni boshdan kechirmagansiz. Shu kabi salbiy daqiqalar barcha yutuqlarimni unutishimga majbur qilishini xohlamayman, lekin buni uddalash har doim ham oson bo‘lmaydi. Mavjud muammolarga yolg‘iz bardosh bera olmasangiz, boshqa yo‘llarini izlashga harakat qilasiz.
- Vaziyatdan chiqish yo‘llarini qidirasizmi?
- Pet amaki (Evra) va bunday holatni boshidan kechirgan sobiq futbolchilar bilan ko‘p gaplashaman, chunki ular ahvolimni darhol tushunishadi. Sizni tinglashlari uchun gapirish, g‘azabingizga sabab bo‘ladigan barcha salbiy jihatlarni unutish - shaxsan men uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q.
- Chetdan qarab, imkoniyatlaringizdan kelib chiqsak, sizning bunday holatga tushishingiz ajablanarli...
- Albatta, biz juda ko‘p pul topamiz, shikoyatga o‘rin yo‘q, lekin bu sizning o‘sha daqiqalarni boshdan kechirishingizga to‘sqinlik qilolmaydi. Hayotdagi hamma narsada bo‘lgani kabi, ba’zi daqiqalar bosh-qalaridan farqlanadi, murakkab kechadi. Katta pul topayotgan bo‘lsangiz, har doim baxtli bo‘lishingiz shartmi? Hayotda hamma narsa siz xohlagandek kechmaydi. Ammo avval ham aytganimdek, futbolda bu haqda gapirish imkonsiz. Axir biz ham superqahramon emas, oddiy odamlarmiz.
- Shunday ahvolga tushgan futbolchi nimalarni his etadi?
- Futbol - eng ommabop sport turi, sizni har uch kunda baholashadi, har doim yaxshi bo‘lishingiz kerak. Bosh-qalar kabi muammolarga yo‘liqishingiz mumkinligi e’tibordan chetda qoladi. Shubhasiz, bunday daqiqalarda tanangizda, ongingizda qandaydir noto‘g‘ri narsani his qilasiz va bir oy, hatto bir yil davomida o‘zingizni yomon sezishingiz mumkin. Lekin buni gapira olmaysiz, ommaviy ravishda shikoyat qilish imkoniyatingiz cheklanadi. Miyangizda turli fikrlar charx uradi, hammasini aqlingiz boshqaradi.
- Bu kabi bosim va muammolarni yengish imkonini topdingizmi?
- Har bir yuqori saviyali sportchi borki, ayni daqiqalarni boshdan kechiradi, lekin ularning ayrimlarigina bu haqda gapirishadi. Agar ruhiy jihatdan kuchli bo‘lmasangiz, demak, ushbu sport turida sizga o‘rin yo‘q. Bunday sinovlar sizni toblaydi va taslim bo‘lish yaramaydi.
- «MYU»dagi kelajagingiz noma’lumligicha qolmoqda, zero shartnomangiz mavsum oxirida tugaydi. Avvalroq Didye Desham qo‘l ostidagi Fransiya milliy jamoasidan farqli o‘laroq, «qizil iblislar» tarkibida qanday rol o‘ynashingizni bilmasligingizni aytgandingiz.
- Chindan ham, milliy termada murabbiy (Desham) bilan juda yaxshi munosabatdamiz. U menga o‘zim biladigan rolni berdi, vazifam nimaligini aniq bilaman va maydonda shunga ko‘ra harakat qilaman. Lekin «Manchester Yunayted»da-chi? Rosti, bu savolning javobini haligacha topolmaganim yo‘q.
- «MYU» bilan shartnomangiz tugaganidan keyin faoliyatingizni qay taxlit davom ettirmoqchisiz?
- Sovrinlarni qo‘lga kirita olmagan, boy berilgan bu yillar uchun ham g‘alaba qozonish, rivojlanish va orzularimga yetishishni istayman. To‘g‘risini aytsam, so‘nggi besh mavsum meni mutlaqo qoniqtirmadi. Bu yildan ham umid yo‘q, baribir, hech narsa yutmaymiz. Keyingi faoliyatim Manchesterda davom etadimi yoki boshqa klubdami, hamisha sovrinlarni qo‘lga kiritishni xohlayman.
- O‘tgan hafta uyingizga o‘g‘rilar bostirib kirgani, bu paytda farzandlaringiz o‘sha yerda bo‘lgani, shuningdek, jahon chempionligi uchun berilgan oltin medalingizni o‘g‘irlab ketishganini aytgandingiz. Bu ham siz uchun navbatdagi og‘ir zarba bo‘ldimi?
- Asosiysi, farzandlarimning ahvoli yaxshi. O‘g‘irlangan buyumlar haqida gapiradigan bo‘lsam, u yerda onamning taqinchoqlari, jahon chempionligi uchun olgan medalim bor edi. Meni eng qo‘rqitgani - bu voqea paytida ikki farzandimning uyda enagasi bilan bo‘lganligi edi. Enagamiz hammasini eshitibdi va turmush o‘rtog‘imga va qo‘riqchilarga qo‘ng‘iroq qilibdi, so‘ngra bolalar bilan birga xonaga qamalib olishibdi. Shundan so‘ng u bir necha kun shok holatida yurdi.
M.PO‘LATOV tayyorladi