Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Madrid yangi «galaktikos»dan umidvor

Madrid yangi «galaktikos»dan umidvor

Baho:
+1 | -1

Bu mavsumdagi «PSJ»ning o‘z muxlislaridan boshqalarga qizig‘i bo‘lmay qoldi. Jamoa Chempionlar Ligasi va Fransiya kubogini 1/8 final bosqichidayoq tark etdi, Liga 1da esa 12 ochkolik farq bilan yetakchilik qilmoqda, «oltin»ni boy berishi amrimahol. Messi va boshqa yulduzlar Parijga ko‘chib o‘tganidan kelib chiqsak, mavsum finishi bunday ko‘rinish olishini hech kim kutmagani tayin.

2022 yilning yozida «PSJ»da yana bir yangilikni ko‘rishimiz mumkin. Neymarning jamoada qolishi aniq emas, Messining «Barselona»ga ketishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Ammo parijliklar uchun eng katta yo‘qotish Kilian Mbappening ketishi bo‘ladi. U amaldagi shartnomasini uzaytirishdan bosh tortdi. 23 yoshli hujumchini «Real» bilan bog‘lashayotganiga ancha bo‘ldi. Quyida tayyorlanayotgan supertransfer haqidagi asosiy savollarga javob topamiz.

 

Mbappening «Real»ga o‘tishi aniqmi?

Hozircha rasmiy e’lon berilmadi, lekin bu xabarni inkor etishdan ma’ni yo‘q. Marca jurnalisti Ramon Alvaresning yozishicha, Mbappe 30 yanvarda - boshqa klublar bilan muzokara o‘tkazish huquqiga ega bo‘lishi hamono, «Real» bilan shartnoma imzolab ulgurgan. Uning ta’kidlashicha, kelishuv tuzish jarayonida futbolchining vakillari, «Real» bosh direktori va Madrid klubining iqtisodiy masalalar bo‘yicha vise-prezidenti qatnashgan. Hozircha o‘tishning amalga oshgani haqida rasman ma’lumot berilmayapti.

Garchi qog‘ozlarga rasman dastxat qo‘yilmagan bo‘lsada, Mbappening «Real»ga o‘tish bo‘yicha yakuniy qaroriga Madrid jamoasiga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi 1|8 final bosqichidagi o‘yinlar turtki bo‘lgandir, ehtimol. Kilian har ikki o‘yinda gol urdi, lekin jamoasi baribir, turnirni tark etdi. Gap-so‘zlarga ko‘ra, Mbappe va «Real»dagilar o‘rtasidagi munosabatlar yaqinlashmoqda. Misol uchun, o‘yindan keyin u hamyurti Karim Benzema bilan 15 daqiqa suhbatlashgan. Anchelotti va Modrich esa matbuot anjumanida Mbappe haqidagi savolga tabassum bilan javob qaytarishdi. To‘g‘ri, keyinroq murabbiy navbatchi so‘zlarini aytishni ham unutmadi.

Nazariy jihatdan, agar «PSJ» ishonchli va uzoq muddatli loyihani taqdim etganida, Kilian Fransiya poyxatida qolishi mumkin edi. Ammo jamoaning hozirgi holati yulduzlarni to‘plaganiga qaramay, katta muvaffaqiyatlarga erisholmasligini ko‘rsatdi. AS nashrining yozishicha, yozda «PSJ»da katta o‘zgarishlar bo‘ladi - Mbappe bilan muzokaralarni barbod qilgan Leonardoning ketish ehtimoli katta. Klub prezidenti Nosir al Helayfi ham joyini tark etishi mumkin. Umuman, «PSJ»ning ahvoli mujmal, shunday ekan, mavsum startidan farqli ravishda, Mbappeni Parijda qolishga undaydigan sabablar juda kam.

 

Transfer «Real» uchun qanchaga tushadi?

Kilian yozda erkin agentga aylansada, bu «Real»ning mazkur transferdan iqtisod qilishi mumkinligini anglatmaydi. Ispaniyalik insayder Eduardo Indaning yozishicha, Mbappening onasi Fayza Lamari «Real» transfer uchun bonus tariqasida oilaga 150 mln. yevro o‘tkazib berishini talab qilmoqda. AS nashrining qayd etishicha, «qirollik klubi» 60-80 mln. yevro atrofidagi xarajatga qarshi emas.

Ehtimol, «Real» imzo bonusining ortishi evaziga Mbappening maoshidan biroz iqtisod qilishni uddalar. Marca xabariga ko‘ra, Kilian Madrid grandida yiliga 25-30 mln. oladi. Ammo bundanda kattaroq summa qayd etilgan ma’lumotlar ham yo‘q emas. Gap shundaki, yaqinda «PSJ» Mbappega yillik 50 mln. yevro maosh ko‘zda tutilgan shartnoma taklif qilgan, biroq futbolchi rad javobini bergandi.

Kilianning amaldagi kelishuvni uzaytirishga shoshilmayotganidan kelib chiqsak, u faoliyatini «Real»da davom ettirishga moyil. Shunday ekan, uning maosh bo‘yicha talablari adekvatlikka asoslanishi lozim, zero mazkur transferdan klub ham, futbolchi ham manfaatdor. Kutilishicha, Mbappe 5 yillik shartnoma imzolaydi, unga ko‘ra, «Real» yiliga 50-60 mln. yevro (davlat hisobiga 50 foiz soliqni hisoblaganda) sarflaydi. Imzo bonusi ham inobatga olinsa, kelishuv klubga kamida 300 mln. yevroga tushishi mumkin.

 

Mbappedan keyingi  xarid Xolandmi?

Marca nashrida yozilishicha, mazkur summa «Real»ni cho‘chitmayapti. Boz ustiga, klub byudjeti yozda Erling Xolandni ham sotib olish imkonini beradi. Madridda kelishuvning 350 mln. yevro atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda futbolchining 6 yillik maoshi, «Borussiya Dortmund»ga to‘lanadigan 75 mln. yevro (norvegiyalikning shartnomasida aynan shuncha tovon puli ko‘rsatilgan), shuningdek, forvard va uning agenti Mino Rayolaga beriladigan imzo bonusi ham hisoblangan.

Aynan o‘sha Marca tomonidan tarqatilgan boshqa ma’lumotda Peres «Real» bosh direktori va Rayolaning o‘zi bilan maslahatlashgani aytilgan, agent muzokaralarga tayyorligi oshkor bo‘lgan. Moliyaviy tomondan, «Real» hozir yaxshi ahvolda - so‘nggi ikki yil ichida klub biror marta minusga ishlamadi, natijada, bir mavsumdagi maoshlar miqdorining eng yuqori ko‘rsatkichi 739 mln. yevro etib belgilanishiga erishdi. Solishtirish uchun, Xolandni qo‘lga kiritishga da’vogarlardan yana biri hisoblangan «Barselona»da mazkur summa 144 mln.ni tashkil etmoqda.

Qo‘shimcha ravishda, «Real» yozda jamoani tozalamoqchi, qo‘lga kiritilgan pullarga esa tarkibni sifatli tarzda kuchaytirmoqchi. Mavsum oxirida shartnomasi muddati tugaydigan Beyl, Marselo va Isko klubni tark etishadi. Eden Azar, Luka Yovich hamda Dani Sebalyos singari futbolchilar transferga qo‘yiladi. Shuningdek, ijarada to‘p surayotgan Braim Dias va Takefusa Kuboga ham xaridor qidiriladi.

«Real» bularning barini hozirgi avlod vakillari orasidagi eng salohiyati yuqori ikki futbolchini qo‘lga kiritish va keyingi bir necha yil uchun jamoaning hujumdagi imkoniyatlarini orttirish maqsadida amalga oshirmoqda. Agar Peres rejasi amalga oshsa, yangi «galaktikos» tuzilishidan so‘z ochsak bo‘laveradi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:20, 06.04.2022.
O'qildi: 6004 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.