Madridliklar bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ertaga bo‘lib o‘tadigan «Xetafe»ga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida bir qator qiziq savollariga javob berdi.
U o‘z futbolchilarining tayyorgarligi va Chempionlar ligasi o‘yinidan so‘ng o‘yinchilarning o‘zini qanday tiklay olgani haqida gapirib o‘tdi hamda jamoaning mavsumdagi natijalariga baho berdi.
Qayta tiklanish haqida
Futbolchilar tiklanishda davom etmoqda. Bu hali to‘liq bajarilgani yo‘q, ammo bizda dam olish va «Xetafe» bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun hali bir kun vaqt bor. Bu La Ligadagi muhim o‘yin, biz g‘alaba qozonishda davom etishimiz kerak. Shubhasiz, biz yaxshi o‘ynashimiz va uch ochko olishimiz shart.
Karim Benzema haqida
Benzemada tajriba katta, ammo u o‘sishda davom etishi kerak. Yillar davomida uning xarakteri, maydonda va undan tashqaridagi yetakchilik fazilatlari faqat yaxshilanganini ko‘rishingiz mumkin. U har doim ajoyib formada bo‘lgan, lekin ayni paytda ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Karim jamoa uchun muhim futbolchi, chunki u xarakter va yetakchilik fazilatlarini ko‘proq namoyon qila oladi.
Mendi, Azar va Yovichning holati haqida
Mendi bugun mashg‘ulot o‘tkazmadi, u charchagan edi, shuning uchun biz unga bugun sport zalida individual dastur bo‘yicha mashq qilish yaxshiroq degan qarorga keldik. Unda hech qanday jarohat yo‘q, ertaga uning o‘yinga tayyorgarligini baholaymiz. Yovich hali ham to‘pig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda, ammo qolgan futbolchilar mutlaqo sog‘lom. Operasiyadan so‘ng Azar sekin-asta tuzalib bormoqda.
Jamoaning jismoniy holati haqida
Atrofdagi turli gaplarga quloq solmayman, faqat statistika va mashg‘ulotlarga e’tibor beraman. Men hech qachon jismoniy tayyorgarlik nuqtayi nazaridan meni tashvishga soladigan biror ortiqcha narsani sezmaganman. Tibbiyot xodimlarining ishi a’lo darajada.
Chempionlar ligasi va La Liga haqida
O‘ylaymanki, biz tez orada tiklanamiz. Jismoniy tayyorgarlikdan tashqari, bu yerda psixologik jihatlar ham bor. Agar «Chelsi» bilan bo‘lganidek, o‘yinga kuchli ruhan tayyorgarlik ko‘ra olsak, La Ligadagi qolgan bahslar umuman qiyinchilik tug‘dirmaydi. Futbolchilarning ishonchini qaytarish kerak. Ularning diqqatini jamlash va motivasiyasini saqlab qolish uchun biroz ko‘proq vaqt talab etiladi, ammo bu imkonsiz emas. Yanvar oyida «Xetafe» bizni mag‘lub etgan edi. Biz raqiblarimizga munosib hurmat ko‘rsatishimiz kerak.
Benzemani boshqa hujumchilar bilan solishtirish
Turli davrdagi futbolchilarni solishtirish qiyin. Ularning barchasi o‘z davrida ajoyib hujumchilar bo‘lgan. Agar siz Karimni Van Basten bilan taqqoslasangiz, xarakter va sovuqqonlik borasida farqlarni bemalol ilg‘ashingiz mumkin.
Men o‘zimga baho bera olmayman. Men o‘z ishimni eng yaxshi tarzda bajarishga harakat qilaman. Bu klub haqiqatan ham meni maksimal darajada ishlashga undaydi, qandaydir sovrinni yutishimiz mumkinmi yoki yo‘q, mavsum oxirini kutishimiz kerak.
Jamoa natijalari haqida
Jamoadagi barcha hozir qo‘lidan kelgan ishni qilmoqda. Biz mavsum so‘ngida yuz foizlik natija ko‘rsata olamizmi yoki yo‘q buni bilmayman. Ammo jamoa o‘z oldiga qo‘ygan barcha natijalarga erishmoqda, bizda La Ligada hozircha yetarlicha ustunlik bor, mavsum oxirida biz yaxshi holatda bo‘lishimizga ishonaman. Biz tortni pishirdik, endi uni krem bilan qoplash qoldi.
Men hozir ancha xotirjamman. Umuman olganda omadliman deb ayta olaman. Agar jamoa g‘alaba qozonsa, natija futbolchilarniki. Agar mag‘lub bo‘lsa, natija murabbiyniki bo‘lishi kerak, azaldan shunday. Jamoang mag‘lub bo‘lgandagina murabbiy sifatida hammaga yomon imijda ko‘rinib qolasan. Sen agar «Real»ning murabbiyi bo‘lsang, ehtiyot bo‘lishing zarur. Murabbiylar uchun «Real Madrid» dunyodagi eng yaxshi klub. Ammo bu yerda tanqidlarni qabul qilish ancha qiyin bo‘ladi. Menda bu bilan hech qanday muammo bo‘lmagan. Mavsum yakunida klub ishimni baholab, so‘nggi qarorni chiqaradi. Men bu yerdagi har bir lahzamdan zavq olaman va o‘zimga berilgan imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qilaman.
Garet Beyl haqida
Garet hozir yaxshi holatda. U buni Uelsga qarshi o‘yinda ko‘rsatdi. Garet o‘ynashga tayyor. U o‘ziga ishonadi va Madriddagi so‘nggi mavsumini chiroyli yakunlamoqchi. Oxirgi paytlarda u haqiqatan ham ko‘plab muammolarga duch keldi, yetarlicha o‘ynay olmadi. Ammo Garet o‘zining o‘yinlari, gollari va g‘alabalari bilan Madrid tarixiga kirdi.
Valverde va uning o‘yin uslubini qay tarzda o‘zgartirayotgani haqida
Bizning tizimimiz futbolchilarning xususiyatlariga asoslangan. Taxmin qilish mumkinki, Valverde qanot hujumchisidek o‘ynay oladi, lekin u ko‘proq pozisiyasini o‘zgartirib turadi. Maydon markazini o‘zgartirish juda qiyin. Jamoamiz uchun markazdagi uchta yarim himoyachi alohida ahamiyatga ega. Shuni ham hisobga olish kerakki, Vinisiusdek o‘yinchi qanotda o‘ynashni afzal ko‘radi, 4-4-2 sxemasida esa himoyaviy vazifalar ko‘proq bo‘ladi.
Benzema Mbappe yoki Xolandning Madridga transfer bo‘lishiga qarshilik qiladimi?
Benzemaning yoshi o‘tib borayotganini hisobga olsak, uning jamoadoshi keyinchalik kim bo‘lishi muhim emas. Karim Karim bo‘lib qolaveradi - u klubning eng muhim o‘yinchilaridan biri», - deydi Anchelotti.