Kecha Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finali doirasida "Manchester Siti" klubi Madridda «Atletiko» mehmoni bo‘ldi va qiyinchilik bilan yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda Kevin de Bryuyne hamda Kayl Uoker jarohat olishdi, sariq kartochkalari ko‘payib ketgani sababli Joau Kanselu «Real»ga qarshi birinchi bahsni o‘tkazib yuboradi.
Shunga qaramay, «Siti» yarim finalda eng kuchli ikki jamoadan biri sifatida qaralmoqda. Jamoaning uzatmalar bo‘yicha ishlanmasi va kuchli bosimiga dosh bera oladigan jamoalar deyarli qolmadi. Bundan tashqari, o‘tgan mavsum «Portu» stadionidagi chempionlik uchun kurashdagi mag‘lubiyati, bu mavsum jamoa yanada kuchli o‘ynashiga sabab bo‘lmoqda.
Ularning yarim finaldagi raqibi «Real» klubi hisoblanadi. «Siti» Madrid klubi bilan 6 marta to‘qnash kelgan va ikkitadan g‘alaba, durang, mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbatida ham tenglik - 7:7.
UYEFA reytingidagi o‘rni: 2
Yevrokuboklardagi eng yaxshi natijasi: finalchi (2020/21)
O‘tgan mavsum finalda: «Chelsi»ga mag‘lubiyat, 0:1
O‘tgan mavsum yarim finalda: g‘alaba, umumiy 4:1, «PSJ»
Bu mavsum Chempionlar Ligasida 6 g‘alaba, 2 durang, 2 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati - 24:10.
To‘purar: Riyad Mahrez (6 gol)
Chorak final: umumiy 1-0, «Atletiko»
1/8 final: umumiy 5-0, «Sporting»
A guruhi g‘olibi
«Siti» Pep Gvardiola uslubida o‘ynaydi. 4-3-3 taktikasiga to‘liq asoslangan va to‘p bilan muomala qilish bo‘yicha peshqadam hamda uzatmalar tezligi bilan jamoalarni yutadigan klub hisoblanadi. Bundan tashqari, Kevin de Bryuyne, Fil Foden kabi ijodkor o‘yinchilarga ega klub. Belgiyalik yarim himoyachi joriy mavsumni jarohati bois kechroq boshlgan bo‘lsa ham, o‘zining eng yaxshi formasiga qaytib olgandi va chorak finalda hal qiluvchi golni kiritdi. Lekin, kechagi bahsda jarohat oldi.
Bosh murabbiy Pep Gvardiola Chempionlar Ligasi yarim finaliga 9 marta chiqqan ilk murabbiyga aylandi. U mazkur musobaqada ikki bor g‘alaba qozongan. 2009 va 2011 yillarda mutaxassis «Barselona» bilan chempionlikni nishonlagan.