Ushbu hafta bir necha sabablarga ko‘ra, Yevropada katta futbol bayramiga aylanadi. Bizni oldinda bir-biridan qiziq bo‘lgan futbol oqshomlari kutmoqda. Quyida e’tiboringizga haftaning eng muhim voqealari jamlanmasini havola etamiz.
YECHL. «Manchester Siti» - «Real»
«Real Madrid» barcha musobaqalardagi so‘nggi uchta safar o‘yinida uchtadan gol urib kelmoqda. Ular «Stemford Brij»dan ham katta g‘alaba bilan qaytgan edi. Shunday ekan, Anchelotti shogirdlari qanday qilib raqibni dog‘da qoldirish mumkinligini yaxshi biladi. Shuningdek, jamoa hujumida Karim Benzemadek katta gol quroli mavjud. 34 yoshli qahramonimiz faoliyatidagi eng yaxshi mavsumlardan birini o‘tkazmoqda va «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogar vakil sanaladi.
Pep Gvardiolaning o‘ta tartiblangan jamoasi esa YECHLdagi so‘nggi 4 ta bahsda gol o‘tkazib yubormay g‘alaba qozongan. Ammo hujumida Benzema va Vinisius kabi nomlar bor «Real»ga qarshi bu oson kechmasligi aniq albatta. «Manchester Siti» chorak finalda «Atletiko»ni Simeonening uslubida tor-mor keltirgan edi. Endi esa ularga Ispaniyadagi eng kuchli raqib ro‘baro keladi. Shunday ekan, bugun tunga popkorn va ichimliklarni tayyorlab qo‘yavering...
YECHL. «Liverpul» - «Vilyarreal»
Klopp jamoasi o‘zi qatnashayotgan barcha musobaqalarda yurishini davom ettirmoqda. Ularning mersisayd derbisidagi «Everton» ustidan g‘alabasi, APL chempionligi uchun kurashini yanada alangalanishini ta’minladi. Endi esa «Liverpul» hafta o‘rtasida, yarim final bahsining ilk bosqichida «Vilyarreal»ni o‘z maydonida qabul qiladi. «Sariq suvosti kemasi» yarim finalga qadar «Yuventus» hamda «Bavariya»ni dog‘da qoldirgandi. Shunday ekan, ularni mensimaslik – katta kulfat keltirishi mumkin. Biroq «Enfild»dagi tun ko‘p narsani anglatadi. Muxlislar jamoasini qanday qo‘llashini yaxshi bilamiz. Bu tunda raqib tomon murabbiyi Unai Emeri ham katta sinovdan o‘tib olishi kerak.
APL. «MYU» - «Chelsi»
«Qizil iblislar»ning joriy mavsumni eng omadsizi sifatida qaralmoqda. Xususan, so‘nggi o‘yindagi «Arsenal»ga mag‘lubiyat, kuchli to‘rttalik uchun qolgan zarra umidni ham yo‘qqa chiqardi. «Chelsi» esa ketma-ket uchta uy o‘yinidagi mag‘lubiyatdan keyin «Vest Xem» to‘sig‘idan ammalab uch ochko bilan o‘tib oldi (1-0). Shu sabab bu to‘qnashuv nimanidir hal qilib bermasligi mumkin. Ammo har ikki tomonga ochkolar juda ham zarur bo‘lib turibdi. Ikki gigant to‘qnashuvi esa doimo qiziq bo‘lgan.
YEL. «Vest Xem» - «Ayntraxt Frankfurt»
Devid Moyesning «bolg‘achilar»i hali-hamon Yevrokuboklarda sobitqadamlik bilan davom etmoqda. Shu bilan bir paytda esa jamoa APLda 7 o‘ringa tushib ketdi va himoyada katta muammolari mavjud. Xususan, Kreyg Douson «Chelsi»ga qarshi ӯyinda qizil kartochka olgandi. Ammo u yarim finalning birinchi bahsida jamoasiga yordam bera oladi. Biroq, Douson tarkibdagi yagona markaziy himoyachi bo‘lib turibdi. Shunday ekan, London klubiga yana bir «nemis mashinasi»ni buzish oson kechmaydi. «Ayntraxt» esa chorak finalda «Barselona»ni turnir bilan xayrlashishga majbur qilgan.
La-liga: «Sevilya» - «Kadis»
«Kadis» muxlislari o‘z jamoalari bilan faxrlansa arziydi. Chunki klub so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyati orqali elitada qolish imkoniyatlarini oshirib oldi. Janubi-g‘arbiy ispaniyaliklar ayni damda xavfli zonadan tashqarida va 1 ochko ularni ajratib turibdi, xolos. Mavsum yakunlanishiga esa 5 ta tur qoldi. «Kadis» so‘nggi turlarda «Barselona»ni hamda YECHL yarim finalchisi bo‘lgan «Vilyarreal»ni «uxlatgan» edi. Shu sabab, jamoa «Sevilya» maydoniga optimistik ruhda boradi. «Ramon Sanches-Pisxuan» stadioni esa hech qaysi raqib uchun oson joy bo‘lmagan. Ayniqsa, uning egalari Yevrokuboklar uchun kurashayotgan bir paytda...
ISMATOV J.