Italiya. «A» seriya 37-turidan o‘rin olgan «Roma» - «Venesiya» o‘yinida 1:1 hisobi qayd etildi.
Asosiysi, 60-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Eldor Shomurodov 10ta o‘yinga cho‘zilgan golsiz seriyasiga chek qo‘yish barobarida Rim jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Hamyurtimiz 76-daqiqada chiroyli uzatma orqali Manuel Pellegrinini zarba yo‘liga chiqardi va darvozabondan qaytgan to‘pni to‘rga yo‘lladi. U oxirgi marta 19 yanvar kuni Italiya kubogi doirasida «Lechche»ga qarshi kechgan o‘yin (3:1)da gol urgandi. 26 yoshli hujumchimiz «A» seriyada esa o‘tgan yilning dekabridan buyon ilk marta gol muallifiga aylandi. Mashhur Sofascore portali legionerimizning o‘yinini 7,4 ballga baholadi (3-yaxshi ko‘rsatkich).
Aytgancha, Eldor Shomurodov bahsdan so‘ng Corriere dello Sport’ga fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Men murabbiyga kerak bo‘lgan vaqtda har doim shay turishga harakat qilaman. Muxlislarimiz qarshisidagi muhim o‘yinda maydonni bir ochko bilan tark etishimiz afsuslarnarli, chunki maqsadimiz «Venesiya»ni mag‘lub etib, turnir jadvalida Yevropa ligasi yo‘llanmasini naqd qilish edi.
Shunga qaramay, jamoam bilan faxrlanaman. Biz oxirigacha kurashdik. Kelasi bahsda ham faqat g‘alaba haqida o‘ylashimiz kerak. Keyin esa Konferensiyalar ligasi finaliga hozirlik ko‘ramiz», - deydi o‘zbekistonlik hujumchi Corriere dello Sport muxbiri bilan suhbatda.
«Roma» A Seriyadagi 37 o‘yindan keyin 60 ochko bilan hozircha 6-o‘rinda bormoqda. Joze Mourinyo shogirdlari turnirdagi so‘nggi o‘yinini 20 may kuni «Torino»ga qarshi safarda o‘tkazadi.
UYEFA Konferensiyalar ligasi finali doirasidagi «Feyenord»ga qarshi uchrashuv esa 25 may, chorshanba oqshomida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, Eldor A Seriya joriy mavsumida 27 o‘yinda o‘z hisobiga 3ta gol yozib qo‘ygan.
Belarus. «Energetik-BGU» mamlakat chempionati Oliy Ligasi 8-turida «Minsk»ni qabul qilib, 2:0 hisobida ustun keldi. «Talabalar»ning ikkinchi goli 90}2-daqiqada zaxiraga olingan Bobur Abduxoliqov hisobiga yozildi (penaltidan). Endi hamyurtimiz hisobida 9ta gol bor va u to‘purarlar poygasida mutlaq peshqadam. «Energetik-BGU» safidagi Abduqodir Husanov va Shohruh Abdurahmonov esa ushbu g‘alabaga 90 daqiqalik faollik bilan hissa qo‘shishdi. Aytgancha, Abduxoliqovga Turkiya va Polsha klublaridan qiziqish bor. Xabarlar oqimiga qarasak, gap Turkiya Birinchi ligasi ishtirokchisi «Samsunspor» va Polsha yuqori divizioni vakili haqida ketmoqda.
Rossiya. «Ufa» muhim o‘yinda «Arsenal»dan 3 ochko tortib oldi - 2:1. Jamoa yarim himoyachisi Oston O‘runov bu uchrashuvda 85-daqiqagacha harakatlanib, gol hammuallifiga aylandi. Ibroxilxalil Yo‘ldoshevning klubi - «Nijniy Novgorod» esa safarda «Sochi» bilan bahsda 0:0 hisobini qayd etdi. Uchrashuvning 72-daqiqasida maydonga tushgan hamyurtimiz sariq kartochka olishga ulgurdi.
BAA. «Sharja» o‘z maydonida «Xorfakkan»ni 3:1 hisobida yenggan o‘yinda milliy jamoamiz yarim himoyachisi Otabek Shukurov «dubl»ga erishdi. Avvaliga kuchli zarba bilan raqib darvozasini nishonga olgan hamyurtimiz keyin penaltidan foydalandi. «Sharja» shu tariqa ochkolari sonini 48taga yetkazib, turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarildi. Mavsum tugashiga 3ta tur bor va Shukurov jamoasi peshqadam «Al-Ayn»dan 7 ochko ortda qolmoqda.
Eron. «Fulad» mehmoni bo‘lgan «Istiqlol» 2:1 hisobida ustun kelib, finishga 3 tur qolgan pallada chempionlikni rasmiylashtirdi. Biroq klub safidagi Aziz Amonov chempionlik bahsida maydonga tushmadi. 2-o‘rinda borayotgan «Persepolis» (Sherzod Temirov jamoasi) esa o‘z maydonida «Sepahon»ga yutqazib, kumush medal uchun intrigani kuchaytirdi. Hozirda bu klubni 2 ochko ajratib turibdi.