Argentinalik futbolchi ko‘zlarida yosh bilan turinliklar bilan xayrlashdi.
Dushanba kuni "Lasio" bilan uy uchrashuvida "Yuventus"ning ikki yulduzi Jorjyo Kyellini va Paolo Dibala muxlislar bilan xayrlashdi. Ular shunchaki boshqacha tarzda ketishdi. Italiyalik faxriy futbolchi faoliayatini yakunlaydi yoki MLSda o‘zini sinab ko‘radi. Argentinalik futbolchi esa o‘zining ulkan iste’dodini to‘liq ro‘yobga chiqarmagan holda Turin bilan xayrlashdi.
Negadir biz Dibalaning allaqachon 28 yoshda ekanligini payqamay ham qoldik va ko‘pchilik uchun u haqiqiy super yulduzga aylanmoqchi bo‘lgan istiqbolli futbolchi bo‘lib qolmoqda. Balki uning imkoniyatini haddan tashqari oshirib yuborishgandir, lekin obro‘li odamlar o‘z baholarida adashishgan bo‘lishi mumkin emas. Masalan, Alessandro Del Pero Dibalani o‘zining merosxo‘ri deb atagan. Karlo Anchelotti bir necha yil avval argentinalik futbolchining iqtidori noyob ekanligini, uni hech kim bilan solishtirib bo‘lmasligini, kelajakda u va Neymar yangi Lionel Messi va Krishtianu Ronalduga aylanishi mumkinligini aytgandi. 2017 yil aprel oyida "Yuventus" Chempionlar ligasida "Barselona"ni mag‘lub etganida, Tuttosport qiziqarli sarlavha bilan chiqqandi: "Messi kim? Marslik daho bu - Dibala".
Argentinalik futbolchi muxlislarga xayrlashuv maktubida yetti ajoyib yil, 12 sovrin va 115 golni hech kim tortib ololmasligini yozganida, u haq edi. Ammo u ko‘proq narsaga qodir ekanligi aniq. Va "Yuventus" kelishilgan shartnoma bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatganida, gap nafaqat moliyaviy masalalarda edi, balki klub haqiqatan ham muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqdaligi ko‘rinib qoldi. Biroq, "Fiorentina"dan Federiko Kyezaning sotib olinishi, qishda Denis Zakariya va Dushan Vlahovichning va undan oldinroq Manuel Lokatelining shartnoma imzolashi hammasi unchalik achinarli emasligini ko‘rsatadi.
“Byankoneri” sport direktori Pavel Nedvedning so‘zlari shundan dalolat beradi. O‘z so‘zining oxirida Dibalaning ajoyib futbolchi ekanligini ta’kidlab o‘tgan chexiyalik mutaxassis shunday dedi: "Biz futbolchini har tomonlama baholadik, u bizga maydonda va undan tashqarida nimalar berayotganini o‘rgandik, loyihamizga qo‘shgan hissasini hisobga oldik. U katta umidlarga ega, buni tushunish mumkin, chunki u aql bovar qilmaydigan futbolchi. Ammo biz uning talablarini qondirishga tayyor emasligimizni his qildik, shuning uchun biz yo‘llarimizni ajratishimiz tabiiy”.
"Palermo"dan o‘tgandan keyingi dastlabki uch mavsum Dibalaning Turindagi faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘ldi. U birinchi mavsumni A Seriyada 19 ta gol bilan boshlagan. Keyin 2017/18 yilgi chempionatda u shaxsiy rekordini 22 golga yetkazdi. Va keyin Krishtianu Ronalduning transferi sodir bo‘ldi, u bilan Dibala maydondan tashqarida juda yaxshi munosabatda edi, lekin aslida maydondagi holat ancha yomonlashdi.
Ronaldu almashtirib bo‘lmaydigan futbolchi, lekin himoyaviy harakatlarda qatnashmaydigan ikki futbolchi hatto "Yuventus" uchun ham ortiqchalik qilardi. Murabbiy hatto Dibalani sotishni ham talab qildi, ammo oxir-oqibat uning o‘zi klubdan ketdi. Allegri qaytganida esa futbolchiga maydonda joy topish bo‘yicha ikkinchi urinish ham muvaffaqiyat keltirmadi. Va taxmin qilish mumkinki, Dibala bilan ajralishni tugallangan romantika bilan falsafiy taqqoslagan Maksning fikri ham yangi shartnomani rad etish qarorida hisobga olingan.
Superyulduzlar bilan esa argentinalik omadsiz ekani aniq. Terma jamoada Messi bor. Qaysidir payt Dibalaning o‘zi ham ular bilan birga o‘ynash qiyinligini tan oldi. Leo esa vaziyatni juda xotirjam qabul qildi. Argentina terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Xorxe Sampaoli ham o‘zining “yovvoyi” taktik fantaziyasi bilan mundial yo‘llanmasi uchun kurashda tajriba o‘tkazishga vaqt yo‘qligini tan olib, Dibala bilan jamoa qurishga jazm etmagandi.
Messining terma jamoadagi ilk sovrini haqidagi orzusini ro‘yobga chiqargan Lionel Skaloni optimistroq edi va bu ikki yulduz bir-biriga mos kelishiga ishondi. Murabbiy unga vaqt kerakligini aytdi, biroq bir necha yil ichida hech narsa o‘zgarmadi. Shuni ta’kidlash kerakki, Dibala har doim o‘z imkoniyatlarini ehtiyotkorlik bilan baholagan. U nafaqat Messi bilan o‘ynash qiyinligi haqida gapirdi, balki APL unga uslubiy jihatdan mos kelmasligini va Angliyaga ko‘chib o‘tishga ishtiyoqi yo‘qligini ham tan oldi.
Shuning uchun, "Manchester Yunayted", "Arsenal" va "Nyukasl" vakillari bilan olib borilgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xuddi shu narsa Bundesliga va Dortmundning "Borussiya"siga ham tegishli. Dibalaning qulay zonasi Italiya, shuning uchun keyingi mavsumda deyarli yuz foizlik ehtimol bilan biz uni "Inter" libosida hujumchini ko‘ramiz. Va u Milan jamoasining asosiy figurasiga aylanib, loyiha markazida bo‘ladi yoki o‘z rivojlanishida yuqori cho‘qqiga yetib bormagan iste’dodli o‘yinchi bo‘lib qoladi.