2021-2022 yilgi mavsum deyarli ortda qoldi. Mavsum so‘ngida eng yaxshi futbolchilar sovrinlar bilan mukofotlanadi. Hozirga qadar biz kutgan futbolchilar, porlashi shart bo‘lgan nomlar ishonchni oqlamadi. Bunga ayrim pallalarda shaxsiy muammolar, boshqa paytlari esa jarohatlar sabab bo‘lgandi. Ammo ular kelasi mavsumga qattiq tayyorgarlik ko‘rishi tayin. Quyida ana shunday futbolchilarning ayrimlari haqida so‘z boradi.
Leroy Sane
Garchand u o‘zi istagani kabi Germaniyada chempionlik nomiga sazovar bo‘lsa ham, Sane uchun mavsum o‘zi xohlagani kabi kechmadi. Ayrim pallalarda "Bavariya" uni sotishi bilan bog‘liq xabarlar ham bo‘y ko‘rsata boshladi. Ammo Sane o‘z jamoasida qolsa, futbolchi endi o‘zidan nimalar kutilayotganini biladi. Uning murabbiyi Nagelsmann hamda klub Sanedan ko‘proq narsa kutishi tayin. Shu sabab vinger yangi mavsumni katta shijoat bilan boshlaydi.
Luis Dias
Bugungi kunga qadar mavsum yarmida sotib olingan futbolchilar ichida Dias xaridi eng yaxshisi bo‘lib turibdi. Kolumbiya terma jamoasi a’zosi APL shiddatida yo‘qolib ketmadi. U "Liverpul"ga anchagina yordam berdi. Shu sabab uning transferini o‘ta foydali, aqlli hamda kelajak uchun kerakli deya e’tirof etish mumkin. Dias kelajakda Mane hamda Salox o‘rnini osonlikcha bosa oladi.
Pedri
2020-21 yildagi fantastik o‘yinlaridan keyin Pedriga ko‘z tegdi chog‘i, bu mavsumda jarohatdan boshi chiqmay qoldi. Uzoq vaqtlik davolanishlar va tanaffusdan keyin, 19 yoshli yarim himoyachi keyingi mavsum uchun "Barselona"ga yordamga oshiqadi. Pedri Xavi hamda Inyesta kabi "La Masiya" tarbiyalanuvchisidir. Shu sabab, ko‘pchilik undan kelajakda katta narsalar kutadi.
Filippe Koutinyo
Koutinyo qishda APLga qaytishni amalga oshirdi. U "Barselona"dagi yo‘qotishlarga boy va "qimmat" davridan keyin, "Aston Villa" futbolchisiga aylandi. Endilikda u sobiq jamoadoshi Stiven Jerrard bilan birga ishlaydi. Bu esa tez orada braziliyalikni yana yuksak pog‘onaga olib chiqishi mumkin. Xarholda, bu juftlik bir paytlar "Liverpul"ni birga torta olgan. Yana kim biladi deysiz...
Koutinyoning debyut mavsumi yomon bo‘lmadi.
Romelu Lukaku
Romelu Lukaku uchun keyingi mavsum qayerda o‘ynashidan qat’iy nazar, bunisidan yaxshi bo‘ladi. Negaki, belgiyalikning APLga, "Chelsi"ga qaytishi kutilganidek kechmadi. Bunga avvaliga, jarohat, keyin esa, koronavirus, qolaversa, italyan ommaviy axborot vositasiga bergan "yopishmagan" intervyusi sabab bo‘ldi. Ammo hujumchi ushbu mavsum oxirida bo‘lsa ham, uyg‘onishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa Lukakuning keyingi mavsumdagi muvaffaqiyatli odimlaridan darak beradi.
ISMATOV J.