Yana Parij
Buyuk tarixga ega bu ikki klub Parij finalida ilk bor to‘qnash kelishi emas. 1981 yil, musobaqa hali Chempionlar Kubogi deb atalgan vaqtda «Real» va «Liverpul» finalda o‘zaro bahs yuritadi. Parijda kechgan o‘yinda ingliz klubi g‘alaba qozonadi. Bu «Real» uchun YECHK/ECHL finallaridagi so‘nggi mag‘lubiyat bo‘lib qolmoqda. Undan keyingi yettita finalda madridliklar faqat g‘alabaga erishgan. Qizig‘i, «Liverpul»ning YECHL finallaridagi so‘nggi mag‘lubiyati ham «Real»ga qarshi o‘yinda (2018 yil) bo‘lgan.
Xullas, o‘xshashlik va parallellar juda ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda munosib raqiblar bir-biriga to‘qnash kelmoqda. Oldindan natijani taxmin qilish juda qiyin, hammasi maydonda hal bo‘ladi.
YECHL | Final
28 may, shanba | 00:00
«Liverpul» Angliya — «Real» Ispaniya
Final sari yo‘l
Har ikki jamoa finalga qadar bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan «so‘qmoqlar»ni bosib o‘tdi. «Liverpul»ga guruhda qiyin raqiblar tushib qoldi: «Milan», «Altetiko» va «Portu». Biroq Klopp jamoasi guruhni 100 foizlik natija bilan yakunlab, raqiblariga imkon qoldirmadi. Plef-off bosqichida esa daraja jihatidan nisbatan past bo‘lgan jamoalar duch keldi: «Inter», «Benfika» va «Vilyarreal». «Qizillar» klassdagi ustunlikni namoyish qilgan holda, bu raqiblardan o‘tishni uddaladi.
«Real»da esa start «engil vazn toifasi» jamoalariga qarshi bo‘ldi va madridliklar «Sherif», «Shaxtyor», «Inter» kabi jamoalar o‘rin olgan guruhda faqat bir marta yutqazdi — o‘sha Jasur Yaxshiboyev «Santyago Bernabeu»da gol urgan o‘yinda. Pley-off qur’asi esa ispan grandiga ketma-ket qiyin raqiblarni ro‘baro‘ qildi. Qur’a jarayonidagi kulguli xatolik sabab dastlabki natijalar bekor qilindi va keyingi urinishda «Benfika» o‘rnini «PSJ» egalladi. Uning ketidan amaldagi chempion «Chelsi» va «quturgan» «Manchester Siti». Biroq «Real» o‘yindan-o‘yinga super remontadalarni amalga oshirib, nomdor raqiblarini ortda qoldirdi. «Madrid» o‘tgan mavsumning barcha yarim finalchilarini uyiga kuzatib qo‘ydi.
Daho murabbiylar to‘qnashuvi
Karlo Anchelotti va Yurgen Klopp shu vaqtga qadar Chempionlar Ligasida o‘zaro olti marta to‘qnash kelgan. Ularning uchtasida Karloning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, ikkitasi Klopp foydasiga hal bo‘lgan, yana bitta o‘yinda durang qayd etilgan.
Klopp shu vaqtga qadar «Real»ga qarshi 9 o‘yin o‘tkazib, ularning bor-yo‘g‘i uchtasida g‘alaba qozongan. To‘rtta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, ikkitasida durang qayd etilgan. Anchelotti esa «Liverpul» bilan 16 bor to‘qnash kelgan: 8 g‘alaba, 5 mag‘lubiyat, 3 durang.
Bu Anchelotti hayotidagi 8-final bo‘ladi (o‘yinchi va murabbiy sifatida). Ularning to‘rttasida raqib — «Liverpul». Mutaxassis bundan avvalgi uchta o‘yinda ikkita mag‘lubiyat (bir marta o‘yinchi, bir marta murabbiy sifatida) va bitta g‘alaba (murabbiylik davrida) qayd etgan.
«Oltin to‘p» taqdirini hal qiladigan o‘yin
Finalda futbol olamidagi eng nufuzli sovringa da’vogar bir yo‘la uch futbolchi ishtirok etadi. Yaqqol favorit bo‘lib turgan Karim Benzemaga qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ikki futbolchi qoldi. Bular «Liverpul»ning afrikalik yulduzlari — Muhammad Saloh va Sadio Mane.
«Liverpul» Benzemaning YECHLdagi «sevimli» jamoalaridan biri. Fransuz shu vaqtga qadar musobaqa doirasida «qizillar» darvozasiga to‘rtta to‘p kiritgan. Hech qaysi futbolchi Chempionlar Ligasida «Liverpul»ga bundan ko‘p gol ura olmagan. Karim bu o‘yinga qadar qatorasiga beshta o‘yinda gol urdi: «PSJ», «Chelsi» va «Manchester Siti»ga qarshi bahslarda jami 10 ta gol urildi.
«Liverpul»ning super hujumchilari ham yomon formada emas. Muhammad APLda mavsum yakunlariga ko‘ra eng yaxshi to‘purar va eng yaxshi assistent bo‘ldi. Saloh 2018 yilgi final uchun alam olish istagida ekanligini yashirib o‘tirmayapti. Mane esa «Oltin to‘p» kurashida g‘olib chiqish niyati borligiga shama qilmoqda. Xullas, motivasiya o‘zining eng cho‘qqisiga chiqqan.
Tarkib va yo‘qotishlar
«Real» ushbu o‘yinga deyarli ideal holatda keldi. So‘nggi kunlarga qadar faqat David Alabaning qayta olishi borasida savollar bor edi. Avstriyalik futbolchining finalga shayligi aytilmoqda.
«Liverpul»da esa vaziyat boshqacha Tiago Alkantaraning o‘yinda qatnasha olishi masalasi katta so‘roq ostida turibdi. Fabinyo, Virjil van Deyk va Saloh ham jarohatdan tiklanib, safga qaytgan. Biroq ular o‘yinga qay darajada tayyorligi noma’lum.
Taxminiy boshlang‘ich tarkiblar:
«Liverpul»: Alisson, Robertson, van Deyk, Konate, Trent, Fabinyo, Nabi Keyta, Henderson, Luis Dias, Saloh, Mane.
«Real»: Kurtua, Mendi, Militao, Nacho, Karvaxal, Kazemiro, Modrich, Kroos, Valverde, Vinisius, Benzema.
Statistika va qiziqarli faktlar
— «Real» YECHL/ECHK finali doirasida to‘rtinchi marta Parijda o‘ynaydi. Bundan avval «Reyms» (1956) va «Valensiya»ni (2000) yutgan bo‘lsa, «Liverpul»ga (1981) yutqazgan;
— Saloh joriy mavsum barcha musobaqalar doirasida 47 ta o‘yin o‘tkazib, 31 gol va 16 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Benzema esa 59 o‘yinda 44 ta gol va 15 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan;
— «Real» eng nufuzli Yevrokubok musobaqasida o‘zining 17-finalini o‘tkazadi. Bunga qadar Madrid klubi 13 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. «Real» boy bergan finallar «Benfika», «Inter» va «Liverpul»ga qarshi o‘tgan;
— «Qizillar» uchun bu 10-final bo‘ladi. «Liverpul» ularning oltitasida g‘alaba qozonib, titulni qo‘lga kiritgan, uchtasida esa imkoniyatni boy bergan;
— «Liverpul» qatorasiga beshta o‘yindan beri «Real»ni yengga olmayapti: 4 mag‘lubiyat, bir durang;
— 2013 yildan hozirga qadar YECHLda g‘olib chiqqan jamoa safida kamida bir nafar xorvatiyalik o‘yinchi bor. Mazkur finalchilar orasida faqat «Real»da xorvat o‘yinchisi (Modrich) bor;
— «Liverpul» «Enfild»dan tashqarida bo‘lgan so‘nggi 15 ta o‘yinning 12 tasida g‘alaba qozondi.