Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Giyohvandlik, qamoq, Angliya kubogi...

Giyohvandlik, qamoq, Angliya kubogi...

Baho:
+ | -

«Arsenal» akademiya­sidan qamoqqacha - Angliya kubogi qahramoniga aylangan Beshinchi liga vakilining g‘aroyib sarguzashti.

Angliya kubogi turniri - bu nafaqat doimiy qiziqarli va murosasiz o‘yinlar, balki aqlga sig‘mas taqdir va tarixlar tug‘yoni. Shu ma’noda bu musobaqa reytingiga yuqori baho berish shart. Mana, Xarvi Elliotning otasi o‘g‘li «Liverpul»dagi debyut golini urgach, quvonch yoshlarini tiyolmadi, «Kristal Pelas» futbolchilari esa raqib jamoa bosh murabbiyiga og‘ir xastalikka chalingan rafiqasini davolatishi uchun moddiy yordam ko‘rsatishdi. Bu kabi hodisotlar eng toshbag‘ir insonni ham ta’sirlantirishiga shubha yo‘q. Quyidagi “hikoya” Angliya kubogi 5-raundi (1/8 final)ga ko‘tarilgan Beshinchi divizion (!) ishtirokchisi «Borem» qahramonlaridan biri Edrian Kliftonning og‘ir taqdiri haqida. Tarixida professional darajani ko‘rmagan ushbu klub 1/16 finalda «Bornmut» (yakunda APLga ko‘tarildi)ni mahv etdi - 1:0. «Borem»ning 33 yoshli yarim himoyachisi esa turnirning 2 va 3-bosqichlarida zaxiradan maydonga tushib, jamoasiga o‘ta muhim gollarni tortiq etdi.

*** 

«Arsenal» akademiyasidan haydalish va giyohvandga aylanish... Londonning shimoli-sharqidagi eng notinch tumanlardan biri Xaknida tug‘ilgan Edrian Klifton 11 yoshida «Arsenal» akademiyasiga qabul qilindi, ammo 4 yillik tahsildan keyin dargohdan chetlatildi. «Arse­nal»da Dermot Drammi qo‘l ostida shug‘ullandim. Murabbiyimiz Xaknida istiqomat qilib ko‘rgani boismi, meni hamisha ogohlantirib turardi: «Kelajagingni o‘ylasang, ko‘cha bezorilaridan uzoq yur». Chunonchi, u nosog‘lom turmush tarziga moyilligimni yaxshi bilardi. Axir Xaknida ulg‘ayganman...», - deya xotirlaydi Edrian «Arsenal» tizimidagi davrni. Aytish o‘rinli, Dermot Drammi tumanli o‘lkada nom qozongan yoshlar murabbiylaridan biri edi. U «Arsenal»dan ketgach, uzoq vaqt «Chelsi»da ishladi va 2017 yili o‘z joniga qasd qildi. Klifton esa 2004 yili «Arsenal» akademiyasidan badarg‘a bo‘ldi va keyingisida qamoqxonaga tushdi. Umuman, Edrian hayoti davomida naq 3 marta mahbus maqomini oldi. «Borem» futbolchisini oxirgi marta o‘tkir giyohvand moddalarni saqlagani uchun jazoga tortishgandi. Qarangki, shu noxush vaziyatda Edrianga omad kulib boqadi. Ya’ni u 5 yillik jazo muddatini o‘tayotgan koloniyaga «Panjara ortidagi futbol» teleshousi tashrif buyu­radi. «Arsenal»ning sobiq to‘purari Ian Rayt olib boradigan mazkur ko‘rsatuvning bosh maqsadi - yosh mahbuslarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish. Xullas, Rayt 2 yil ichida «Arsenal» tarbiyalanuvchisidan qamoqxona mahbusiga aylangan Edrian Klifton bilan yuz bergan voqealardan qattiq ta’sirlanadi. Shu tariqa futbol afsonasi uning onasi bilan uchrashishga qaror qiladi. «Men uchun o‘g‘limning qamoqxonada o‘tirgani ma’qulroq. Loaqal uning ishonchli joyda ekanligidan tashvishlanmayman. Har holda, har doim o‘g‘lim kimnidir yoki kimdir uni o‘ldirib qo‘yishi mumkinligi haqidagi qo‘rqinchli o‘ylar bilan yashashdan ko‘ra, shunisi osonroq. Yana Edrian vafot etganim haqidagi xabarni eshitishini istamayman», - degandi mushtipar ona Rayt bilan suhbatda.

Klifton uchun ham onasining bunday gaplarini eshitish og‘ir edi. Asosiysi, u Rayt tufayli ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Buning uchun Edrianni shunchaki, oddiygina qo‘llab-quvvatlash yetarli bo‘ldi. Og‘ir qismat egasi hayotining murakkab damlari yonida otasi ham, yoshi kattaroq maslahatgo‘y do‘sti ham bo‘lmagani haqida noligach, Rayt eng kerakli so‘zlarni topa oldi: «O‘ylashimcha, ozodlikka chiqqaningdan ke­yin bemalol yana futbolga qaytishing mumkin». Ana shu dalda kifoya qildi. «Shaxsan Ian Rayt saviyamga yuqori baho berdi. Hattoki, tasvirga olish jarayonidan qaytayotganimda, yelkamga qoqib, minnatdorchilik bildirdi. Shu harakati menga o‘zgacha ishonch bag‘ishladi. Ko‘plab yigitlar ishonch yo‘qligidan o‘zlarini qanday tutishni bilmaydilar. Bu - bolalikdan qolgan illat», - deya xotirlaydi Klifton.

Rayt qamoqxonadagi mash­g‘ulotlar chog‘i mahbuslar bilan samimiy gaplashib, ularga yaqin kunlarda hammasi izga tushib ketishini ta’kidlar, kelajakka umid uyg‘otishga urinardi. «Murabbiyning asosiy vazifasi shu. Har kuni jarangdor gaplar aytishi shart emas, shunchaki, shogirdlari ichiga kirib borishi, ularni tushunishi va samimiy mehr ko‘rsatishi zarur. Murabbiy shunday bo‘lishi kerakki, futbolchi undan istagan payt yordam so‘ray olsin», - deydi Ian.

Rayt tufayli futbolga qaytish.«Arsenal» afsonasi akademiyaning sobiq tarbiyalanuvchisiga faqat shou doirasida ko‘mak berish bilan kifoyalanib qolgani yo‘q. Deylik, Edrian ozodlikka chiqqach, shaxsan o‘zi uni «Uikom» ko‘rigiga olib bordi. To‘g‘ri, Klifton bir urinishda murabbiylar ishonchini qozonolmadi, muhimi, Xaknidan batamom ko‘chib ketdi. Aniqrog‘i, jinoyatchilar va giyohvand moddalar makoniga qaytishni istamay, yuk tushiruvchi sifatida ishga kirdi, shuning barobarida havaskorlar jamoasida to‘p sura boshladi. 2015 yilga kelib, Klifton JCH-2018 saralashida Montserrat (Buyuk Britaniyaning dengiz orti hududi) terma jamoasi tarkibida maydonga tushdi. Hozirda «Borem» vakili hisobida xalqaro arenalarda o‘tkazilgan 12ta o‘yin, 4tadan gol va samarali uzatma bor. Edrian endilikda gaz tarmog‘i muhandisi lavozimida ishlamoqda, «Borem» safiga esa o‘tgan yilning yozida qo‘shildi. Murabbiy faxriy futbolchini asosan zaxiradan maydonga tushirayotgan bo‘lsada, uning harakatidan mamnun.

«Borem»ning Angliya kubogidagi muvaffaqiyati «Panjara ortidagi futbol» ko‘rsatuvini yodga olish uchun turtki vazifasini bajardi. Qolaversa, Klifton jazo muddatini o‘tagan qamoqxona «Born­mut» stadioniga yaqin hududda joylashgan. Xullas, Ian va Edrian 1/16 final raundi o‘yini boshlanishi arafasida o‘zaro uchrashib, 10 yil avval namoyish etilgan shou dasturi videoyozuvini takroran tomosha qildilar. Keyin Rayt nogahon Kliftonga jiddiy ohangda so‘z qotdi: «Edrian, eshit, agar «Bornmut» darvozasiga gol ursang, TVdagi faoliyatimga nuqta qo‘yaman. Shunday chiroyli xotima istayman».

To‘g‘ri, Edrianga 1/8 final raundi yo‘lida raqib darvozasini nishonga olish nasib etmadi. Muhimi, «Borem» o‘zidan ancha kuchli raqibni yagona gol evaziga yengib, Angliya kubogi-2021/2022ning kuchli 16ta klubi qatoriga qo‘shildi. Ha, shu bilan Edrian va kamtarin jamoaning kubok sari yurishi to‘xtadi - 1/8 final bahsida «Everton» bo‘sh kelmadi va ikkinchi bo‘limda 2ta gol urib, Beshinchi divizion ishtirokchisi oldiga to‘siq qo‘ydi. Eng asosiysi, faxriy futbolchi 10 yil muqaddam uni yashil maydonga qaytishida yaqindan yordam bergan ajoyib murabbiy Ian Rayt harakati zoye ketmaganini to‘liq isbotladi. Ajoyib tarix!

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:30, 31.05.2022.
O'qildi: 1800 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.