Ispaniyaning nufuzli sport nashri - Marca yaqinda «Real» faxriysi - Luka Modrichni «Afsona» mukofotiga loyiq ko‘rdi.
Bu xorvatiyalik futbolchining butun faoliyati davomidagi xizmatlari va jahon sportiga qo‘shgan hissasi e’tirofidir. «Qirollik klubi» rasmiy sayti Lukani navbatdagi shaxsiy sovrin bilan mukofotlash barobarida undan maxsus intervyu ham oldi.
- Luka, aytingchi, futbolda nimani ko‘proq qadrlaysiz?
- Muxlislar muhabbatini! Ular meni juda yaxshi ko‘rishlarini bilaman - o‘yinlarda ham, ko‘chada ham hamisha qo‘llab-quvvatlashadi. Hammasi aql bovar qilmas darajada va cheksiz mehr uchun muxlislardan minnatdorman. Qiyosi yo‘q qo‘llab-quvvatlash va ishonchga javoban har doim «Real» libosida bor kuchimni sarflashga harakat qilaman.
- Shuningdek, «Madrid»ga cheksiz muhabbat bilan ham...
- Albatta. «Real Madrid» - bu hayotim mazmuni, jonajon uyim. Klubda o‘zimni o‘ta yengil his qilaman. Ilk kundan shunday. To‘g‘ri, boshida hamkorligimiz shuncha uzoq davom etishiga ishonmagandim. Hozirgi haqiqat bitta: «Madrid»ning ajralmas bir bo‘lagiman - chinakam «madridist»! Umrbod shunday bo‘lishidan umidvorman, albatta.
- Maydonda eng qo‘pol raqiblar ham sizga hurmat bilan yondashishadi. Buning qandaydir siri bormi?
- Yo‘q, shunchaki, raqiblar va ularning muxlislariga hamisha hurmat saqlayman. Bu professional sportda juda muhim. Raqiblar to‘g‘ri munosabatimni ko‘rishadi va shuning uchun meni ham hurmat qilishsa kerak.
- «Real» CHLga yaralgandek. Bu borada nima deya olasiz?
- CHL o‘yinlari vaqti «Bernabeu»da nimalar sodir bo‘lishini so‘z bilan ifodash juda qiyin. G‘alabalarimiz ayni shu sehrli muhitga bog‘liqdir balki. Aynan stadiondagi holatdan kuch olib, taslim bo‘lmaymiz, oxirigacha kurashamiz. Umuman, «Real» safiga qo‘shilgan futbolchining o‘zi tabiiy ravishda shunga moslashadi, o‘rganadi. Ochig‘i, boshqacha tushuntirish ilojsiz. Umid qilamanki, bu jihatni hech qachon yo‘qotmaymiz.
- «Madrid»dagi eng sehrli daqiqalar...
- Shaxsan men uchun eng sehrlisi - bu «Desima» (CHLdagi 10-g‘alaba). Hammasi aqlga sig‘mas darajada rivojlangan edi. O‘sha g‘alaba lahzalari tabiiy ravishda xotiramga abadiy muhrlangan.
- «Afsona» mukofotiga loyiq ko‘rilishingizni kutganmidingiz?
- Avvalo, Marca nashriga e’tirof uchun rahmat aytishim kerak. Nafaqat Ispaniya, balki butun dunyoda bunday nufuzli nashrdan mukofot olish sharafdir. Jahonning ko‘zga ko‘ringan sportchilari bilan bir qatorda bo‘lish esa ikki hissa yoqimli. Oilam va meni qo‘llab-quvvatlayotgan jamoadoshlarim, yillar davomida birga ishlagan murabbiylar - barchadan minnatdorman. Ha, har doim individual sovrindan ko‘ra, jamoaviy natijani afzal ko‘rishimni aytaman, aslida bunday e’tirofdan boshim osmonga yetishi ham - ayni haqiqat.
- Futbolda ortda qolgan yillarga qa-rab, birinchi navbatda nimalarni eslaysiz?
- Menga to‘p bilan o‘ynashni otam o‘rgatgan. Qandaydir yangi narsani sinab ko‘rish imkoniyati tug‘ilishi hamono ko‘chaga chiqardik. Yarim himoyada o‘ynash men uchun tabiiy jarayon. Bolaligimdan aynan markazda harakatlanganman, bunda na bir sir va na bir g‘ayrioddiylik bor.
- Lekin muvaffaqiyatlar zamirida bolalikdagi mashaqqatli mehnat borligi tayin...
- Yo‘q, mashaqqat haqida gapirish ortiqcha. Chunki bolalikdan o‘z ishimni qalban bajarganman, ya’ni mashg‘ulotlarda ham zavqlanardim. Ha, orzularni amalga oshirish yo‘lida jiddiy shug‘ullanishingiz kerak. Lekin bunda o‘zingizga ishonishingiz va har kuni ishingizdan rohatlanishingiz muhimroq. Tan olish kerak, futbolchi bo‘lish qiyin, shuning barobarida juda yoqimli ham. Agar kun kelib, «Real»dek jamoada o‘ynasangiz, barchasi esingizdan chiqadi - bu siz uchun eng yaxshi mukofot.
- «Real»ning oxirgi «remontada»lari haqida ko‘p gapirishyapti. Bular qanday amalga oshdi?
- Eng qiyin o‘yin «Siti»ga qarshi kechdi, chunki deyarli vaqt qolmagandi. Muhimi, jamoa oxirigacha ishondi, muxlislar ham - bu «Madrid» DNKsining bir qismi. Oxir-oqibat, hammasi barchamiz xohlagandek bo‘ldi. «PSJ» bilan bahsni esa eng qiziqarlisi sifatida tilga olaman: 15 yoki 20 daqiqalik jinnilik, o‘sha oqshom «Bernabeu»da nimalar bo‘lganini tushuntirish qiyin. Bu bizni Parij sari yetaklagan ajoyib yo‘lning boshlanishi edi.
- Xo‘sh, faoliyatingizni «Madrid»da yakunlash imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Umid qilamanki, xuddi shunday bo‘ladi. O‘zingiz o‘ylang, qadrdon uyingizdan chiqib ketishingiz naqadar qiyin... Asosiysi, klubda ham, shaharda ham baxttiyorman, odamlarning qo‘llab-quvvatlashlarini yaqqol his qilaman. Oilam ham hammasidan mamnun. Shunday ekan, ajralish haqida o‘ylash ortiqcha. Bu yerda imkon qadar uzoq vaqt qolib, butsalarimni «Madrid» futbolchisi maqomida mixga ilishni xohlayman.
Marca nashri CHLdagi ishtirok uchun klublar qancha mukofot puli olishini e’lon qildi. UYEFA 3ta yevrokubok turniri ishtirokchilariga jami 2,7 milliard yevro ajratgan. Shundan 2,03 milliardi CHL va Yevropa superkubogi qatnashchilariga tegadi. YELning ulushi - 465 million yevro, KLniki - 235 million yevro.
CHL mukofot jamg‘armasi taqsimoti (har bir klubga)
Guruh bosqichidagi ishtirok uchun - 15,64 million yevro
1ta g‘alaba uchun - 2,8 million yevro
1ta durang uchun - 930 ming yevro
1/8 finaldagi ishtirok uchun - 9,6 million yevro
1/4 finaldagi ishtirok uchun - 10,6 million yevro
1/2 finaldagi ishtirok uchun - 12,5 million yevro
Finaldagi ishtirok uchun - 15,5 million yevro
UEFA shuningdek, klublarga koeffisiyent bo‘yicha 600,6 million yevroni taqsimlab beradi. Eng past koeffisiyentga ega klub 1,1 million yevro olsa, eng yuqori koeffisiyent sohibiga 36,4 million yevro tegadi. Joriy jadvalda «Real» peshqadamlik qilmoqda. Demak, CHLning yangi g‘olibi jami 123,8 million yevroga ega chiqadi.
M.PO‘LATOV tayyorladi