Agentlik kasbi bilan o‘z yaqinlariga yordam berishni maqsad qilgan qarindoshlar ko‘pincha maqsadlariga erisha olmaydilar.
Marhum Mino Rayola yoki Pini Zaxavi oddiy pissa sotuvchisi yoki jurnalist orasidan yetishib chiqishgani bois, agentlikka intilgan tajribasiz kishilarni ayblash fikridan yiroqmiz. Lekin har qanday sohada ham avvalo, iqtidor kerak. Shuningdek, amaliyot ham juda muhim. Atigi bir nafar mijozga, boz ustiga, o‘z farzandi, turmush o‘rtog‘i yoki akasiga yo‘l ko‘rsatmoqchi bo‘lgan agent Rayoladek fikrlay olmaydi.
Bir paytlari Mino Ibragimovichni masxara qilgandi. Zlatan esa bo‘lajak do‘stini Santa-Klausga qiyoslagandi. Biroq shvesiyalik yulduzga duch kelishidan avval, Rayola qanchadan-qancha «Ayaks» yulduzlarini «A» seriyaga joylashga ulgurgandi. Ya’ni, yetarli tajribaga ega bo‘lgandi. Lekin qarindosh agentlar o‘z yaqinlariga «qosh qo‘yish»ni maqsad qilsalarda, amalda «ko‘z chiqarib» qo‘ymoqdalar. Keling, ularning ayrimlari haqida gaplashamiz.
Uilfrid va Fayza Mbappelar - Kilian Mbappening ota-onasi
Kilianning ota-onasi transfer muzokaralarini olib borishni bilmaydilar, lekin agentlarning moliyaviy shantaj uslubidan mazmun-mohiyatini tushunmagan holda nusxa olmoqdalar. O‘tgan yili Kilianning «Real» o‘tishga va joriy mavsumdagi YECHL finaliga oid amalga oshirgan qiliqlari - ideal namuna. Endi hujumchi «PSJ»da qoladigan bo‘ldi. Shu tariqa mehribon ota-ona parijliklarning makkorona taklifiga uchib, «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qilayotgan farzandlarining faoliyatini barbod qilishlari mumkinligini his qilishmadi. Mbappe uchun Liga 1da munosib yumush qolmadi, ota-onasi esa uni navbatdagi Neymarga aylantirishmoqchi.
Vanda Nara - Mauro Ikardining rafiqasi
Vanda Nara Ikardi va Maksi Lopes o‘rtasidagi sirni fosh etganida, Mauro qadrdon do‘stiga xoinlik qildi. Tajribali ayol unga ikki nafar qizaloqni hadya etganida, Mauro unga xiyonat qildi. Shu sabab oilaning boshi janjallardan chiqmay qoldi, bu esa yangi klub tanlashda omadsizlikka olib keldi - Ikardi «Inter»dagilar ko‘ngliga yo‘lni, «PSJ»da o‘z o‘yinini topa olmadi. Oxir-oqibat, sport direktorlari Naraga ishonmay qo‘yishdi va u bilan hamkorlikni to‘xtatishdi. Mauro esa xiyonatdan keyin yana turmush o‘rtog‘i yoniga qaytdi. Endi u aybiga iqror bo‘lgani bois, Vandaning noo‘rin maslahatlari bilan yuribdimi? Malakali advokat va agent yollasa, yaxshiroq bo‘larmidi...
Tyerri Azar - Eden Azarning otasi
Eden Azar «Lill»dan «Chelsi»ga o‘tar chog‘ida muzokaralarni uning otasi olib bormagandi. Lekin futbolchi «uch og‘a-ini botirlar»ning to‘ng‘ichi yirik mablag‘ evaziga «Real»ga yo‘l oladigan pallada, katta Azar futbol agenti lisenziyasiga ega bo‘lgan va transferda ishtirok etgandi. Peres o‘zi istagan futbolchini xarid qildi, «Chelsi» yetakchi o‘yinchilarining biridan judo bo‘ldi, ammo Tyerri bo‘lib o‘tgan voqealar mag‘zini chaqishga ojizlik qildi. Edenning o‘sha paytdagi jismoniy holati, yoshi Madridni tanlashga mosmidi? APLdagi ko‘pgina yigitlar negadir «Real»ga kelganlaridan keyin jarohatlar seriyasiga duch keladilar. Azar ana shu noxush an’anani davom ettirdi, garchi Ispaniya poytaxtiga olam-olam orzular bilan yo‘l olgan bo‘lsa ham. Otasi o‘rnida tajribali agent bo‘lganida, hujumkor yarim himoyachini Madridga barvaqtroq olib kelgan va Eden Zidanning ajoyib jamoasida o‘z o‘rnini topgan bo‘lardi.
Veronik Rabyo - Adriyen Rabyoning onasi
Albatta, farzandining futboldagi muvaffaqiyati - mushtipar ona uchun oilaning ijtimoiy maqomini o‘zgartirish imkoniyati edi. 2007 yilda Veronikning turmush o‘rtog‘i Mishel Provost baxtsiz hodisa tufayli shol bo‘lib qolgan va 3 yildan so‘ng olamdan o‘tgandi. Farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiyalashga majbur bo‘lgan ayol Adriyen va klublar o‘rtasidagi muzokaralarga doimo aralashib turardi. U «Manchester Siti» vakillari bilan janjallashdi, «PSJ»dagilar bilan kelisholmadi, «Yuventus»dagi muzokaralar ham manfaat keltirmadi. Adriyen esa muntazam ravishda malakali agent izladi. Lekin o‘zi orzu qilgan «MYU»ga o‘tishga erisholmadi. Bundan tashqari, boshqa ko‘pchilik kasbdoshlari kabi, asosiy e’tiborini onasiga qaratgani futbol bilan xotirjam shug‘ullanishiga xalal berardi. Shu bois, Fransiya terma jamoasi muxlislari uni «zaif bo‘g‘in» deb hisoblashardi.
Neymar da Silva Santos - Neymarning otasi
Neymardek noyob iqtidor sohibining shu qadar nochor ahvolga tushib qolishiga hech qaysi professional agent yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Rivaldo ham simulyasiya ishlatgan, Ronaldinyo ichkiliklarni xush ko‘rgan, ammo hech qachon Neymarchalik quyushqondan chiqishmagan. Ha, Ronaldinyo bir paytlari ikki ayol bilan yashagan, keyin qamoqxonada «hordiq« chiqargan, lekin Neymar kabi murakkab vaziyatni boshdan kechirgan emas. Xayriyatki, maxsus yollangan izquvarlar ma’shuqalardan birining zo‘rlashga oid da’vosi asossiz ekanligini isbotladilar - ayolning o‘zi «PSJ» hujumchisini kaltaklayotgani tasvirlangan video aniqlandi. Uning manfaatini otasi - sobiq zargarlik buyumlari sotuvchisi himoya qilishini inobatga olsak, Neymarni oltin qafasdagi kanareykaga qiyoslash o‘rinli. Braziliyalik Parijni osonlikcha tark etolmaydi, motivasiya esa ko‘chada chang bosib yotgan narsa emas. Futbolchi esa 30ni «urib» qo‘ydi.
Charli Keyn - Garri Keynning akasi
Bu hamkorlik «Ofis» serialining syujetini eslatadi. Britancha talqinini ham, amerikachasini ham. Charli yakka-yu yagona mijozi uchun butun boshli agentlik ochdi, xizmat xonasi devorini ukasining surati bezatib turgan ofisni ijaraga oldi, ish joyiga doimo shohona pidjaklarda kelib-ketdi. Charli Garrining «Tottenxem»dagi transferini 100 foizga barbod qildi. Sermahsul hujumchi «MYU»ga ham, «Manchester Siti», «Barselona» va «Yuventus»ga ham o‘tolmadi. Boisi, o‘tgan yili u «taqachilar»dan ukasini qo‘yib yuborishlarini so‘raganida, Levi uni «ichak-chavoqlari bilan yamlamay yutib yuborgandi».
Xorxe Messi - Lionel Messining otasi
Agar katta Messi farzandini «Inter» yoki «Real»ga joylaganida, hayotidagi buyuk xatoni amalga oshirgan bo‘lardi. Mazkur qudratli klublar duetida Leo «ochilmay-so‘lgan» iqtidorlar safidan joy olardi. Lekin o‘g‘li bilan shartnoma imzolashi uchun «Barsa»ga bosim o‘tkazgani Xorxening qanaqa inson ekanligini yaqqol ifoda etdi. Shuningdek, Kataloniya klubining qarzlari vositachining bilim saviyasi past ekanligiga dalil bo‘la oladi. Xorxening faoliyati Leoni sudga olib keldi, yangi shartnoma xususidagi muzokaralar esa Parij «surguni» bilan intiho topdi. U yerda zarracha imkoniyat tug‘ilgan taqdirda, Messi Ispaniyadagi qadrdonlari tomon burgutdek parvoz qilishi aniq. 35ga chiqqan er yigitning hamon otasi izmida ekanligi yaxshi emas. Avvalgidek yengil, yorqin va sermahsul o‘yin ko‘rsatolmayotgan dahoni «PSJ»da baxtli deyishga til aylanmaydi.
Futbol vositachiligidek bahsli sohada qarindoshlarga emas, begona mutaxassislarga ishonch bildirgan ma’qul. Ko‘pchilik mashhur farzandi, aka-ukasi yoki turmush o‘rtog‘ining shuhrati taftidan bahramand bo‘lishga intiladi. Lekin sport direktorlari va murabbiylar ishonchini qozona oladigan tartibda ish yuritishni bilmaydi.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi