Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

"Bordo" nima uchun birdaniga 3-dvizionga o‘tkazildi?

"Bordo" nima uchun birdaniga 3-dvizionga o‘tkazildi?

Baho:
+ | -

Fransiyaning taniqli klublaridan biri bo‘lgan «Bordo» hisobot mavsumini so‘nggi - 20-o‘rinda yakunlab, Liga 1dan quyi divizionga tushib ketadigan bo‘ldi.

Lekin azob-uqubatlar shu bilan nihoyasiga yetgani yo‘q. Mamlakat futbol klublarining monitoringi va moliyaviy faoliyati nazoratiga mas’ul bo‘lgan DNCG maxsus komissiyasi vakillari klub prezidenti Jerar Lopes bilan bo‘lgan muloqotdan keyin «Bordo»ni bir yo‘la 3-divizionga o‘tkazishga qaror qilishdi.

Mavjud moliyaviy holatni tahlil qilgan nazoratchi mahkama ma’lumotiga ko‘ra, «Bordo» byudjetidagi tanqislik 40 mln. yevroga yaqin. Klub hozirgi vaziyat borasida bayonot berdi: «Bu o‘ta shafqatsiz qaror klubning mavjud moliyaviy holatni izga tushirish va «Bordo» tarixida yangi sahifalarni ochishga qaratilgan strategik rejalarini amalga oshirish imkoniyatidan mahrum qiladi. Klubimiz 10 mln. yevro miqdorida mablag‘ va umumiy qiymati komissiya tomonidan belgilangan mablag‘dan ko‘proq bo‘lgan bir nechta futbolchilarni sotishga kafolat berdi».

Reja qisqa va aniq: byudjetdagi kamomadni klub qo‘shimcha sarmoya va futbolchilarni sotib yuborish evaziga to‘ldirish niyatida. Biroq DNCG bu kafolatni ishonchli, deb qabul qiladimi, yo‘qmi, noma’lum. Klubni 3-ligaga o‘tkazish xususidagi qaror bekor qilinishi uchun «Bordo» ixtiyorida bir haftalik muxlat bor. Lekin Fransiyaning 6 karra chempioni bo‘lmish klubning hozirgi holati o‘ta murakkab.

«Bordo»ning muammolari xronikasi: hazil tufayli homiydan judo bo‘lish, murabbiyni iste’foga chiqarish uchun mablag‘ yetishmasligi va sardorlarga oid qiyinchiliklar

Qishda Sports.ru saytida «Bordo»dagi muammolarga oid ma’lumot e’lon qilingan, unda barcha jihatlar talab darajasidan yiroq edi: natijalar, o‘yin saviyasi, sport menejmenti, moliyaviy holat, media faoliyati.

Qisqacha eslatib o‘tamiz.

*** «Bordo» o‘zining asosiy homiylaridan biri bo‘lgan Winamax bukmekerlik idorasi bilan shartnomani bekor qildi. Mazkur muassasa klubga har yili 1,5 mln. yevro sarmoya ajratardi. Lekin kompaniya «Tvitter» ijtimoiy tarmog‘i orqali tez-tez klubga oid hazillarni, asosan, o‘yin sifatini tanqid qiluvchi fikrlarni bayon qilardi. «Bordo» bosh menejeri Toma Jakmye tayyor sarmoyani faylasuflarga xos munosabat bilan yo‘qqa chiqardi: «Mag‘lubiyatlardan keyin klub fanatlari ustimizdan kulishga haqlilar. Homiylarimiz esa - yo‘q».

*** Yanvar oyining ilk kunlarida klub vakillarining koronavirusga topshirgan testlaridan 21tasi musbat natija berdi. Fransiya kubogida «Bordo» «Brest»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘sha tarkib o‘yinchilarining atigi 5 nafari Liga 1da hech bo‘lmaganda, bir daqiqa bo‘lsa ham to‘p surishgandi. Jamoa chempionat o‘yinlari vaqtining kechiktirilishidan umidvor bo‘lgandi, ammo «Marsel»ga qarshi bellashuv arafasida barcha bemor o‘yinchilar birdaniga sog‘ayib qolishdi va hech qanday tayyorgarliksiz maydonga tushdilar. Xullas, mavsumning ikkinchi yarmida «Bordo» o‘yin muddatining ko‘chirilishiga ham, durustroq tayyorgarlik ko‘rishga ham erisholmadi.

*** Moliyaviy muammolar tufayli klub ancha vaqtgacha shveysariyalik bosh murabbiy Vladimir Petkovichni iste’foga chiqara olmadi. U faqat fevral oyida, oxirgi 6 uchrashuvning 5tasida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin jamoani tark etdi. Chunki Petkovich 10 mln. yevro miqdorida tovon puli talab qilgandi. «Reyms»dan o‘tgan David Giyon vaziyatni yaxshilay olmadi.

***  Menejment amaldagi jamoa sardori Loran Kosyelni, Otavio, Pol Bess, Semyuel Kalu, Mehdi Zerkan va Josh Madjalarni zaxiraga o‘tqazdi. Asosiy sabab - klubda ularga ehtiyoj qolmaganligi. «Surgun» maqsadning nechog‘li muhimligidan dalolat berib turardi: buyog‘iga yangi jamoani izlash lozim. Tez orada Kosyelni amaldagi shartnomasini bekor qilib, faoliyatini yakunladi. Vaholanki, o‘shanda u risoladagidek saviya sohibi edi.

*** Yangi sardor mas’uliyatini darvozabon Benua Kostil o‘z zimmasiga oldi. Biroq mart oyida muxlislar uni klub xizmatchilaridan biriga nisbatan irqchilikda aybladilar. Benua ayblovni inkor etdi, mavsum yakunida esa jamoani  tark etishini bildirdi.

*** Mart oyi oxirida «Bordo»ning nomi zikr etilmagan o‘yinchisi jamoadoshlarining oyoq kiyimlarini o‘g‘irlab, ularni internet orqali pullayotgani oshkor bo‘ldi. Bu haqda futbolchining sobiq qallig‘i xabar bergandi. Jamoa a’zolari o‘g‘ri bilan hamkorlik qila olmasliklarini ma’lum qilishgach, rahbariyat uni bitta o‘yindan chetlatish va jarima bilan jazoladi. Futbolchilar jazoni o‘ta yengil, deb hisobladilar.

Xursandchilik: 2009 yilda «Bordo» chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi, bir yildan keyin YECHLda chorak finalgacha muvaffaqiyatli qatnashdi 

Darhaqiqat, oxirgi mavsumlarda jamoa turnir jadvali ekvatoridan yuqoriga ko‘tarila olmadi. Lekin 2008|2009 yillar mavsumida 10 yillik tanaffusdan so‘ng yana shohsupani zabt etdi. O‘sha chempionlikning boshqa bir muhim jihati shuki, jamoa «Lion»ning 7 yillik hukmronligiga chek qo‘ygandi. O‘shanda uning safida Yoann Gurkyuff, Fernando Kavenagi va Maruan Shamax kabi afsonalar yorqin o‘yin namoyish etgandilar.

Keyingi mavsumda muvaffaqiyatni takrorlashning iloji bo‘lmadi - «Bordo» 6-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Ammo xalqaro arenada ajoyib o‘yin ko‘rsatdi: YECHL guruh bosqichida «Bavariya», «Yuventus» va Xayfaning «Makkabi» klublaridan ustun keldi. Nimchorak finalda «Olimpiakos» qarshiligini sindirgan jamoa chorak finalda Liga 1dagi azaliy raqibi - «Lion» to‘sig‘idan o‘tolmadi - 2 uchrashuvda 2:3 hisobida imkoniyat boy berildi.

Keyingi 12 yil davomida «Bordo» afsuski, avvalgi mavqeiga yaqinlasha olmadi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:41, 06.07.2022.
O'qildi: 2031 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.