Gollivudning eng sara yulduzlaridan biri Jorj Kluni katta muammolar girdobida qolgan «Derbi Kaunti» klubi aksiyalarini sotib olmoqchi, chog‘i.
Aytishlaricha, mashhur kinoaktyor 2 yilcha avval «Malaga»ga jiddiy qiziqib qolgan, biroq «Moliya monstri» filmida afsonaviy Bobbi Charlton rolini ijro etgan kasbdoshi Jek O~Konnellning «Derbi» haqidagi hikoyasidan keyin aynan Angliya klubini qo‘llab-quvvatlashni lozim topgan ko‘rinadi. Vaqtida tumanli o‘lkaning o‘rtamiyona klublari safida yurgan «Derbi» yakuniga yetgan mavsum moliyaviy inqirozga yuz tutdi va hattoki, Chempionshipda ham o‘z o‘rnini saqlab qololmadi. Xullas, «SE» ma’lumoti asosida tayyorlangan maqola kino yulduzining futbolga qay tariqa mehr qo‘ygani va loyihani moliyalashtirish imkoniyatlari xususida.
SURATGA OLISH JARAYONI TA’SIRI
Jorj Kluni oxirgi vaqtlar rafiqasi Amal bilan aynan Angliyada istiqomat qilmoqda. U Derbyshire Life jurnali muxbiri bilan suhbat davomida futbolga qay tariqa oshno tutingani va hozirda «Derbi Kaunti»ga muxlislik qilishini oshkor etdi: «Avvallari futbol uchrashuvlarini asosan TV orqali kuzatardim. Vaqt o‘tishi bilan futbolni teranroq tushuna boshladim va ayniqsa, «Derbi» o‘yinlariyu, uning natijalariga qiziqib qoldim. Buyuk tarixga ega klub! «Derbi»ni oldinda porloq kelajak kutayotganiga aminman. Bilaman, jamoa ayni payt muammolar girdobida». Jorj shuningdek, «Derbi» haqida «Moliya monstri» kartinasida suratga tushgan Jek O~Konnelldan eshitganini qo‘shimcha qildi. Derbi shahrida tavallud topgan Jek mashhurlikka «Engilmas» hamda «MYU»ning 1958 yilgi aviahalokatiga bag‘ishlangan «Yunayted, Myunxen fojiasi» filmlari orqali erishgan. U klub haqidagi hujjatli kartinada afsonaviy Bobbi Charlton rolini ijro etgan. «O~Konnell shu jamoa shaydosi! «Derbi Kaunti»ni shunchalik sevib qolganki, butun hayoti davomida undan ko‘zini uzmagan. Suratga olish jarayonida jamoa xususida 1-2ta savol berib, baloga qoldim - uni to‘xtatishning iloji bo‘lmay qoldi! Qisqasi, Jek «Derbi»ning chinakam oshig‘i va klubga oid ma’lumotlari ham behisob», - deya xotirladi Kluni.
Britaniya OAVda Jorjning ushbu samimiy e’tirofini aktyorda «Derbi»ga nisbatan muhabbat nish urganiga yo‘yishdi. Yana Kluni klubni o‘z otalig‘iga olib, uni moliyaviy tanazzuldan olib chiqishni xohlayotgani ta’kidlandi. Bunda ajablanadigan tomoni yo‘q. Binobarin, kino yulduzi 2 yil avval amerikalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda «Malaga»ni xarid qilishga uringandi. Lekin o‘shanda Ispaniya klubi sohibi - shayx Abdulla al Tani 100 mln. yevro so‘ragach, kelishuv amalga oshmay qolgandi.
«DERBI» MURAKKAB VAZIYATDA
«Derbi Kaunti» ayni payt potensial xaridorlarni yuqori narx bilan cho‘chitadigan holatda emas: jamoa tashqi boshqaruv tizimi tasarrufida, boz ustiga, yakunlangan mavsum Ueyn Runining kuchli sa’y-harakatiga qaramay, Chempionshipdan ham «quladi». Qisqasi, jamoa chinakam tanazzul yoqasida turibdi. Klubning moliyaviy inqiroz ta’sirida qarzga botib qolgani va qo‘shimcha sarmoya manbalarga muhtojligi savdoning qizg‘in tus olishiga imkon bermaydi. Bordiyu, yangi homiy topilmasa, «Derbi» bankrot holatini tan olishga majbur bo‘ladi. Bunday muammolar 2021 yili ochiq-oydin oshkor etildi: klubning sobiq sohibi Mel Morris bayonotiga ko‘ra, qarz miqdori 60 mln. funtdan oshib ketgan. Kamiga pandemiya ta’sirida daromad 20 mln. yevroga kamaygan. Ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, muammoning asosiy sababi - samarasiz menejment tizimi. Masalan, klub 2020 yili bosh murabbiy Filip Kokuni muddatidan avval iste’foga chiqargani oqibatida 8 mln. funt miqdorida tovon puli to‘ladi. Shunga o‘xshash omadsizliklar transferlarda ham kuzatildi, oxir-oqibat, barchasi inqirozga olib keldi. «Klub o‘zining kundalik moliyaviy majburiyatlarini bajarolmaydigan holatga tushib qoldi. Direktorlar kengashi uni himoya qilish uchun so‘nggi chorani ko‘rishga majbur», - deyilgandi «Derbi» rasmiy bayonotida. Gap klubni to‘liq tashqi boshqaruv tizimi tasarrufiga o‘tkazish haqida ketmoqda. Yangi boshqaruv ma’muriyati homiylar topib, moliyaviy balansni tiklaguniga qadar klub bankrot holatini tan olmasligi mumkin. Biroq «Derbi» o‘tgan mavsum 21 ochkodan mahrum etildi - boshqaruv tizimini o‘zgartirgani va moliyaviy «feyr-pley» qoidalariga amal qilmagani uchun. Buning ortidan jamoa afsonaviy Ueyn Runi boshqaruvida Chempionshipda o‘z o‘rnini saqlab qololmadi. Yanvar oyida klub rahbariyatidan mavsum yakuniga qadar moliyaviy imkoniyatlar kafolati talab qilingan va bunga 4 hafta muhlat berilgandi. Shuningdek, savdo ishtirokchilari ro‘yxatini taqdim etish so‘ralgandi. «Derbi» rahbariyati hozircha bu talablarni qondirolmadi.
VVS ma’lumotiga ko‘ra, «Derbi»ni xarid qilish borasida hozircha faqat AQSHlik biznesmen Vilyam Xarrison Binni rasman murojaat qilgan. 2010 yili AQSH senati saylovlarida ishtirok etgan Binni bir nechta telekanallar va radiostansiyalar sohibidir. Shotlandiyada tavallud topgan funksioner 5 yoshida ota-onasi bilan ummon ortiga yo‘l olgan, hozir esa Britaniya bilan doimiy aloqada. Jumladan, Manchesterdagi tarixiy inshootlarni ta’mirlash ishlari uning sarmoyalari hisobidan amalga oshirilmoqda. Biznesmen klub uchun 28 mln. funt sarflashga tayyor. «Derbi»ni sotib olish xususida boshqa rasmiy taklif yo‘q, jumladan, Jorj Kluni vakillari ham hozircha sukut saqlashmoqda.
GOLLIVUD VA FUTBOL MUNOSABATI
Oskar mukofotining yana bir sovrindori Mettyu Makkonaxi taniqli aktyor qay yo‘sinda futbol klubiga sarmoya kiritishi mumkinligini amalda namoyish etgan. U MLS ishtirokchisi «Ostin» (Texas) sohiblarining biri hisoblanadi. Makkonaxi jamoa mashg‘ulotlariga tez-tez tashrif buyuradi, o‘yin kunlari muxlislar o‘rtasida qiziqarli tadbirlarni tashkillashtiradi. Rob Makelxenni va Rayan Reynolds juftligi esa o‘tgan yili Angliya chempionati 5-divizioni vakili «Reksxem» aksiyalarini to‘liq sotib oldi. Bungacha klub muxlislar tashabbusi bilan tashkil etilgan maxsus jamg‘arma tasarrufida edi. Endi «Dedpul» superyulduzi muntazam ravishda jamoa bilan hamnafas hayot kechirmoqda.
Natali Portman, Yeva Longoriya va Jessika Cheysten kabi aktrisalar Los-Anjelesda eng ommaviy ayollar klubiga asos solganlar - Angel City. Bu jamoa shu yil debyutini nishonladi. Aniqrog‘i, oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotiga ixtisoslashgan kompaniya bilan AQSH ayollar futbolidagi eng yirik homiylik shartnomasiga imzo chekkan klub joriy mavsum Milliy ayollar ligasida maydonga tushmoqda. Gollivudning hurliqo yulduzlari esa media va ijtimoiy tarmoqlar orqali Angel City klubini faol ovoza qilmoqdalar.
Sodiq SOBIR tayyorladi