Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Zenit» - qirg‘iz kompaniyasi hamkori

«Zenit» - qirg‘iz kompaniyasi hamkori

Baho:
+ | -

Yaqinda Bishkekdan qiziqarli xabar tarqaldi - Qirg‘izistonning Bigser Sport kompaniyasi «Zenit»ni ekipirovka bilan ta’minlaydi.

To‘g‘ri, Piter klubi bunga zudlik bilan aniqlik kiritdi: «Gap «Zenit» futbolkasi xususida emas. Klub qoshida «Zenit Premyer futbol» nomli kompaniya bor. U Peterburgda yirik sport do‘koni va ekipirovkalari markaziga ega. Qirg‘iziston kompaniyasi bilan shu markazni yanada rivojlantirishga qaratilgan kelishuv imzolandi».

Bigser Sport vakili ham barchasini tasdiqladi: «Zenit Premyer Futbol» uchun sport liboslari kolleksiyasini yaratish, ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdik». Xullas, «Zenit» Bigser Sport libosida o‘ynamaydi, qirg‘izlar bilan kelishuv shunchaki, klubning biznes yo‘nalishidagi harakatlaridan biridir. Rossiya chempioni yangi mavsumda ham Nike ekipirovkalaridan foydalanadi. To‘g‘ri, klub sanksiyalar tufayli yangi dizayn talab qilolmaydi. Boz ustiga, «Mutko qarshi» telekanali xabariga ko‘ra, Nike texnik homiylik uchun pul to‘lashni to‘xtatadi. Xo‘sh, Bigser Sport Piter jamoasi hayotida qanday rol o‘ynaydi? Ma’lum qilinishicha, hamkorlik shartnomasiga klub nomidan «ZPF» rahbari Vladimir Terelyuk imzo chekkan. Aytish joiz, «ZPF» - «Zenit» tasarrufidagi 9 (!)ta kompaniyadan biri. Jumladan, sport ekipirovkalariga 2ta guruh javob beradi. Aniqrog‘i, «Zenit-treyd» klub atributlari sotuvi bilan shug‘ullanadi, internet-do‘konni boshqaradi va chakana savdo tarmog‘ini mahsulotlar bilan ta’minlaydi. Bishkek kompaniyasi bilan kelishuvga erishgan «ZPF» esa sport buyumlari xilma-xilligini kengaytirish ustida ish olib boradi. Rossiyadagi eng yirik futbol ekipirovkalari markazi uning tasarrufida. «ZPF» mijozlarga Nike, Adidas, Puma, Diadora, Selest, Joma kabi mashhur brendlar mahsulotlarini tavsiya etishdan tashqari, ularga buyurtma asosida futbolchilar raqami, klub ramzi va homiylar logotipini tushirib beradi. «Zenit» shu asnoda qo‘shimcha daromad miqdorini oshirmoqda. Deylik, klub 2014 yili bu yo‘nalishda 157 mln. rubl topgan bo‘lsa, 2021 yili ushbu ko‘rsatkich 409 «limon»ga yetdi.

G‘arb brendlari Rossiyaga mahsulot jo‘natishni to‘xtatishi mumkinligini oldindan taxmin qilgan ulgurji savdo firmalari allaqachon ishonchli sherik topishga kirishgan. Rossiya bilan yagona bojxona ittifoqiga kirgan Qirg‘iziston esa hech qachon aloqani to‘xtatmaydigan hamkor. Qisqasi, qirg‘iz brendi endi Nike va Adidas kabi yetakchilar o‘rnini bosish taraddudida. Tashkil etilganiga 30 yildan oshgan Bigser Sport kompaniyasi hozirda Qirg‘iziston jamoasini Olimpiadada «kiyintirish» uchun mas’ul. Kompaniyaga yengil atletikachi Sergey Bikovs­kiy asos solgan. «O‘smirlik davridayoq sport liboslari yaratishga qiziqqanman. Sportga ixtisoslashgan sinfda tahsil olganim bois, liboslarim va poyafzalim tezda yaroqsiz bo‘lib qolardi va bu umumiy tanqislik sharoitida katta qiyinchilik tug‘dirardi. 14 yoshda o‘zim uchun sport formasi tikishga qaror qildim. Urinishim zoye ketmadi, tez orada sotuvga ham mahsulot chiqara boshladim. Keyinchalik meni chayqovchilikda ayblashdi, chunki yakka tartibdagi savdo taqiqlangan edi. Mixail Gorbachyov davrida cheklovlar yumshatilgach, 1986 yili kooperativ ochdim. Ittifoq inqirozga uchraganidan keyin ham ishimni Qirg‘izistonda davom ettirdim», - degandi kompaniya asoschisi «Bishkek oqshomi» gazetasiga bergan intervyusida.

Endilikda Bigser Sport sport modasi uyi maqomida ish yuritmoqda - dizayn yaratishdan tortib, ishlab chiqarish va sotish jarayonlarini mustaqil amalga oshirmoqda. Bikovskiyning qizi Agata (badiiy gimnastika bo‘yicha mamlakatning ko‘p karra chempioni) - brend «yuz»i va yetakchi mutaxassis. Bigser Sport asosan Qirg‘iziston, Rossiya va Qozog‘iston bozorlari uchun ishlaydi. To‘g‘ri, liboslar to‘plami barchaga birdek ma’qul kelayotganini aytish qiyin. «Pekin Olimpiadasi bo‘yicha xulosa chiqarsak, Bigser kompaniyasi yo‘nalishi - sport ekipirovkasi. Shuning uchun yozgi Olimpiada-2012 uchun parad liboslarini «Dilbar» modalar uyi yaratdi. Umuman, London-2012da hattoki, sport ekipirovkasi masalasida ham kamchiliklar sezildi. Ya’ni Bigser barcha sportchilarni vaqtida ta’minlashga ulgurmadi. Deylik, MOQ vakillari bilan birinchi reysda uchganlar sport liboslarisiz ketishgandi. Bundan tashqari, logotip tuzilishi bo‘yicha ham formalarimiz XOQ talabiga javob bermadi», - deydi Qirg‘iziston MOQ bosh kotibi Salamat Ergeshov. 2014 yilgi Osiyo o‘yinlarida esa qirg‘izistonlik sportchi va murabbiylar Bigser ekipirovkalarini rad etdilar. Davlat sport agentligi vakili Kanat Arpachiyevning aytishicha, ularni forma sifati qoniqtirmagan. O‘shanda Bikovskiy sportchilardan o‘pkalagandi: «Hayronman, bizning liboslarimizni nega rad etishyapti... Vaholanki, har bir sportchiga alohida yondashishga intilamiz, lekin buning uchun terma jamoa tarkibini avvaldan ma’lum qilishlari lozim. Hozirda eng sifatli matolar va bo‘yoqlardan foydalanamiz, standartlarga to‘liq rioya qilamiz. Mahsulotlarimiz sifati va dizayni xalqaro darajada yuksak baholangani bejiz emas. Biroq...». Jumladan, boks bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni Orzubek Nazarov 2020 yili Bigser Sport faoliyatiga ijobiy baho berdi: «Bu kompaniyani 30 yildan buyon bilaman. Vaqtida aynan uning liboslarida ringga tushganman. Bemalol aytish mumkin: hozirgi mahsulotlari avvalgilaridan ancha sifatli». 

Biroq Tokio Olimpiadasi arafasida yana mojaro yuzaga keldi. MOQning mahalliy brend emas, Xitoyning Tectop kompaniyasi bilan shartnoma tuzgani Bigser Sport vakillarini qattiq ranjitdi. Bikovskiy avvaliga ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z noroziligini bayon etdi: «Kompaniyamiz dizaynerlari Rossiya, Qozog‘iston va bir qator mamlakatlarda yuksak nufuzga egalar, anchadan beri hamkorlikda ishlayapmiz. Lekin o‘z uyimizda qadrimiz yo‘q. Aftidan, amaldorlarimizda vatanparvarlik tuyg‘usi boshqacharoqdek». Ertasiga kompaniya matbuot anjumani tashkil etdi va MOQni aybladi: «11 yanvar kuni sportimiz mutasaddilariga Qirg‘iziston olimpiya termasini tekinga kiyintirishni taklif etdik. 30 yanvarda sport agentligi parad va sport liboslari uchun dizaynerlar o‘rtasida tanlov e’lon qildi. Ammo atigi bir kun o‘tib, MOQ Qirg‘iziston termasi Yaponiyaga Tectop liboslarida yo‘l olishini e’lon qildi». Keyin mojaro chigallashib ketdi. Xususan, MOQ bosh kotibi Ergeshov maxsus matbuot anjumanida barchasiga izoh berdi: «Bigser Sport vakillarining liboslar xususida murojaat etishgani haqidagi da’volarini inkor etaman. Aslida kelishmovchilik Londonda boshlandi - XOQ hay’ati Bigser formalariga e’tiroz bildirdi. Shu tufayli Rio Olimpiadasiga Joma liboslarida bordik». Bikovs­kiyning ta’kidlashicha, Yaponiyada uning kompaniyasi 25ta mamlakat (shaxsiy rekord) sportchilarini liboslar bilan ta’minladi. Asosiysi, hozirda kompaniya va hukumat o‘rtasidagi tushunmovchiliklar barham topgandek. Har holda, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham Bigser Sport liboslaridan foydalanadi. Mana, qirg‘iz brendi endi «Zenit» bilan hamkorlikka qo‘l urdi. Alohida aytish kerak, Piter klubi uchun chempionlik futbolkalarini aynan Bigser Sport tayyorlab berdi. Bu katta yutuq, albatta.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:15, 29.07.2022.
O'qildi: 1342 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.