Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Pike va Shakira o‘rtasidagi muhabbat tarixi

Pike va Shakira o‘rtasidagi muhabbat tarixi

Baho:
+ | -

Shakira va Pike ajralishdi. Ehtimol, ular ispanzabonlar jamiyatining XXI asrdagi namunali juftligi va sport bilan san’at uyg‘unligidan paydo bo‘lgan Bekxemlar davridan keyingi mukammal juftlikdir.

Jahon OAV zamonaviy «Majnun»ning bevafoligi va «Layli»ning asabiy kechinmalari xususida bong urayotgan pallada, biz ularning eng baxtiyor va quvonchli damlari - qay yo‘sinda uchrashganlari, nima sabab sevishib qolishgani va hamkorlikdagi 10 yilni nimalar bilan to‘ldirishganini yodga olishni afzal ko‘rdik.

Ular JARda tanishdilar: ob-havodan gaplashdilar, JCH tugagunicha yozishib turdilar - Layli bilan diydorlashish ishqida Majnun finalgacha yetib bordi

Ispaniya JAR mundialida g‘olib chiqdi, ammo o‘sha davr Pike uchun faqatgina hal qiluvchi bahslardagi muntazam ishtirok bilan yodda qolgani yo‘q. Boshlanishida Jerar Ispaniyaning asosiy himoyachisi, Shakira esa turnirning musiqiy yuzi edi. Ular musobaqa starti arafasida, Waka Waka klipini tasvirga olish paytida tanishdilar. Yakunda Pike This Time for Africa shiorini namoyish etish bilan videodan joy oldi.

Keyinchalik Pike Shakiraga yana uchrashish niyatida ekanligini yozdi, u finalga chiqishdan umidvor edi. Chunki Shakira finalning badiiy qismida ishtirok etardi. Muloqot uzilib qolmasligi uchun futbolchi ob-havo xususida savol berdi, qiz Afrikaga undan avvalroq kelgandi. Keyinchalik Shakira shunday degandi: «Butun hayotim muhabbatini o‘sha turnirda uchratganimni hech qachon unutmayman».

Ular turnir davomida o‘zaro yozishmalar orqali bog‘lanib turishdi. Pike Shakirani terma jamoa natijalari bilan tanishtirib, finalni kutardi. Bunga javoban o‘sha videoda o‘ta chiroyli ko‘ringani haqidagi xabarni oldi. JCH yakunlangach, umumiy tanishlari sevishganlarga uchrashuv uyushtirishdi. O‘shanda do‘stlik rishtalari bog‘landi. Tanishuv paytida qiz ham, yigit ham boshqa juftlikda edilar. 2010 yilning avgustida ham ular shunchaki, tanishlardek ko‘ringandilar. Lekin tez orada Shakira 11 yil birga yurgan Antonio de la Rua bilan ajrashdi, Jerar esa aktrisa Nuriya Tomas bilan aloqani uzdi. 2011 yil bahorida nihoyat, Pike va Shakira pinhoniy sevgilarini oshkor etishdi.

Ikkisi uchun ham o‘tmishni unutish oson bo‘lmadi. Nuriya Tomas bir necha yildan keyin alamlar unutila boshlaganini tan olgandi. Shakira esa Antonio bilan tovon puli masalasida sudlashib, uni o‘z foydasiga hal etdi.

Shakira Jerardan 10 yoshga kattaroq. Lekin ikkovi bir kunda - 2 fevralda tug‘ilishgan, buni birgalikda nishonlashardi. Bu sanani juftlik Yaratganning o‘ziga xos in’omi sifatida baholadi. «Bir necha yil davomida muhabbatdan yiroq edim. To‘satdan uni uchratdim va quyosh chiqdi», - degandi Shakira.

O‘zaro munosabatlar Shakiraning turmush tarziga sezilarli ta’sir etdi. Pike uning erkaklar bilan kliplarda tasvirga tushishini taqiqlab qo‘ydi. Asta-sekin juftlik ikki teng huquqli kishini qoniqtiradigan tartibni ishlab chiqishdi. Eng qiyini - kelinning o‘ta bandligi edi. Turli mamlakatlardagi gastrollar tufayli, u bir oy oiladan ayro yurar, lekin muntazam ravishda telefon orqali bog‘lanib turardi. Boshqa jihatlarni kelin ham, kuyov ham oshkor etishni istamadi.

Ular deyarli hech qachon qandaydir keskin vaziyatni namoyish etishgan emas. Ikki nafar o‘g‘lonni dunyoga keltirishgach, munosabatlar yanada mustahkamlandi. 2013 yil yanvarida Milan, 2 yildan keyin Sasha tavallud topdi. Shakira turmush o‘rtog‘ini zamonaviy ota sifatida hurmat qilishi va o‘zi ham bolalar tufayli tegishli o‘zgarishlarni amalga oshirganini aytgandi. Pike esa bu borada kamtarona fikr bildirdi: «Biz boshqa oilalardan farq qilmaymiz. Farzandimizga ko‘proq vaqt ajratishga, sayr qilish, kino yoki teatrga borishga harakat qilamiz».


Shakira tufayli Pike yanada    intizomliroq bo‘ldi va «Barsa»da qoldi

Jerar bilan tanishgunga qadar, futbol Shakirani umuman qiziqtirmasdi. Keyin u barcha voqealarni to‘xtovsiz kuzatadigan, Pike ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qiladigan bo‘ldi.

Pike bilan tanishtirgan futbolga minnatdorlik sifatida Shakira butun oilasini millionlar o‘yiniga jalb etdi, o‘zi o‘yin qoidalarini o‘rgandi. Uning yonma-yon ekanligi hatto Jerardagi ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi: mashg‘ulotlarda yanada intizomliroq bo‘lib qoldi, Gvardiola bilan samimiy munosabatni tikladi, «Barsa»ni tark etish fikridan qaytib, ideal futbolchi bo‘lishga ahd qildi.

Tantanali marosimlarga Pike ko‘pincha Shakira hamrohligida borardi. Kataloniya FFning mukofoti qabul qilganida ma’shuqasini mahkam quchoqlab olgani marosimning eng ta’sirchan lavhasi bo‘ldi. Shakira tribunada o‘tirgan pallada Jerar albatta unga bo‘sa yo‘llashni unutmasdi. «Qachondir Jerar «Barselona» prezidenti bo‘ladi. Men esa «Barsa»ning yetakchi xonimi bo‘laman», - degandi Shakira to‘lqinlanib.

Ajralish xususidagi gap-so‘zlar qayerdan keldi?

Juftlik o‘rtasidagi muammolarni 2022 yilda El Periodico chop etdi. Ispan va katalon tillarida chiqadigan gazeta 1978 yilda o‘z faoliyatini boshlagan, ixtisosi - sport. Mavqei jihatidan Ispaniyaning 5-gazetasi.

2019 yilda nashr sohibining almashuvi tahririyat siyo­satiga ham ta’sir etdi. Aynan shu nashr jurnalistlari Pike Shakiraga xiyonat qilganligini ta’kidladilar. Shu sababli futbolchi ma’shuqasini tark etib, eski uyiga qaytgan. Materiallarda qizning shaxsi oshkor etilmagan - faqat 20 yoshli barselonalik mallasoch ekanligi bayon etilgan. Go‘yoki, Shakira uni Pike bilan ko‘rgan emish. Keyin boshqa nashrlar ham media gulxaniga moy quyishni boshlab yuboradi. Maktabdan bolalarni Shakiraning o‘zi olib kelayotgani, dam olish kunlarida ham Pike ularning yonida ko‘rinmay qolgani haqidagi xabarlar «bolalab» ketdi.

Juftlikning ajrashishi xususidagi mish-mishlar 2017 yilda ham avj olgandi. Jerarni avval isroillik modelga, keyin sobiq ma’shuqasi Nuriya Tomasga «bichishgan», Nuriya bularning barchasi tuhmat ekanligini rasman ta’kidlab o‘tgandi. Shunga o‘xshash «tosh otishlar»ga juftlikning yonma-yon tushilgan suratlari javob bo‘lardi. Ular hayotda oila doimo 1-o‘rinda turishini, har qanday muammo muhabbatga rahna sola olmasligini ko‘p ta’kidlashardi. Shu yilning bahorida Shakira va puerto-rikolik reper Rauw Alejandro yangi ijodiy ishlarini namoyish etdilar. Afsus-nadomat, iztirob va umidsizlik bilan to‘lib-toshgan asardan quyidagi jumlalar ham o‘rin olgan: «Yig‘layverib ko‘zlarim qizarib ketdi - men sen tufayli yig‘layapman. Nazarimda, sen afsusdasan. So‘zlaring samimiydek, lekin seni yaxshi bilaman, yolg‘on so‘zlayotganingni bilaman. Faqat aktyorlik mahorating maqtovga loyiq».

SODIQ SOBIR tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:00, 06.08.2022.
O'qildi: 7391 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.