Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Serj Gnabri: «Bavariya»da klub madaniyati bilan yashashni o‘rganasiz...»

Serj Gnabri: «Bavariya»da klub madaniyati bilan yashashni o‘rganasiz...»

Baho:
+ | -

Endilikda tajribasi ancha oshgan universal hujumchi - Serj Gnabri yaqinda «Bavariya» bilan shartnomasi muddatini uzaytirdi va klub rasmiy saytiga maxsus intervyu berdi.

Futbolchi suhbat davomida qiziqarli mavzularga to‘xtalish barobarida jiddiy xulosani bayon etdi: «Tayyorgarlik jarayoni tugadi, hisob. Raqobatbardosh o‘yinlar endi boshlanadi!»

- Serj, bu yilgi tayyorgarlik vaqti nisbatan qisqa bo‘ldi. Shunga muvofiq, mashg‘ulotlarda yuqori faollik sezildimi?

- Ha, vaqt cheklangandi, oldinda esa o‘yinlar juda ko‘p. Tabiiyki, bu holat futbolchini jismonan toliqtiradi. Lekin mashg‘ulotlar muhimligini, nima uchun qattiq ishlayotganimizni yaxshi bilamiz. Axir bugungi qiyinchiliklar ertaga ishimizni ancha osonlashtiradi.

- Jamoa safiga qo‘shilgan yangi futbolchilar qanday taassurot uyg‘otishdi? Ular moslashishda qiylanishmayaptimi?

- Hammasi yaxshi! Aslida holat oddiy emas, harqalay, aksariyat yangi yigitlar boshqa tilda gaplashishadi va bizni darhol tushunishlari qiyin. Lekin ko‘ryapmizki, safimizga juda quvnoq yigitlar qo‘shilishdi - ajoyib ijrochilar. Albatta, hali hammasini maydonda ko‘rsatish talab etiladi. Ishonchim komil, klub rahbariyati ularni bejiz jalb qilmagan. Qolaversa, yangilar bilan o‘ynash hamisha maroqli.

- Robert Levandovski ketdi, Sadio Mane keldi. Bu «Bavariya» hujumi uchun nimani anglatadi?

- Bizda har doim bir mavsumda 40tacha gol uradigan hujumchi o‘ynagan, Sadio bu an’anani davom ettirishi kerak. «Bavariya»ga xos mahsuldorlik yangi marralarga olg‘a intilish va hujumkor o‘yinchilarning o‘sishlari uchun yaxshi imkoniyat, menimcha. Qisqasi, bosh goleadorning o‘zgarishida hech qanday yomon joyi yo‘q - bu biz foydalanishni istaydigan yangi imkoniyat.

- «Xoffenxaym»da aynan Yulian Nagelsman qo‘l ostida hujumchi sifatida o‘ynagansiz. Hozirchi, uning siz bilan bog‘liq rejalari qanday?

- Ikki hujumchiga asoslangan o‘yin chizmasida o‘zimni ancha qulay his qilyapman, bu taktika milliy jamoada ko‘p qo‘llanilgan, qolaversa, «Xoffenxaym»da ham shunday o‘ynaganmiz. O‘zimga qolsa, markazda to‘p surishni ma’qul ko‘raman, lekin barchasi avvalo, murabbiyning qanday tizimni tanlashiga bog‘liq. Har holda, juda moslashuvchanmiz, bizda o‘zaro pozisiya almashtirib o‘ynaydigan futbolchilar yetarli. Agar bir-birimizni yaxshi tushunsak va yo‘nalish to‘g‘ri olinsa, kimdir markazdan qanot tomon harakatlanadi yoki aksincha. Asosiysi, bunda hech qanday muammo chiqmaydi.

- Mana, klub bilan uzoq muddatli shartnoma tuzdingiz. «Bavariya» bilan yana nimalarni mo‘ljallayapsiz?

- Klub tarixi doimiy ravishda yangilanadi. Biz - futbolchilar ushbu jarayonni shakllantirish imkoniyatiga egamiz. Demak, tarix kitobini iloji boricha ko‘proq muvaffaqiyat bilan to‘ldirishni xohlaymiz. Bu yerda ajoyib jamoaviy ruhiyat mavjud. Dunyo darajasidagi bunday top-klubda o‘ynash - o‘zgacha rohat.

- Hozirgi shartnomangiz yakunigacha qolsangiz, «Bavariya»dagi yurish muddati 8 yilga yetadi. Qiziq, bu yerda uzoq vaqt qolish uchun futbolchi qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?

- Albatta, iste’dod, ambisiya, o‘ziga ishonch va doimo oldinga intilish istagi talab etiladi. Jamoa ichida raqobat hech qachon to‘xtamaydi, aql bovar qilmas iste’dodlar kelaverishadi. Xuddi Jamol Musiala, Pol Vanner yoki Gabriel Vidovich kabi. O‘zingizni biroz bo‘sh qo‘yishingiz aslo mumkin emas, aks holda, o‘rningizni yo‘qotasiz. Shu ham faoliyatingiz rivojlanishida katta rol o‘ynaydi.

- «Bavariya»ning mashhur DNKsi shumi?

- Ehtimol. Tan olaman, jamoaga kelishimga qadar menda bunday fazilatlar uncha sezilmasdi. Buni faqat shu muhit ichiga tushish va har kuni ko‘rish asnosida o‘rganish mumkin. Har 3 kunda g‘alaba qozonish zarurati hamma joyda ham odatiy hol emas, «Bavariya» esa megaklub, shubhasiz. Uning tarkibida shu madaniyat bilan yashashni o‘rganasiz o‘z-o‘zidan.

- Hozir futbolchi uchun eng yaxshi davrdasiz - 27 yosh. Jamoadagi iqtidorlar sizdan nimalarni o‘rganishlari mumkin?

- Frank Riberi, Aryen Robben, Filipp Lam, Bastian Shvaynshtayger va Xabi Alonso atrofida tajriba to‘plagan avvalgi avlod vakillaridan ko‘p narsa o‘rganish mumkin. Barcha yigitlar bu yerda martaba topish uchun kelishgan va kerakli xususiyatlarga egalar. Albatta, mashg‘ulotlar jarayonida yoshlarga ba’zi yo‘l yo‘riqlarni ko‘rsatishim mumkin, albatta, o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda. Yana nima deyishim mumkin? Yigitlar «Bavariya»dek klubda o‘z salohiyatlariga ishonch hissini hamisha birinchi o‘ringa qo‘yishlari kerak. Jamoaga qo‘shilib kelishda asosiy va eng muhim shart shu. Oddiy aytganda, kattalar futboliga o‘tishda ishonchsiz harakatlansangiz, hech vaqoga erisholmaysiz.

- Birodarlaringiz bilan yana ko‘plab sovrinlar yutishni xohlashingiz tayin. Aytingchi, Joshua Kimmix va Leon Goreska bilan do‘stlik aynan o‘zingiz uchun nimani anglatadi?

- Bizda o‘zaro ishonch o‘ta kuchli. Do‘stligimizning asosiysi ma’nosi ham shu. Binobarin, br-birimizni bolalikdan yaxshi bilamiz, shuning uchunmi, o‘rtamizda qandaydir muammo chiqmaydi - sinovdan o‘tgan kuchli triomiz. Agar siz yoningizdagi insonni yaxshi bilsangiz, qanday fazilatlarga egaligini tushunsangiz, unga har doim ishonishingiz mumkin. Yaxshi jamoadoshlar davrasida o‘ynasangiz, ishga shunchaki, borib-qaytish tushunchasi o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Bizda shaxsiy hayotda ham umumiy jihatlar ko‘p, bu ham o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.

- Endi siz ham «Bavariya» yetakchilari guruhidasiz...

- Bunga yosh va tajriba, shuningdek, jamoadagi mavqeingiz bilan yetishasiz. Lekin barchasi tabiatan qanday inson ekanligingizga ham bog‘liq. To‘g‘ri, yetakchilikni hamma baralla ko‘rsatmaydi. Misol uchun, bu borada maydonda hamisha baland ovozda baqirib o‘ynaydigan Joshua Kimmixning aksiman. Muhimi - har qanday usulda yosh futbolchilarga yordam va dalda berish, ularni ruhlantirish. Vaqtida o‘zimiz ham yosh yigitchalar bo‘lganmiz va faxriy futbolchilar bizni chinakamiga qo‘llab-quvvatlashgan.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:30, 11.08.2022.
O'qildi: 1346 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.