Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Futbol va oila: Orzu misoli sportcha juftlik

Futbol va oila: Orzu misoli sportcha juftlik

Baho:
+ | -

Germaniya milliy jamoasi bilan jahon chempioni maqomiga erishgan «Bavariya» afsonasi Bastian Shvaynshtayger va tennis olamining sobiq birinchi raketkasi, serbiyalik Ana Ivanovich necha yillardan buyon mustahkam juftlik sifatida namunali oilaviy hayot kechirmoqdalar.

Futbol va tennis afsonalari qay tariqa tanishganlar va hozir nimalar bilan mashg‘ullar?

Tanishuv tarixi

Shvaynshtayger va Ivanovichning o‘zaro munosabatlari ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan. Albatta, ular bunga qadar ham bir-birlari uchun notanish emasdilar. Aytishlaricha, Bastian va Anani avlodlari serbiyalik sanalgan germaniyalik tennischi Andrea Petkovich tanishtirib qo‘ygan ekan. To‘g‘ri, futbolchi va raketka ustasi o‘rtasidagi yaqin munosabatlar 2014 yilning kuzida, Ice Bucket Challenge turniri bahona boshlandi. Ana o‘shanda Bastian ustidan suv quyish bilan uni o‘ziga jalb etgandi. Har ikki sportchi o‘z fao­liyatining eng yorqin davrida bo‘lib, Ivanovich jahon reytingining yuqori o‘nligiga qaytgan, futbolchi esa Braziliya mundialida g‘alaba nashidasini surgandi. Nyu-York safariga qadar juftlik o‘zaro munosabatini oshkor etmagandi. Lekin US Open turniridan keyin fotokameralar ikkisini necha martalab birga tasvirga tushirish yo‘lini topdi.

Aslida Bastian Braziliya mundialiga avvalgi mahbubasi Sara Brandner bilan borgandi. Tabiiyki, ular ancha oldin tanishganlar. Shvaynshtayger va Ivanovich o‘rtasidagi sevgi uchqunlari oshkor bo‘lganidan 2 oy o‘tib, OAVda futbolchi Sara bilan aloqalarni batamom uzgani haqida xabarlar urchidi. Vaholanki, Bastianning yaqinlari uning Brandner yoniga qayt­ganini ma’lum qilishgandi. Keyinchalik germaniyalik futbolchi Avstraliya ochiq chempio­nati - Australian Open tennis turnirida Ivanovichni oshkora ravishda qo‘llab-quvvatladi, «Bavariya» yig‘inida maydonga Serbiya bayrog‘i, 31|7 raqami va «Azizam» yozuvi tushirilgan butsada tushdi. Shu tariqa barchasi tasdiqlandi, mish-mishlar haqiqatga aylandi. Ana va Bastian shu-shu turli mamlakatlar va shaharlarda bir-birlarini oshkora qo‘llab-quvvatlashga odatlanishdi. 

O‘z o‘rnida aytish kerak, Ivanovich germaniyalik futbolchi bilan tanishishiga qadar bir qator taniqli sportchilar mahbubasi sifatida tilga olingandi. Masalan, uning ispaniya­lik tennischi Fernando Verdasko va avstraliyalik golfchi Adam Skott bilan munosabatlari ovoza bo‘lgandi. Shuningdek, sohibjamol tennischiga serbiyalik basketbolchi Ivan Pau­nich, tennischi Novak Jokovichning sparring-sherigi Mark Stillitano ham befarq emasdilar.

To‘y marosimi

Futbolchi va tennischining to‘y marosimi 2016 yilning 12 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Biroz oldinroq Bastian Yevropa chempionatida qatnashgandi, Ana esa «Uimbldon» turnirida. Nikoh o‘qish jarayoniga Venesiyadagi Palasso Kavalli-Franketti saroyi tanlandi. 300 nafar mehmon qatori Yoaxim Lyov, Tomas Myuller, Endi Marrey, Feliks Noyroyter va boshqa afsonalar qayiqlarda shahar kanallari bo‘ylab sayrga chiqdilar. Qisqasi, to‘y o‘ta dabdabali tus oldi. Darvoqe, tantanali oqshom qayerda tashkillashtirilishi so‘nggi pallagacha sir tutilgandi. To‘yga taklif etilganlar aeroportda yig‘ilishdi va charter reys bilan Venesiyaga parvoz qilishdi. Umuman, oqshomga roppa-rosa yarim yil tayyorgarlik ko‘rildi. Serbiya matbuoti ma’lumotiga qaraganda, to‘y tantanalariga chamasi 1 mln. yevro sarflangan. Kelin-kuyov Kannarejodagi Mizerikordiya abbatligi cherkovida nikohdan o‘tdilar.

 

Farzandlar

2018 yilning 19 martida baxtiyor juftlikning to‘ng‘ich farzandi dunyoga keldi. Ana suyukli turmush o‘rtog‘iga o‘g‘il chaqaloq tortiq etdi. Luka 1 yoshdan oshgach, sportchilar oilasi yangi xushxabarni e’lon qildi. «Muhabbat va quvonch hissini qalbimizga sig‘dirolmay qoldik. Farzandimiz ukali bo‘ldi», - deya xabar qoldirdi Ana «Tvitter»dagi sahifasida. 2019 yilning 30 avgustida tavallud topgan chaqaloqqa Lukaga o‘xshash ism tanlashdi - Leon. Aytish joiz, yulduzlar juftligi o‘z zurriyotlarini yomon ko‘zlardan imkon qadar uzoqroq olib yurishga intiladi. Deylik, ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy suratlar paydo bo‘lsa ham, bolakaylarning faqat jajji qo‘llari yoki oyoqlarigina ko‘rinadi. «Bolalarimizga kim ekanligimiz haqida umuman gapirmaymiz va bu maxfiylik iloji boricha uzoq davom etishini istaymiz. Zero, o‘g‘lonlarimiz o‘z qiziqishlari va yo‘nalishlarini mustaqil tarzda tanlashlari tarafdorimiz», - degandi Ana o‘z intervyularidan birida. 

 

Juftlikning hozirgi yumushi 

Bastian va Ana oxirgi vaqt­lar AQSHda istiqomat qilmoqdalar. Asosiy yumushlari - Luka va Leon tarbiyasi, yana tennis kortida o‘zaro kuch sinashish. Ba’zan ularni rang­li jurnallar muqovalari, turli tadbir va marosimlar, shuningdek, sport uchrashuvlarida uchratish ham mumkin. Shvaynshtayger shuning barobarida TVda ekspert sifatida chiqish qiladi, yaqinda esa o‘z biografiyasi - «Sizlardan biringizman» asarini yozib tugatdi. Ivanovich pandemiya davrida ona vatani Serbiyaga qo‘lidan kelganicha yordam berdi, shifoxonalar uchun o‘pkani sun’iy tarzda ventilyasiya qiladigan apparatlar yubordi. Umuman, hozir ham ijtimoiy tarmoqlarda mashhur juftlikning yangi-yangi suratlari tez-tez chiqib turibdi. Qisqasi, WELT portali futbolchi va tennischi oilasini sport olamining orzular juftligi sifatida e’tirof etgani bejiz emas. Shvaynshtayger - Ivanovich ittifoqi shunday yuksak maqomga munosib, shubhasiz.

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:05, 28.08.2022.
O'qildi: 1939 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.