Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Samvel Babayan: «Jamshid Iskanderov — terma jamoa darajasidagi futbolchi»

Samvel Babayan: «Jamshid Iskanderov — terma jamoa darajasidagi futbolchi»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Coca Cola kubogi chorak finalidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Samvel Vyacheslavovich odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

— Barchaga xayrli kech. So‘zim avvalida hammangizni Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman, sog‘lik-salomatlik va baxt tilayman. G‘alabamizni Mustaqilligimiz bayramiga bag‘ishlaymiz. Endi o‘yin borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, bitta jamoaga qarshi ketma-ket ikki marta o‘ynash qiyin. Umuman, bellashuvga ob’ektiv tarzda  baho beradigan bo‘lsak, birinchi uchrashuvda ham bizda yaxshi imkoniyatlar bo‘lgan, darvozani ishg‘ol qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar yuzaga kelgandi. Oldingi o‘yinda ham zafar quchish  uchun vaziyatlar yetarli bo‘lgandi. Bugun esa yigitlar 3-4 marta juda qulay imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin edi. Ayniqsa, uchrashuv tugashiga oz fursat qolganida ham hisobni o‘z tomonimizga og‘dirishimiz uchun yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik.

Shunga qaramay, ikkala jamoa ham bir-biriga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatdi va munosib jamoalar to‘qnashuvi bo‘ldi. Juda sifatli o‘yin namoyish etdik. Bunday futbol O‘zbekiston futboli rivojiga turtki beradi. Mana shunday o‘yinlar qancha ko‘p bo‘lsa, yoshlarimiz shuncha sifatli bo‘lib o‘sib boraveradilar. Shuningdek, o‘z ishlarini sifatli bajargan holda milliy terma jamoaga ham chaqiriladilar.

Bugun terma jamoaning ko‘plab a’zolari maydonda harakatlanishdi. Shu bilan kimning qanday formada ekanligini ko‘rib olishga yaxshi imkoniyat tug‘ildi. Umuman olganda, mavsum avvalida aytilganidek, asosiy maqsadimiz klub brendini yanada rivojlantirish va an’analarni tiklashdan iborat. Klubning shonli tarixini qaytarmoqchimiz. Bu yo‘lda juda ko‘p ishlar olib borildi va natijalarini ko‘rib turibmiz. Men buni bugungi o‘yindan yoki turnir jadvalidan kelib chiqqan holda gapirmayapman. “Navbahor”ga qanchadan-qancha yosh o‘yinchilarning qo‘shilayotgani haqida gapiryapman. Bu yuqori natija. Ular klub tizimida shakllanadi. Haqiqiy vatanparvar bo‘lib yetishadigan yigitlar. Tarbiyali bo‘lib voyaga yetadilar.

Bu vazifani ikkinchi marta bajarishimga to‘g‘ri kelmoqda. 2008 yilda 5 yil mobaynida ushbu maqsadni amalga oshirgandim. O‘shanda “Bunyodkor” o‘zbek futboli bayroqdori bo‘lgan paytda, yurtimiz futboli uchun muhim bo‘lgan vazifani amalga oshirgandim. Yosh futbolchilar bilan mazkur jamoaga munosib qarshilik ko‘rsatish, raqobat yuzaga keltirishga harakat qilgandik. Ayni paytda ham shunday holat hukmron. “Paxtakor” ko‘p yillardan buyon gegemonlik qilmoqda. Poytaxtliklar tarkibida boshqa jamoalardan xarid qilingan ko‘plab mahoratli futbolchilar bor. Biz esa yosh futbolchilarni tarbiyalashga intilamiz. Bu esa nafaqat Namangan viloyati, balki yurtimiz futbolining ham rivojlanishiga turtki beradi.

Ishlashda davom etamiz. Garchi 5-6 kun kun ichida yana “Paxtakor” bilan uchrashuv o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsada, yaxshi o‘yin namoyish etdik. Bugun stadionga tashrif buyurgan va bahsni oynai jahon orqali tomosha qilgan muxlislar bugungi o‘yindan o‘zgacha zavq olishdi. Biz oldinga qadam tashlash va muxlislarni xursand qilishda davom etamiz.

— Avvalo “Navbahor”ni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Negadir jamoa yetakchilari bo‘lgan Jamshid Iskanderov va Jamshid Boltaboyev O‘zbekiston  terma jamoasida o‘ynashga loyiq o‘yinchilar bo‘lishsada, milliy jamoadan chaqiruv olishmayapti. Bu ularning “Navbahor”da o‘ynayotganliklari bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababi bormi?
— Avvalo shuni ta’kidlash joizki, biz milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bizning asosiy vazifamiz terma jamoalarimizga munosib o‘yinchilarni yetkazib berishdan iborat. Albatta, terma jamoaga qaysi futbolchilarni taklif qilish bu avvalo murabbiyga bog‘liq. Jamshid Iskanderov haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, menimcha, u terma jamoa darajasidagi futbolchi. Iskanderovning terma jamoa yetakchilari bo‘lgan Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov, Rustamjon Ashurmatov va O‘tkir Yusupovdan kam joyi yo‘q.

Jamshid Iskanderov yurtimizdagi eng mahoratli futbolchilardan biri va u o‘z o‘yinlari  bilan terma jamoada o‘ynashga loyiq. U milliy terma jamoamizga nomzod futbolchilar ro‘yxatidan joy olgan yoki olmaganligidan xabarim yo‘q.

Shuningdek, Jamshid Boltaboyev ham terma jamoada o‘ynashga loyiq. Bu mening o‘z shogirdlarim borasidagi fikrlarim.

— Sizningcha, bugungi g‘alabaga qaysi futbolchi munosib hissa qo‘shdi?
— Mening maydon tashqarisida ko‘rsatayotgan turli xil emosiyalarim shu orqali futbolchilar bilan gaplashayotganimdan dalolat. Biz shunday tarzda bir-birimizni tushunamiz. G‘alabaga munosib hissa qo‘shgan o‘yinchilar to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsam, barcha yigitlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular zafar quchish uchun bor kuchlarini berishdi. Professionallikni namoyish etishdi. Bugun “Navbahor” sifatli o‘yin namoyish etgan holda, maydonda ustunlik qildi.      

Shuningdek, fursatdan foydalangan holda, Namangan viloyati hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqovga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shavkat Shokirjanovich jamoamizga barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Bu esa yutuqlarimiz omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, bugungi g‘alabada ham viloyat rahbarining munosib hissasi bor.   Yana shuni ta’kidlash lozimki, aynan Shavkat Shoikrjanovichning sa’y-harakatlari futbolimizning yanada o‘sishiga xizmat qiladi. “Navbahor” murabbiylar shtabi va jamoamiz nomidan Namangan viloyati hokimiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

— Oldingi bahslarda “Navbahor” bitta gol urganidan keyin himoyaga ko‘proq e’tibor qaratardi. Bugungi uchrashuvda esa jamoangiz gol urganidan keyin yanada hujumkor o‘yin namoyish etdi. Bunga stadiondagi muhit, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi sabab bo‘ldimi yoki sizning o‘yinga tanlagan uslubingiz shundaymi?
— Ushbu bellashuvdan oldin, oxirgi 3-4 ta o‘yinimizni tahlil qildik. O‘sha uchrashuvlarda “Qo‘qon-1912” va “Paxtakor” jamoalari bilan durang natijalarni qayd etdik. Bu esa futbolchilarning ruhiy holatidan kelib chiqadigan vaziyat. Hisobda oldinda borayotgan paytda yigitlar ehtiyotkor bo‘lishga intilishadi. Ammo bugungi bahsda shogirdlarim ajoyib o‘yin namoyish etgan holda, o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani bajarishdi. Futbolchilar barcha vaziyatlardan foydalanishganida, hisob bundan ham yirikroq ko‘riish olgan bo‘lardi, menimcha.

— Davron Hoshimov jarohat olib,  maydonni erta tark etdi. Uning jarohati jiddiy emasmi?
— O‘ylashimcha, Hoshimovning jarohati jiddiy emas. Umid qilamizki, futbolchi bir-ikki kun dam olib, keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘radi.

— O‘yindan bir kun oldingi mashg‘ulotlaringiz nega yopiq tarzda o‘tkazildi?
— Uchrashuvdan bir kun oldingi mashg‘ulotlar yopiq tarzda o‘tkaziladi. Lekin boshqa kungi mashg‘ulotlarimiz barcha, shu jumladan, jurnalistlar uchun ham ochiq. Qolaversa, bazamiz ham ochiq. Istagan kishi kelishi mumkin.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 14:42, 03.09.2022.
O'qildi: 1532 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.