Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xurofotga liq futbol

Xurofotga liq futbol

Baho:
+ | -

Sportchilar guruhi azaldan bashariyatning eng irimchi toifalaridan biri hisoblanadi.

Jumladan, xurofot amallar - ajabtovur an’analar futbol madaniyatining ajralmas qismi o‘laroq, yil sa­yin tobora avj olmoqda. Ko‘plab futbolchilar butsa kiyish yoki maydonga qadam tashlashda o‘ng oyoqni qat’iyan birinchi o‘ringa qo‘­yishlarini yaxshi bilamiz - bu yaxshi amal, albatta. Biroq futbol olami telbavor bit’atlarga ham to‘la. Oddiy misol, jamoa stadion sari yo‘l olganida, murabbiy avtobus haydovchisiga har qanday holatda ham to‘xtamaslikni buyurishi - oddiy irim. Yaltirbosh Fabyen Bartezning bo‘sa voqeasi ko‘pchilikka ma’lum, albatta. Umuman, ba’zi futbolchilar va murabbiylar borki, yanada ajablanarli, hattoki, o‘ta yovvoyi harakat bilan omadni o‘z tomonlariga og‘dirishga urinadilar...

 

Spanch-Bob tasviri tushirilgan trusa

Ajabo, Antuan Grizmann aynan trusa yordamida omad pallasini o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qiladi. Fransiyalik hujumchining so‘zlariga ko‘ra, Spanch-Bob uning suyukli qahramoni va shu personaj surati tushirilgan trusada maydonga tushsa, hamisha muvaffaqiyatli  o‘ynaydi. Qizig‘i, hujumchi o‘zining eng yorqin davri, jumladan, Yevro-2016 turnirini shunday trusada o‘tkazgan va yakunda bosh to‘purarga atalgan sovrin sohibiga aylangan. To‘g‘ri, Antuan bu masalada novator emas. Undan ancha avvalroq «Chayon zarbasi»ni amalga oshirgan kolumbiyalik mashhur darvozabon Rene Igita har doim shorti ostidan moviy tusli trusa kiyib maydonga tushgan. Aytishlaricha, folbin shu rangli ichki kiyim vositasida «Atletiko Nasyonal»ni tavqi-la’natdan xalos etganini ma’lum qilgan va jamoa Libertadores kubogida zafar quchgan. Igita esa buni Yaratganning in’omi sifatida qabul qilgan.


Omadli futbolka

Qirol Pele ham xurofotdan xoli emas. Ma’lum vaqt har bir o‘yinda gol urish an’anasi uzilib qolgach, braziliyalik afsona buning sababini qidira boshlaydi va o‘zicha bir to‘xtamga keladi: «Omad «Santos» muxlisiga sovg‘a qilingan futbolkam bilan ketib qolgan ko‘rinadi». Qarangki, Pele professional detektiv yordamida futbolkani qaytarib oladi va yana gollar seriyasini boshlab yuboradi. Eng qizig‘i, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda buyuk hujumchiga o‘zi omadli hisoblagan futbolkani qaytarishmagan, shunchaki, uni behuda azobdan xalos etish uchun eski formalaridan birini keltirib berishgan. Xullas, Pelening yana gollar seriyasini boshlaganida futbolkaning daxli yo‘q aslo...


Dostoyevskiy asarlaridan parcha o‘qish

Jennaro Gattuzoni futbolchilik faoliyatidan xabardor muxlislar uning maydondagi shashtu shiddatini hali unutmaganlar. Ehtimol, bunga ishonish qiyindir, ammo haqiqat shuki, Rino hayotda u qadar qo‘rs va jonsarak emas. Deylik, Jennaro - lazzatli taomlar va qiziqarli asarlar shaydosi. Uning o‘zi vaqtida Fyodor Dostoyevskiy ijodining muxlisi ekanligi, o‘yinlar arafasida asarlaridan parcha o‘qish asnosida e’tiborni jamlashi va bu jamoasiga omad keltirishini aytgandi.


Tarsaki va saqich

Shon-shuhrat bobida buyuk Peledan sira qolishmaydigan Yoxan Kroyff ikki udum shaydosi edi. U «Ayaks»da har o‘yin arafasida jamoa darvozaboni Gert Balsani tarsaki bilan «siylar», hakamning start hushtagi yangraganida esa, chaynab turgan saqichini maydonning raqiblarga tegishli yarmiga puflardi. Taajjubki, 1969 yilgi Chempionlar kubogi finalida Yoxan saqich olishni unutib qo‘ygan va «Ayaks» hal qiluvchi bahsni «Milan»ga 1:4 hisobida boy bergan...


Getrani teskari kiyish

Afsonaviy darvozabon Iker Kasilyas ertaknamo qissani boshdan kechirgan. Homiladorlik payti samolyotda parvoz qilgan onasiga yonida o‘tirgan folbin ayol agar o‘g‘liga baskcha ism qo‘ysa, kelajakda buyuk sportchi bo‘lib yetishishini aytgan ekan. To‘g‘ri, bashorat o‘z yo‘liga, hammasi insonning harakatiga bog‘liq. Lekin Ikerning o‘zi ham butun faoliyatida irim-sirimlarga qat’iy amal qilgani - bor gap. Masalan, Kasilyas jamoa­sining har goliga javoban sakragan holda o‘z darvozasi to‘sinini silab qo‘yishga odatlangan edi. O‘zi gol qo‘yib yuborgan taqdirda esa, keyingi o‘yinda boshqa libosdan foydalanardi, albatta. Iker eng ajabtovur an’anani 2008-2013 yillar oralig‘ida namoyish etgan: maydonga teskariga ag‘darilgan getra bilan tushgan. U ushbu xurofotdan voz kechgach, 2 yildan keyin «Real» bilan xayrlashdi.


Iyagini ishqab qo‘yish

Kasilyasning «Real»dagi ampluadoshi Tibo Kurtua esa Belgiya terma jamoasi o‘yinlarida bir irimga qat’iy amal qilishi bilan ajralib turadi. Davlat madhiyasi ijro etilayotgan, telekameralar nigohi Tiboga qaratilgan pallada u iyagini ohista silab qo‘yadi.


Paypoq ichida rayhon

Adrian Mutu yoshlik davrida Sharqiy Yevropaning eng iqtidorli futbolchisi sifatida e’tirof etilgandi. Manbalarda yozilishicha, ruminiyalik folbinlardan biri o‘sha vaqt­dayoq futbolchiga ma’shuqasining tavqi-la’nati tufayli yorqin yulduz maqomiga ko‘tarilolmasligini aytgan, u esa bunga oddiy javob bergan: «Yo‘q, qandaydir qarg‘ishlar menga ta’sir ko‘rsatolmaydi. Chunki ichki libosimni ag‘darilgan holda kiyaman va maydonga tushayotganda getram ichiga rayhon solib olaman». Aytish joiz, Mutu 2004 yili kokain iste’mol qilgani uchun diskvalifikasiya qilindi, arbitraj sudi esa uning «Chelsi»ga 17 mln. yevro miqdorida tovon to‘lashi haqida hukm chiqardi. Oxir-oqibat, yorqin faoliyat Adrian uchun armon bo‘lib qoldi.


Maydonga eng oxirida tushish

Hammadan keyin maydonga qadam tashlash odati futbolchilar orasida keng tarqalgan, «Arsenal» va «Manchester Siti»ning sobiq himoyachisi Kolo Ture esa uni mutlaqo bema’ni udumga aylantirgandi. U 2009 yili CHLdan o‘rin olgan o‘yinning ikkinchi bo‘limida tanaffusga qadar jarohatlangan jamoa­doshi Vilyam Gallas safga qaytmagunicha maydonga qadam bosmasligini aytadi. Shu tariqa «to‘pchilar» o‘yinni hattoki, 9 nafar futbolchi bilan davom ettirishadi. Ture esa Gallasdan keyin tushadi va hakamning ruxsatisiz maydon chetiga chiqqani uchun sariq kartochka bilan «siylanadi».


Munajjimlik bo‘yicha tarkib tanlash

Turli udumlarga faqat futbolchilar emas, murabbiylar ham mubtalo bo‘lishgan. Misol uchun, Luis Aragones Ispaniya terma jamoasi a’zolariga sariq libosda yurishni taqiqlagan va shu rangli forma sohiblarini mash­g‘ulotlarga ham qo‘ymagan. Argentina termasini boshqargan Karlos Bilardo esa futbolchilar taomnomasidan tovuq go‘shti, ayniqsa, qovurilgan jo‘jani chiqarib tashlagan. Italiyalik Jovanni Trapattoni doimo uchrashuvdan oldin maydonning bir qismiga shisha idishda suv tomchilatib chiqqan. Fransiya termasi bosh murabbiyi Raymon Domenek esa osmondagi yulduzlar harakatiga qarab, tarkib tanlashi bilan tanilgan...


Darvozaga zarba yo‘llashdan voz kechish

Futbolchilik faoliyati davomida 250tadan ko‘p gol urgan va hanuzgacha Angliya termasining eng yaxshi to‘purari maqomida yurgan Gari Lineker ayni payt taniqli ekspert sanaladi. Aqlga sig‘mas yondashuv: Gari ba’zan gollari soni cheklanganini aytib, qulay vaziyatlarda ham darvoza tomon zarba yo‘llamagan ekan. U ayniqsa, mashg‘ulotlarda gol urishdan imkon boricha tiyilgan.


Soch turmagini o‘zgartirish

«Real»ning zamonaviy davrdagi bosh afsonasi Krishtianu Ronaldu ham irimchilar sirasidan. Misol uchun, KriRo qatorasiga bir necha yil har bir o‘yin arafasida omadi yurishi uchun soch turmagini o‘zgartirgan. U jumladan, Yevro-2016 o‘yini tanaffusida ham sochini o‘zgacha turmaklashga ulgurgan.


Omad chaqiruvchi qo‘lqop

Darvozabonlarni futbol olamining o‘ta alomat vakillari sifatida e’tirof etishadi. Darhaqiqat, 1-1,5 metr balandlikka sakrab, gavdasi bilan yerga qulashga hammaning yuragi dov beravermaydi. Udumlar sobiq ittifoq davrida ham amalda bo‘lgan, albatta. Masalan, «Oltin to‘p» sohibiga aylangan yagona darvozabon Lev Yashin o‘yindan avval to‘pni qo‘llariga olib, mehr bilan silashni sira unutmasdi. Rinat Dasayev esa Garold Shumaxer sovg‘a qilgan qo‘lqopdan hech qachon foydalangan emas, ammo har bir uchrashuvda uni o‘zi bilan olib tushib, darvoza burchagiga tashlab qo‘ygan.


Qo‘lda bog‘ich bilan

Bu - Luis Suaresning uzoq yillik udumi. Urugvaylik hujumchi «Liverpul»da o‘ynagan davrda jarohatlangan va shifokor uning bilagiga protektor qo‘ygandi. Luis shundan so‘ng qatorasiga bir necha uchrashuvda o‘ta sermahsul to‘p suradi. Hujumchi shu-shu omadli qoplamadan forig‘ bo‘lishni istamaydi...


Jarima zarbalari siri

Lionel Messi so‘nggi 8 yillik statistika bo‘yicha jarima zarbalaridan gol urish masalasida kuchli chempionatlar rekordchisi bo‘lib qolmoqda. Afsonaviy snayperning kichik bir harakati muxlislar e’tiborini tortgani tayin - u har safar zarba yo‘llash arafasida to‘pni qo‘llari bilan mahkam ushlagancha «aldaydi», keyin shoshmasdan nuqtaga o‘rnatadi...

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:02, 12.09.2022.
O'qildi: 2063 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.