2022-2023 yilgi Millatlar ligasining guruh bosqichlari deyarli ortda qoldi. Endilikda, yarim finalga yo‘l olgan jamoalar keyingi yilning iyun oyini kutishiga to‘g‘ri keladi. Ushbu turnirda bellashayotgan jamoalar guruh bahslarini Qatarga ketish oldidan "sinov" o‘yinlari sifatida ko‘rishgan bo‘lsa, yarim finalga yo‘l olgan jamoalar hali uchrashishadi. Ammo Millatlar ligasi o‘rtoqlik o‘yini yoki katta musobaqalarga shunchaki tayyorgarlik ko‘rish uchun yaratilmagan. Uning bundan ham ko‘proq afzallik va vazifalari mavjud. Shulardan biri, g‘olib jamoa(lar)ning Yevro-2024ga yo‘llanmani qo‘lga kiritishidir. 9 oktyabr kuni Germaniyada o‘tadigan Yevropa chempionati saralashiga qur’a tashlanadi. Undan oldin esa ushbu ikki turnirning bog‘liqlik jihatlari haqida bilib olamiz.
Millatlar ligasidagi jamoalar qanday qilib Yevro-2024 ishtirokchisiga aylanadi?
Yevro-2024ga Millatlar ligasidagi natijalar orqali tanlanish mumkin. Ya’ni, belgilangan natijani qayd eta olgan terma jamoa qit’a birinchiligida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Undan tashqari Millatlar ligasining bir mavsumi davomidagi umumiy natijalar Yevro-2024 qur’asining savatchalariga ta’sir o‘tkazadi. Masalan, Angliya B ligaga tushib ketdi. Shu sababli inglizlar Yevropa chempionatiga saralash bahslarida nisbatan qiyin guruhga tushadi. Millatlar ligasi finalchilari (4 ta jamoa) esa nisbatan ancha oson guruhlarda aks etadi. Qur’a 7 ta savatchadan iborat bo‘ladi. Ulardan jami 53 ta jamoa o‘rin oladi. Jami 10 ta guruh shakllantiriladi. Ularning 7 tasida 5 tadan jamoa bo‘ladi. Qolgan 3 tasida esa 6 tadan. Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoalar turnirning final bosqichiga yo‘l oladi. Germaniya mezbon bo‘lganligi sabab saralashda qatnashmaydi. Rossiya terma jamoasi esa saralashlardan chiqarib tashlangan. Shunday qilib, Millatlar ligasidagi o‘yinlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevroga ta’sir o‘tkazadi.
Millatlar ligasi Yevro-2024ning saralash play-off'lari bilan qanday bog‘liqlik tarafi bor?
Aytaylik, Yevro-2024 saralashida biror bir jamoa o‘z guruhida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallay olmadi. U holda, shunday jamoalarga so‘nggi imkoniyat sifatida play-off'larda qatnashish imkoni beriladi. Millatlar ligasining A, B hamda C ligasida qatnashgan jamoalar Yevro -2024ning qolgan 3 ta yo‘llanmasi uchun kurashish huquqiga ega bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatilgan ligalardan to‘rttadan jamoa (o‘z guruhida 1 yoki 2 o‘rinni olmagan) Yevro uchun play-off'da kurashadi. Bordi-yu, A, B yoki C ligalardagi jamoalarning birortasida yo‘llanma mavjud bo‘lsa, u holda statistik jihatdan yaxshiroq bo‘lgan yana bir jamoa "saralash play-off" bahslariga olib kiriladi.
ISMATOV J.