Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Bernd Reyxart: «Superliga yo‘lga chiqadi, albatta!»

Bernd Reyxart: «Superliga yo‘lga chiqadi, albatta!»

Baho:
+ | -

Yaqin oylarda Bernd Reyxart haqida ko‘p eshitamiz, shekilli. Yevrofutbol tinchini buzgan Superliga loyihasi yuragi - A22 kompaniyasi yangi bosh direktori ishga qattiq bel bog‘lagan ko‘rinadi.

 Bernd - muxlislar, klublar, futbolchilar, ligalar va tashkilotlar (jumladan, UYEFA va FIFA)ga loyiha mohiyatini to‘liq yetkazish, musobaqaning aniq formatini topish, mavjud rejalarni yanada takomillashtirish va Yevropa futbolini modernizasiya qilish bo‘yicha yangi g‘oyalarni ilgari suruvchi asosiy «figura». Ha, uning yo‘lida katta to‘siqlar borligiga shubha yo‘q. Janob Reyxart hozirda 2023 yilning mart oyida Yevropa sudi tomonidan  UYEFAning o‘ziga xos monopoliyasi yuzasidan haqqoniy hukm chiqarilishi va shu bilan butun ssenariy sezilarli darajada o‘zgarishidan umidvor.

- Janob Reyxart, hozirda asosiy vazifangiz ta­yin: barchani yevrofutbol o‘zgarishlarga muhtojligi, yangicha raqobat zarurligiga ishontirishingiz kerak. Bunda yuzaga chiqadigan qarama-qarshi fikrlarga nisbatan avvalo, qaysi dalilni ilgari surasiz?

- Avvalo aytishim kerak, yangi lavozimdagi faoliyatimning dastlabki 48 soatidayoq harakatimizga dalda beruvchi javoblarni oldim. Har holda, futbol olami raqobatga ochiq, halol va adolatli yondashuvimizni munosib baholamoqda. Avvalo, Yevropa futbolining dunyo uchun ahamiyatini pasaytiradigan, klublarning qashshoqlashishiga olib keladigan holatlar haqida gapiryapman. Klublar hozir iqtisodiy masalada tavakkal ish tutmoqda, vaholanki, har biri o‘z kelajagini belgilab olish huquqiga ega. Ekotizimning iqtisodiy bar­qarorligini o‘ylash vaqti keldi. Binobarin, futbolning moliyaviy tomoni tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Qolaversa, Yevropa futbolining boshqaruv tizimi ham muammolardan xoli emas, bu ketishda murakkab mushkolotlar paydo bo‘lishi muqarrar.

- Loyiha 1,5 yilcha oldin juda beso‘naqay tarzda taqdim etilgan va deyarli darhol rad qilingandi. Balki tashkilotchilar shoshilishgandir...

- UYEFA va ayrim mamlakatlar hukumatlari klublarga sanksiyalar qo‘llash bilan oshkora tahdid soldi va bu ochiq muloqotga kirishish imkonini qoldirmadi. Endi loyiha evolyusiyasini ko‘rsatib, ochiq turnir rejasini butunlay boshqacha yondashuv bilan taqdim etamiz. UYEFA va ayrim mamlakatlarning sanksiyalar masalasidagi tahdidi va muqobil turnirga qarshi chiqayotgani ham futbolda noto‘g‘ri tushunchalar shakllanganini ko‘rsatib turibdi. Hozirda yangi loyiha ildizi ancha mustahkamlandi, binobarin, ko‘pchilik pandemiya tufayli futbol olamidagi muammolar naqadar kuchayganini bildi, soha chuqur islohotlarga muhtojligini angladi. Qisqasi, endi o‘z g‘oyalarimizni baralla o‘rtaga tashlaymiz va ularni manfaatdor tomonlar bilan birga takomillashtirishga tayyormiz.

- Qiziq, Superliga formati ham o‘zgaradimi?

- Yo‘q, g‘oyamiz ochiq turnirga asoslangan. Ishtirokchi jamoalarni pastga tushirish va ko‘tarish bo‘yicha tanlangan mezon jamoatchilik uchun yanada jozibali ko‘rinishiga shubham yo‘q. Maqsadimiz barchaga o‘z formatimizni «yuklash» emas, balki hammasini birgalikda takomillashtirishdir.

- Loyihani Yevropa Ittifoqi chempionati sifatida tavsiflash mumkinmi?

- Albatta, Yevropa Ittifoqi qonun-qoidalari doirasida ish tutamiz. Shunday ekan, bo‘lajak turnirni YEI chempionati sifatida qabul qilish mumkin. 

- Yevropa sudining UYEFA monopoliyasi bo‘yicha qarori qanday bo‘ladi, sizningcha?

- Sud qanday qaror qabul qilishidan qat’iy nazar, maqsadimiz o‘zgarmaydi. Chunki Yevropa futbolini mutlaqo yaxshilashga bel bog‘laganmiz. Sud qit’a futboli kelajagi quriladigan doirani belgilab berishi aniq.

- Ko‘pchilik fikricha, sud qarori futbolga xuddi «Bosman ishi» kabi g‘ayrioddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunga qo‘shilasizmi?

- Ha, bu haqda baralla gapira boshlashdi. Barchasini eshitganman, eshityapman va ehtimol, shunday o‘ylayotganlar haq bo‘lib chiqishar...

- Ispaniyada La Liga Superligaga yangi zarba tayyorlamoqda, Germaniyada Bundesliga o‘z hayratini yashirmayapti. Loyihani qayta harakatiga shunday munosabat kutganmidingiz?

- Hozirda bu mavzuda gapirishga hojat yo‘q.

- UYEFA prezidenti bilan gaplashib ko‘rish variantiga nima deysiz?

- Muloqotga tayyormiz, faqat Cheferin xohlasa, bas. Allaqachon UYEFAga xat jo‘natganmiz, Cheferin esa vaqti kelsa, javob berishini aytdi. Kutamiz.

- FIFA-chi?

- Dunyo futboli kelajagidan qayg‘uradigan har bir kishi bilan gaplashishga shaymiz, muloqotdan sira bosh tortmaymiz. Futbol - dunyoda yagona haqiqiy global sport turi. Biroq Yevropada kashf etilgan va o‘tgan asr davomida yer yuzida keng tarqalgan futbol hozir manfaatlar inqiroziga duch kelmoqda. Bunga e’tiborsiz qarasak, yevrofutbol dunyoda ahamiyatini yo‘qotib boraveradi. Oqibatda qit’a o‘z madaniyatining eng muhim elementlaridan birini yo‘qotadi.

- Muxlislarni ishontirish uchun qanday dalillarni keltira olasiz?

- Muxlislar federasiya yoki musobaqa formati emas, klublar tarafdorlari hisoblanishadi. Hozir ularning sevgi ob’ektlari kelajagi xavf ostida. Boshqa gapga hojat yo‘q, menimcha.

- 2021 yilning aprel oyida Superliga loyihasining bir mavsumdagi daromadi 6 milliard dollardan oshishi mumkinligi aytilgandi. Bu raqam hozirgi vaqtga ham tegishlimi?

- Raqamlar haqida gapirmaslikni afzal ko‘raman, chunki hali aniq format yo‘q, bu borada gapirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

- Superliga loyihasida Florentino Peres, Andrea Anyelli va Joan Laporta qanday o‘rin tutishadi?

- Ular 1,5 yil oldin munozarali futbolni stol ustiga chiqarishdi va tahdid-u keskin tanqidlarga qaramay, hamon biz bilan birgalar. Qisqasi, yevrofutbolning yetakchi klublari rahbarlari sifatida mas’uliyatni zimmalariga olishdan qaytmayaptilar. Ishonamanki, futbolni yorqin kelajak sari burishda oxirigacha biz bilan qolishadi.

- Xo‘sh, Superliganing hayotga tatbiq etilishi reallikmi yoki xayolot? 

- Barchamizning asosiy maqsadimiz - loyihani reallikka aylantirish. Ko‘ramiz, ko‘p narsa Yevropa sudi qaroriga bog‘liq, lekin barchasiga tayyormiz. Ishonchim komil, futbol omon qolishi va ravon yo‘ldan ketishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solamiz. To‘g‘ri, hozircha aniq vaqtni aytolmayman, ammo yangi turnir mavsum-2024/2025dan oldinroq yo‘lga tushishini taxmin qilish mumkin.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:23, 02.11.2022.
O'qildi: 1395 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.