Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Lokomotiv» ham to‘xtaydi(mi)?

«Lokomotiv» ham to‘xtaydi(mi)?

Baho:
+ | -

Mavsum yakuniga yaqinlashgani sayin o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib borayotgan Superliga bahslarida chempionlikka erishish hamda elitada qolish uchun kuchli raqobat yuzaga kelmoqda.

Turnir jadvaliga nazar solib, odatiy yetakchilar qatoriga «Navbahor» qo‘shilganligini ko‘rish qanchalar yoqimli bo‘lsa, kichik bo‘lsada o‘zining shonli tarixiga ega «Lokomotiv»ni Superligada qolish uchun kurashayotganini kuzatish shunchalar achinarli. Quyida aynan «temiryo‘lchilar»ning bugungi ko‘ngilsiz natijalariga sabab bo‘layotgan omillar haqida suhbatlashamiz.

So‘nggi turda Superliganing amaldagi chempioni «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lgan «Lokomotiv» ortda qolgan 23 turdan so‘ng 5 g‘alaba 5 durang 13ta mag‘lubiyat qayd etib, 20 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 12-o‘rinni band etib turibdi. Oldindagi uchta tur davomida esa toshkentliklar bir-biridan qiyin («Navbahor», «So‘g‘diyona», «Metallurg») uchrashuvlarni o‘tkazishadi. Bu esa, «temiryo‘lchilar»ni judayam og‘ir sinov kutib turganini anglatadi. Boz ustiga jamoa 13-o‘rinda borayotgan «Qo‘qon-1912»dan ikki ochko oldinda xolos (qo‘qonliklar «So‘g‘diyona»ga qarshi 23-tur bahsini chorshanba kuni o‘tkazishgan). Albatta, barchasi «Lokomotiv»ning o‘z qo‘lida ammo, jamoaning so‘nggi o‘yinlardagi natijalarini inobatga olsak, klub murabbiylari bu yog‘iga «Amerika kashf etish»ga majbur.

«Loko»ni bu mavsumga nisbatan yosh murabbiy Denis Korostichenko tayyorlaganidan yaxshi xabardorsiz. Jamoa bu mutaxassis qo‘l ostida Superligada 16ta o‘yinda 5 g‘alaba, 2 durang, 9ta mag‘lubiyat qayd etdi va qoniqarsiz natijalar tufayli iste’foga chiqarilib, o‘rniga yana bir tajribasi u qadar katta bo‘lmagan Server Jeparov tayinlandi. Afsuski, yaqin o‘tmishning yorqin futbolchisi bo‘lgan mutaxassis «Lokomotiv»ning yurishiga tezlik qo‘sha olmadi. Jamoa Jeparov qo‘l ostida 6ta o‘yinda maydonga tushib, 3ta durang va 3ta mag‘lubiyat qayd etdi. G‘alaba esa yo‘q. E’tiborlisi, termamiz 8-raqamining sobiq egasi boshqaruvida jamoa o‘zi bilan raqobatalashayotgan klublar «Surxon» va «Neftchi»ga yutqazib qo‘ydi. Autsayder «Dinamo» bilan durang o‘ynadi. Tabiiyki, bu kabi natijalardan qoniqmagan rahbariyat 23-tur oldidan Jeparovni ham iste’foga chiqardi hamda klub uchun qadr­don bo‘lgan Mirko Yelichich jamoa boshqaruviga ta­yinlandi. Bir qarashda murabbiylar almashinuvidagi qarorlar adolatlidek tuyuladi biroq, Korostichenkoga yana biroz vaqt berilganida jamoa hozir biroz bo‘lsada yuqoriroq o‘rinda turgan bo‘larmidi...

Albatta, natijalarda faqatgina murabbiylarni ayiblash fikridan yiroqmiz. Sababi, jamoani mavsum avvalida ko‘plab yetakchi va tajribali futbolchilar tark etishgani «temiryo‘lchilar»ni yaxshigina kuchsizlantirgandi. Qariyib yangilangan tarkib bilan mavsumga kirishgan «Lokomotiv» yosh ijrochilar bilan tezlik olishda biroz qiynaldi. Ochig‘i, o‘ziga xos butun bir qudratning o‘rnini to‘ldirish tezda bo‘ladigan ish emas edi. Murabbiylar mavjud resurslardan foydalanib, ularni muayyan shaklda uyg‘unlashtirguncha klub ichki muhitida muammolar borligi aytila boshlandi. Shundan so‘ng butun bir tizim imkon qadar natijalarni yaxshilash yo‘lida bor salohiyatini ishga solayotgan bir paytda jamoa sardori Kaxi Maxeradze katta sahnaga chiqdi.

Kutilmaganda paydo bo‘lgan o‘sha xabar o‘zbek futboli jamoatchiligi va muxlislarini qay darajada esankiratib qo‘ygan bo‘lsa, jamoa a’zolari bundan o‘n chandon og‘ir ahvolga tushib qolishgani aniq. Chunki, endi «Loko»ning istalgan a’zosi istalgan kishi tomonidan shubha ostiga olinishi mumkin edi. Jar yoqasida ilinib turgan «Loko»ni jarga itarib yuborishga uringan sardorning qiliqlari, ko‘cha-ko‘ylarda jamoa futbolchilari sha’niga aytilgan gaplar va OAVda paydar-pay chiqqan maqolalar jam bo‘lib klub futbolchilari ruhiyatiga jidddiy ta’sir o‘tkazishi tabiiy sanaladi. Balkim ko‘ngilsiz natijalar zamirida shu omillarning ham o‘rni bordir. Aytishadiku, «futbolda mayda narsalar bo‘lmaydi, har bir detal ahamiyatli», - deb.

Biz kuni kecha klubga aloqador qadrdonimiz bilan bog‘lanib qayd etilayotgan salbiy natijalar zamirida qanday kamchilik va xatolar boriligi xususida biroz suhbatlashdik. Fikrlarimiz bir-biriga mosligi oydinlashdi. Moliyaviy masalalar haqida so‘raganimizda barchasi ijobiy degan javobni oldik. Aytilishicha, klubning futbolchilar oldida aytarli qarzi yo‘q va nolishga asos topish imkonsiz. Ba’zi bir klublarga o‘xshab uch oylab cho‘zilib ketgan qarzdorlik mavjud emas. Jamoadagilar, barchasi o‘z qo‘llarida ekanligini tushunib turishgani va buning uchun oxirigacha harakat qilishlarini, kelasi yildan barchasi o‘zgacha bo‘lishini ma’lum qilishdi.

XURSHIDBEK tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:21, 03.11.2022.
O'qildi: 2137 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.