Viktor Munyos yozda «Osasuna»dan «Liverpul»ga o‘tganidan so‘ng jamoaga moslashishida Aleksis Mak Allister muhim rol o‘ynayotganini aytdi.
«Liverpul» iyun oyida ispaniyalik vingerning shartnomasidagi tovon puli bandini faollashtirib, uni taxminan 34,5 million funt evaziga sotib oldi. Mersisaydliklar futbolchi uchun kurashda «Nyukasl»ni ortda qoldirdi va Munyos bilan olti yillik shartnoma imzoladi.
U Andoni Iraolaning Muhammad Saloh jamoani tark etganidan keyingi ilk transferi bo‘ldi. Munyos tibbiy ko‘rikdan Ispaniya terma jamoasining jahon chempionati yig‘inida o‘tdi va turnirda g‘olib chiqqanidan so‘ng yangi klubiga qo‘shildi.
U Premyer-ligada hozirgacha 4 ta o‘yin o‘tkazib, 239 daqiqa maydonda harakat qildi, 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma berdi. «Nyukasl»ga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushgan Munyos «Nottingem Forest»ga qarshi o‘yinda ilk bor asosiy tarkibda maydonga chiqdi.
«Mak Allister menga juda katta yordam beryapti. Mamardashvili ham shunday. Ronald Arauxo kelganidan beri u bilan ham juda yaxshi chiqishib ketdik», — dedi Munyos.
Ingliz tilini hali yaxshi bilmasligiga qaramay, u jamoa ichidagi muhitdan mamnun ekanini ta’kidladi.
«Jamoada muhit juda yaxshi. Tilni hali yaxshi bilmasam ham, hamma menga yordam berish uchun o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilyapti. Mak Allisteredek futbolchining yoningda bo‘lishi, uning bu yerdagi o‘rni va nufuzini hisobga olganda, men uchun juda katta yordam. Bundan juda minnatdorman», — dedi u.
Munyos yangi klubga moslashish jarayoni bunchalik tez kechishini kutmaganini ham tan oldi.
«Bu yerga juda katta xohish va ishtiyoq bilan keldim. Hammasi yaxshi bo‘lishini umid qilgandim.
Xayriyatki, hozircha shunday bo‘lyapti. Endi shu tarzda davom etish kerak.
Umuman olganda, kelajak haqida haddan tashqari ko‘p o‘ylamayman. Har kuni bosqichma-bosqich oldinga yurishga harakat qilaman», — dedi Munyos.













