2022/23 yilgi mavsum boshlanganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin ko‘plab o‘yinchilar allaqachon muammolarga duch kelishmoqda. Ba’zilar uchun umumiy baxtsizlik - bu o‘yin vaqtining yetishmasligi, garchi ba’zida o‘yinchi o‘z klubidan saviya jihatidan yuqori turadigan holatlar ham mavjud.
Futbolchilar qiyin damlarni boshidan kechiradigan holatlar bo‘lib turadi. Ammo yoqimsiz vaziyat davom etsa, ular jamoadan ketish haqida o‘ylashi mumkin, ayniqsa transfer oynasi Jahon chempionati tugaganidan keyin ochiladi. Keling, jamoasini o‘zgartirishi kerak bo‘lgan yulduzlarni ko‘rib chiqamiz.
Eden Azar
2019 yilda "Real Madrid"ga o‘tganidan beri Azar muvaffaqiyatsizliklarga duch keldi. Shuning uchun u deyarli muhokama qilinmay qo‘ydi. Eden doimo oldingi darajaga qaytish niyati haqida gapiradi, lekin hech narsa sodir bo‘lmaydi.
Azar 31 yoshda. So‘nggi 2 yil ichida u La Ligada atigi 3 ta gol urdi. Bu 115 million yevro uchun futbolchidan kutilgan narsa emasligi aniq. Belgiyalik futbolchi hamon "Real"da o‘ynashga umid qilmoqda, ammo vaqt u tomonda emas. Eden yana bir necha yillik faoliyatini yo‘qotishni istamasa, klubini o‘zgartirish haqida o‘ylashi kerak.
Mariano Dias
Jamoada o‘rni yo‘qdek tuyulgan yana bir "Real" futbolchisi. Umuman olganda, Marianoning hali ham “Santyago Bernabeu”da qolayotgani g‘alati. Qolaversa, bu holat futbolchi uchun 4 yildan beri davom etmoqda.
Karim Benzemani asosiy tarkibdan chiqarib yuborish imkoniyati yo‘q, fransiyalik futbolchi jarohat olganida esa murabbiy boshqa futbolchilarga ustunlik beradi. Mariano "Lion"da yaxshi hujumchi edi. Endi u boshqa klubga o‘ynash ketmasa, butunlay unutila boshlaydi.
Xarri Maguayr
Maguayr dunyoning eng qimmat himoyachilaridan biri maqomida "Lester"dan "Manchester Yunayted"ga o‘tdi. Bu katta muvaffaqiyat edi, bu futbolchi uchun sardorlik bog‘ichi va Angliya terma jamoasidagi yuqori maqom bilan mustahkamlandi. Ammo qaysidir vaqtda futbolchining faoliyati pasayib keta boshladi.
Bir nechta muvaffaqiyatsiz o‘yinlar Maguayrni jiddiy tanqid qilinishiga olib keldi. Vaqt o‘tishi bilan xatolar ko‘paydi, himoyachiga bosim kuchaydi. Har bir futbolchi o‘z muxlislari tomonidan qadrsizlansa, o‘zini ishonchli his qila olmaydi. Muhitni o‘zgartirish haqida o‘ylash vaqti keldi. Ehtimol, boshqa, kamroq maqomga ega klubda Maguayr o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarib olib, faoliyatini qayta boshlashi mumkin.
Keylor Navas
"PSJ" bosh murabbiyi etib tayinlanganidan ko‘p o‘tmay, Kristof Galtye Janluiji Donnarumma jamoaning birinchi raqamli darvozaboni bo‘lishini e’lon qildi. Navas, albatta, bu mavsumda ko‘p o‘ynamasligini tushundi, lekin baribir Parijda qoldi.
Joriy mavsumda kosta-rikalik maydonga tushmagan. Chempionlar ligasining uch karra g‘olibi uchun o‘tgan yozda boshqa klublarda imkoniyatlari bo‘lgani holatni yana-da tushkun qiladi. Navas qishda fikrini o‘zgartirishi mumkin, chunki uning yuqori saviyada o‘ynash uchun ko‘p vaqti qolmagan.
Jeyms Meddison
Meddison Angliya chempionatining turli divizionlarida o‘ynagan. Yarim himoyachi Premyer-ligada yaxshi harakat qilmoqda. Har mavsumda u gol+pas tizimida doimiy ravishda 10 yoki undan ortiq ochko to‘playdi. Jeyms 2018 yildan beri "Lester Siti"da o‘ynaydi. "Tulkilar" bilan birga futbolchi Angliya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Bunday futbolchi har mavsum sovrinlar uchun - hech bo‘lmaganda Chempionlar ligasiga kirish uchun kurashishi kerak bo‘lgan klubda o‘ynashi kerak. "Lester" bosh murabbiyi Brendan Rojers ham buni tushunadi. Mutaxassisning tan olishicha, "tulkilar"ga qishda yarim himoyachini olib qolish qiyin bo‘ladi. Shubhasiz, Meddison ham chempionatda qolish uchun emas, balki sovrinlar uchun kurashishni afzal ko‘radi.
Joau Feliks
Feliks 2019 yilning yozida "Benfika"dan "Atletiko Madrid"ga 127 million yevro evaziga o‘tgan edi. Ammo bunday yuqori narx futbolchiga foyda keltirmagan. Madriddagi 3 yil davomida hujumchi bir mavsumda La Ligada 10 ta gol ura olmagan. Bundan tashqari, uning maydondagi o‘yin vaqti ham kamayib bormoqda. Lekin boshidanoq portugaliyalik Diyego Simeonening o‘yin tizimiga mos keladimi, degan shubhalar bor edi.
"Atletiko"dagilarning aytishicha, ularning hali ham Feliksdan umidlari katta, ammo bunga ishonish qiyin. Alvaro Morata va Antuan Grizmanndan murabbiy anchagina qoniqish hosil qilganini inobatga olsak, uning ketgani ma’qul. Portugaliyalik hali yosh va istiqbolli, shuning uchun uni munosib pulga sotish mumkin.