Iordaniyaning Amman shahrida boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yarim final bahslari doirasida kechki dasturdan o‘rin olgan janglar boshlandi.
Belgraddagi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan Abdumalik Xalakov qit’a chempionatida mo‘g‘ulistonlik Gantumur Lundaaga qarshi jang o‘tkazdi.
Hamyurtimiz o‘z uslubida harakat qilib, birinchi raundni toza yutib oldi. Mo‘g‘ul bokschisi hisobda ortda qolayotganini his etib, tavakkal qilgancha oldinga tashlandi. Abdumalik raqibning bu hamlasini ham bartaraf eta oldi va ikkinchi bo‘limni ham o‘z foydasiga hal qildi.
Gantumurda g‘alaba qozonish uchun nokaut qayd etishdan boshqa variant qolmadi. U shu maqsad yo‘lida yana oldinga tashlandi. Xalakov ham qarab turmadi va raqibni qarshi zarbalarda tutib turdi. Natijada bu bo‘limda ham vatandoshimizning g‘alabasi qayd etildi. Yakuniy hisob — 5:0 (30:27, 30:27, 30:27, 29:28, 29:28).
Finalga chiqqan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari soni to‘rttaga yetdi. Avvalroq Saidjamshid Ja’farov, Lazizbek Mullojonov va HAsanboy Do‘smatov finalga yo‘l olgan, Shahzod Muzaffarov, Athamjon Muhiddinov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yarim finalda yengilib, bronza medaliga ega chiqqani xabar qilingandi.
10 noyabr kuni yana quyidagi bokschilar o‘z jangini o‘tkazadi:
-63,5 kg: Ruslan Abdullayev — Chu En Lai (Xitoy Taypeyi) (21:00 dan so‘ng)
-80 kg: Odiljon Aslonov — Omurbek Bekjigit uluu (Qirg‘iziston) (22:00 dan so‘ng)
-92 kg: Madiyor Saidrahimov — Ahmat Sulayman (Iordaniya) (22:30 dan so‘ng)