Dunyoda 5 milliarddan ortiq inson tomonidan tomosha qilinadigan turnir boshlanishiga ham oz qoldi. Eng yaxshilar bugun Qatarda qo‘nim topgan. Biz esa bundan foydalangan holda, mundialda harakat qilayotgan eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilardan terma jamoa tuzib chiqdik. Quyida shu haqida gap boradi.
Manuel Noyer - Germaniya
Aslini olganda, Noyer darvozabonlar ichida eng ko‘p moash oladigani emas. Bu nom "MYU" posboni De Xeaga tegishli. Ammo Ispaniya terma jamoasida u uchun joy topilmadi. Shu sabab, Noyer haftasiga 298 ming funt bilan bu borada eng yaxshiga aylandi.
Aleksander-Arnold - Angliya
"Liverpul" himoyachisi Angliyaning asosiy tarkibiga kirish kirmasligi so‘roq ostida turibdi. Ammo u mersisaydliklar safida yaxshigina darajaga ega. 24 yoshli futbolchining haftalik maoshi 180 ming funtni tashkil etadi.
Rafayel Varan - Fransiya
Varan bu ro‘yxatdagi "MYU" a’zolarining birinchisidir. Quyida sizni yana ikkita "qizil iblis" kutib turibdi. 29 yoshli markaziy himoyachi o‘tgan mavsum boshida haftalik 340 ming funtlik maosh evaziga "Old Trafford"ga kelishga rozilik bergan edi.
Matteys de Ligt - Niderlandiya
De Ligt yana bir markaziy himoyachi. U Ramosning yo‘qligi sabab ushbu terma jamoaga kira oldi. Niderlandiyalik futbolchining "Bavariya"dagi maoshi haftasiga 265 ming funtni tashkil etadi.
Lukas Ernandes - Fransiya
26 yoshli fransuz himoyachisi o‘ta ko‘pfunksiyali sanaldi. U markaziy himoyada va har ikki qanot himoyasida harakat qila oladi. Uning Germaniya chempionlari safidagi maoshi 240 ming funtga tengdir.
Kazemiro - Braziliya
Yana bir a’zo "Manchester Yunayted" tarkibiga kiradi. 30 yoshli Kazemiro yozda "Real"dan olib kelingan edi. U hozir Angliyada haftasiga 350 ming funt maosh bilan ta’minlangan.
Kevin De Bryuyne - Belgiya
"Manchester Siti"dan yagona vakil bu Kevindir. 31 yoshli belgiyalik "Etihad" stadionida haftasiga 400 ming funt maosh oladi. U Erling Xoland bilan birgalikda "shaharliklar" safidagi eng ko‘p maosh oluvchi vakil sanaladi.
Lionel Messi - Argentina
Albatta, bu ro‘yxatga Messini kiritmaslikning iloji yo‘q. Negaki, uning "PSJ"dagi mavqeyi shunga imkon beradi. Tabiiyki, Messi parijliklarning katta "oylikxo‘ri"dir. 35 yoshli megayulduz Jahon chempionatiga chempionlik maqsadi bilan kelgan. Uning haftalik ish haqi esa 750 ming funtga teng.
Neymar - Braziliya
Braziliya termasi yetakchisi oradan 20 yil o‘tganidan keyin, yana o‘z jamoasini chempionlik sari yetaklashni maqsad qilgan. "PSJ" hujumchisi Fransiya poytaxtida haftasiga 600 ming funt maosh oladi.
Kilian Mbappe - Fransiya
Mbappe shu mavsum boshida "PSJ" bilan yangi bitim tuzdi. Bu shartnoma uni dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantirdi. 23 yoshli hujumchi hozirda har haftada 1,6 million funt-sterling qabul qilib olmoqda. Uning amaldagi bitimi esa 2025 yilga qadar mo‘ljallangan. Shunchaki, dahshat!
Krishtianu Ronaldu - Portugaliya
Ro‘yxatdagi "MYU"ning uchinchi va so‘nggi vakili Ronaldudir. 37 yosh bo‘lishiga qaramay, u hali ham top darajada va mankunianliklar bilan mavsum oxiriga qadar shartnomasi bor. Unda Ronalduga haftasiga 500 ming funt maosh berilishi ko‘zda tutilgan.
ISMATOV J.