Jahon chempionatining dastlabki finalchisi ma’lum bo‘ldi. Argentina terma jamoasi yarim finalda Xorvatiyaga qarshi maydonga tushib, yirik hisobda mag‘lub etdi.
Yevropaliklar bahsning dastlabki yarim soati davomida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Ular ustunlikka erishgan holda Argentinani butun jamoa bo‘lib himoyalanishga majbur etishdi.
Ammo 34-daqiqada berilgan birgina aniq pas ko‘p narsani hal qilib qo‘ydi. Maydon markazidan berilgan uzatma natijasida Alvares darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, to‘pni posbonning yonidan o‘tkazib, darvoza tomon tepdi. To‘pni Lovren qaytarib qoldi, biroq Livakovich hujumning davomida Xulianga nisbatan fol ishlatgani uchun penalti belgiladi. Messi esa kuchli zarba bilan hisobni ochdi va Mundialdagi gollari sonini 5taga yetkazib qo‘ydi.
Oradan 5 daqiqa o‘tib esa Xulian Alvares kutilmagan reydni amalga oshirdi, yo‘l-yo‘lakay ikki himoyachi bilan to‘qnashuvda unga omad kulib boqdi va u darvozani ishg‘ol qildi — 2:0!
Xorvatiya ikkinchi bo‘limda maydonga vaziyatni o‘nglash uchun chiqdi, ketma-ket hujumlar tashkil qildi, tashabbusni qo‘lga kiritdi. Ammo uchrashuvning 69-daqiqasida Messi o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi. Leo himoyachi Yoshko Gvardiolni bir necha marta dog‘da qoldirib raqib jarima maydoniga kirib bordi va Xulian Alvaresga pas berdi. Xulian yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qilib, dublga erishdi hamda JCH-2022'dagi gollari sonini 3taga yetkazdi.
O‘yin oxirigacha Lionel Skaloni jamoasi raqibga deyarli imkon bermadi va yirik hisobdagi g‘alabani saqlab qoldi.
Shu tariqa, Argentina terma jamoasi Qatardagi Mundialning ilk finalchisiga aylandi. Ikkinchi finalchi nomi ertaga bo‘lib o‘tadigan Marokash-Fransiya bahsidan keyin ma’lum bo‘ladi. Xorvatiya esa bronza medali uchun bahsda ishtirok etadi.
JCH-2022, yarim final
Argentina – Xorvatiya 3:0 (2:0, 1:0)
13 dekabr, 23.59, «Lusail Iconic Stadium»
Gollar: 1:0 – 34, penalti Messi, 2:0 – 39 Alvares, 3:0 – 69 Alvares.
Argentina – Martines, Molina (Foyt, 86), Otamendi, Romero, Talyafiko, De Pol (Palasios, 74), Mak Allister (Korrea, 86), Paredes (Martines, 62), Fernandes, Messi, Alvares (Dibala, 74).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Sosa (Orshich, 46), Modrich (Mayer, 81), Kovachich, Brozovich (Petkovich, 50), Perishich, Pashalich (Vlashich, 46), Kramarich (Livaya, 72).
Ogohlantirishlar: Livakovich (32), Kovachich (32), Romero (68), Otamendi (71).