Yakuniga yetib borayotgan yil o‘zbek sporti uchun ulkan muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Sportchilarimiz Osiyo va jahon chempionatlari, kompleks musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgani uchun O‘zbekiston Respublikasi sportchilarini mukofotlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4056 Farmoniga asosan har yili Olimpiya va Paralimpiya sport turlarida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan trenerlar bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida 2022 yil dunyo birinchiliklarida shohsupaga ko‘tarilgan sportchi va trenerlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Azizjon Kamilov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, federasiya va assosiasiyalarning mas’ullari, sportchi va murabbiylar, faxriylar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida o‘zbek sportining 2022 yilgi g‘alabalariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng Adham Ikramov so‘z olib, yurtimiz sportining ahil oilasini kirib kelayotgan yangi yil bilan qutladi. Shuningdek, vazir ortda qolgan yil sarhisobi haqida to‘xtalib, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan yil sportimiz uchun omadli va muvaffaqiyatli o‘tgani, kelgusi yil ham mana shunday g‘alabalar bardavom bo‘lishi tiladi.
Shundan so‘ng taqdirlash marosimiga navbat berildi. Unga ko‘ra, jahon chempionatlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz 12 000, kumush medal sohiblari 6 000 va bronza medali egalari 3 000, murabbiylar ham mos ravishda 6 000, 3 000 va 1500 AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Shu jumladan Turkiyada o‘tkazilgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan bokschilarimiz Aziza Yakubova va Mohira Abdullayeva, hamda ularning murabbiylari Ziyatdinbek Tayganbayev bilan Sahida Yakubovalar ham taqdirlanishdi.
O‘z navbatida, sportchi va murabbiylarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, kelgusida ham bildirilgan ishonchni oqlashga va’da berishdi.
Shuningdek, taqdirlash marosimi doirasida “Milliy sport mukofoti-2022”ning “Xalqaro tadbirlarning eng yaxshi tashkilotchisi” nominasiyasi g‘olibi Osiyo Olimpiya kengashiga atalgan sovrin tantanali ravishda tashkilotning mamlakatimizdagi vakili, OOK vise-prezidenti Otabek Umarovga topshirildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirni faxriylarimizning oq fotihasi yakunlab berdi.