Ligada yelkama-elka xizmat qilayotgan do‘stlarimning barchasidan har qanday holatda ham qonun-qoidalardan chetlashmaslikni talab qilaman. Bosh hamisha tik turishi uchun bu juda muhim narsa. Talab hammaga bir xil bo‘lishi shart.
«Surxon» futbol klubining sobiq rahbarlarini biz sport prinsiplarini uyatsizlarcha buzgan shaxslar sifatida eslab qolganmiz. Vaqt shavqatsiz. Bugun o‘sha insonlar futboldan butkul uzoqda, ammo futbol o‘sha ishlar og‘rig‘ini hozir ham o‘z tanasida his qiladi. Biz har birida 12 tadan jamoasi bor ikki ajoyib ligaga ega bo‘lishimiz va hozirgidan ikki marta yaxshiroq Pro liga bilan yanada oldinda bo‘lishimiz mumkin edi. Ammo tor doiradagi kishilar manfaati keng ko‘lamli islohotlarni barbod qilishga yo‘naltiriladi. Shaxsiy manfaatlar umumnikidan ustun bo‘lmasligi kerak.
Surxondaryo iqtidorlarga boy. Eldor Shomurodov bunga yaqqol misol. Bu yerda futbolning ashaddiy muxlislari bor. Ular yaxshi saviyadagi klub, ajoyib stadion, havas qilarli infrastruktura hamda kuchli futbol akademiyasiga munosib. Liga «Surxon»ga shuni ravo ko‘rayotgani uchun ham qancha og‘ir bo‘lmasin, ayrim cheklovlarni kiritib kelmoqda. Vaholanki, biz jamoa o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida to‘p surishini shu jamoani so‘nggi to‘rt yilda boshqargan har bir kishidan uch marta ko‘proq istaymiz.
Ma’lumot uchun, avvalgi «Surxon» klubini tarixdan o‘chirib, yangisini Superligada o‘ynatish uchun har turli kishilar harakat qilib ko‘rdi. Ular orasida futbolimiz yuzlari ham bor. Biroq bugungi Liga hammasi FIFA belgilab bergan aniq qoidalar va reglamentlar asosida bo‘lishini talab qila oladigan kuchga ega.
Biz Liga nomidan surxondaryolik minglab muxlislarga sabrlari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ishonamizki, endi ishlar bir qadar tartibga kela boshlaydi. «Surxon» o‘z arenasida o‘ynashi Ligaga emas, viloyat hokimligi hamda uning bo‘lajak yangi egalariga bog‘liq ekanligini ma’lumot uchun aytib ketamiz.
Diyor Imomxo‘jayev.