«Yuventus» o‘z tarixidagi qiyin davrlarni boshdan kechirmoqda. Jamoa sobiq rahbariyat qilgan ishlar bilan bog‘liq janjalga aralashib qoldi. Andrea Anyelli va uning rahbariyati lisenziyalash va moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzganlikda: futbolchilar va xodimlarning maoshini oshirib yuborishda ayblandi. Koronavirus pandemiyasi davrida klub futbolchilarga yashirin tarzda to‘lovlarni amalga oshirib kelgan. Turinliklar rahbariyati o‘yinchilar maoshlarining bir qismini hujjatga belgilashdan bosh tortganliklari va qonunni chetlab o‘tib, bu pulni o‘zaro to‘lashga rozi bo‘lganliklarini ochiqchasiga aytishdi. Krishtianu Ronaldu ham bundan azob chekdi. Portugaliyalikning qarzi hamon 19,9 million yevroligicha qolmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, «Yuventus» 15 ochkodan mahrum etildi, klubning barcha rahbarlari, shu jumladan, klubni tark etganlar ham uzoq muddatga diskvalifikasiya qilindi. Jamoaning sobiq direktori Fabio Paratichi ikki yarim yilga futbol faoliyatidan chetlashtirildi, sobiq prezident Andrea Anyelli ham ikki yil davomida futbol maydonida ishlay olmaydi. «Yuventus»ning boshqa sobiq direktorlari Federiko Kerubini va Pavel Nedved mos ravishda bir yil-u to‘rt oyga diskvalifikasiya qilindi. Paratichi Angliyada «Tottenxem» tarkibida ishlaydi va taqiq Italiyadagi turnirlarga ham tegishli. Biroq, agar ishni UYEFA ko‘rib chiqsa, u o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalarida allaqachon futbolchilar bilan bog‘liq bo‘lgan janjalning yangi tafsilotlari paydo bo‘ldi. Taniqli italiyalik jurnalist Paolo Ziliani ijtimoiy tarmoqlarda yashirincha maosh olishga rozi bo‘lgan o‘yinchilarning ismlari ko‘rsatilgan hujjatlarning skrinshotlarini tarqatib yubordi. Hujjatlar koronavirus pandemiyasi davrida futbolchilarning maoshlarini yashirish holatiga tegishli. Ro‘yxatdan 22 nafar futbolchi, jumladan, Krishtianu Ronaldu, Janluidji Buffon, Paulo Dibala va Leonardo Bonuchchi, shuningdek, «Yuventus»ning sobiq bosh murabbiyi Maurisio Sarri o‘rin olgan. «Hujjatlarda «Yuventus»ning 2019/2020 yilgi mavsumdagi 23 nafar vakili va 2020/2021 yilgi mavsumdan 17 nafar a’zosining ismlari ko‘rsatilgan, ular «Yuventus» balansi kattalashib ko‘rinib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maoshlardan voz kechish taklifini qo‘llab-quvvatlaganlar. Sobiq prezident Anyellining jamoa sardori Kyellini bilan kelishgan holdagi noqonuniy operasiyalari tergovchilar tomonidan aniqlangan», deb yozadi Ziliani. Qayd etilishicha, so‘roq paytida voqeaning ayrim ishtirokchilari firibgarlik faktini tan oldi. «Yuventus»ning sobiq futbolchisi Matteys de Ligt va jamoa himoyachisi Mattia De Shilyolar WhatsApp orqali «Yuventus»ning o‘sha paytdagi sardori Jordjo Kyellinining barchaga puldan voz kechish ma’nosini tushuntirib, jurnalistlarga bu haqda gapirmaslikni taklif qilgan suhbatini taqdim etdi.
Zilianining so‘zlariga ko‘ra, aybdorlar o‘z harakatlarining noqonuniyligini tan olishsa, ular kamida bir oy muddatga diskvalifikasiya qilinadi. Bu nafaqat «Yuve» futbolchilariga, balki umuman hujjatda ko‘rsatilgan barcha futbolchilarga ta’sir qiladi. «An-Nasr» Krishtianu Ronaldudan bir oyga ayrilishi mumkin. Yoki «Parma» 45 yoshli Buffonni yo‘qotadi. Noqonuniy sxema tufayli «Yuventus»da har bir futbolchi maoshining uch barobarigacha jarimaga tortilishi mumkin (masalan, Ronaldu hisobotda deyarli 20 million yevro ko‘rsatkichi bor). Italiya futboli qonunchiligiga ko‘ra, oxirgi chora sifatida, ayniqsa jiddiy qoidabuzarliklar uchun klub quyi divizionga tushirib yuboriladi yoki so‘nggi chempionligidan mahrum qilinadi («Yuventus» 2020 yilda Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan).