Kirish Ro'yxatdan o'tish

Qishki transfer oynasida amalga oshmay qolgan xaridlar haqida nimalarni bilamiz?

Qishki transfer oynasida amalga oshmay qolgan xaridlar haqida nimalarni bilamiz?

Baho:
+ | -

Aksariyat mamlakatlarda qishki transfer oynasi allaqachon yopilgan. Biroq yanvar oyidagi natijalar hammani ham qoniqtiravermaydi - bu futbolchilarga ham, klublarga ham tegishli. Ko‘pgina bitimlar muvaffaqiyatli rasmiylashtirildi, ammo ba’zi kelishuvlar og‘zaki bo‘lib qoldi. Ba’zi klublar hech narsasiz qolib ketishdi, o‘yinchilar xohlagan bo‘lsalarda, o‘z jamoasini almashtira olmadilar. Quyida yanvar oyidagi amalga oshmagan transferlar haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Milan Shkrinyar («PSJ»ga o‘tmagan)

«Inter» himoyachisi Milan Shkrinyarning «PSJ»ga o‘tishi, uning shartnomasi muddati tugashini hisobga olsak, deyarli amalga oshirilgandek tuyulgandi. Parijliklar 27 yoshli markaziy himoyachini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekanliklarini ochiqchasiga e’lon qilishdi. Klublar muzokara olib borayotganini futbolchining o‘zi ham tasdiqladi. Slovakning bir oyog‘i allaqachon Parijda edi, biroq oxir-oqibat kelishuv barbod bo‘ldi. «Neradzurrilar» futbolchini qo‘yib yuborishmadi, chunki unga munosib o‘rinbosar topilmadi. Hikoya yaxshi yakunlanmadi, Fransiya chempioni juda orzu qilingan himoyachisidan mahrum bo‘ldi va Shkrinyar «Inter»da endi sardorlik bog‘ichidan ham mahrum bo‘ldi.

Sofyan Amrabat («Barselona»ga o‘tmagan)

«Fiorentina» yarim himoyachisi Sofyan Amrabatning «Barselona»ga o‘tishi bilan bog‘liq vaziyat qisqa bo‘lsada kinoga o‘xshardi. «Binafsharanglar» sport direktori Daniyele Pradening so‘zlariga ko‘ra, hammasi ertalab soat 10 da boshlangan va yarim tunda tugagan. OAV xabariga ko‘ra, futbolchining agentlari kataloniyaliklarni «Fiorentina»ga o‘zlari uchun mos kelmaydigan taklif bilan chiqishga ko‘ndirishgan. «Binafsharanglar» marokashlikni mashg‘ulotlarga kelmaganidan keyin boshqa jamoaga qo‘yib yubormoqchi edi. Italiyaliklar o‘z pozisiyasida turib, 26 yoshli yarim himoyachini tarkibdan chiqarib yuborishdi. Endi mavsum oxirigacha Amrabat Florensiyada qoladi. Bunga birgina uzr so‘rash kifoya bo‘ldi.

Xulian Arauxo («Barselona»ga o‘tmagan)

Transfer oynasi yopilishiga yaqinroq «Barselona» Ektor Belerinni «Sporting»ga qo‘yib yubordi. Uning o‘rniga kataloniyaliklar «Los-Anjeles Gelaksi» himoyachisi Xulian Arauxoni qo‘lga kiritmoqchi edi. Tomonlar hamma narsani kelishib oldilar, ammo kelishuv amalga oshmadi. «Ko‘k-anorranglilar» transferga 18 soniya kechikishdi va 21 yoshli himoyachisiz qoldi, biroq u allaqachon ushbu transferga tayyor edi. Aytgancha, shunga o‘xshash holat 2017 yilda «Lester» bilan sodir bo‘lgandi. O‘shanda «tulkilar» Adriyen Silvani ro‘yxatdan o‘tkazish bilan 14 soniya kechikishgan. Ikkala holatda ham FIFA transferlarni ro‘yxatdan o‘tkazmagan. Qoidalar hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak.

Nikolo Dzanyolo («Milan»ga o‘tmagan)

«Roma» yarim himoyachisi Nikolo Dzanyolo bilan bog‘liq vaziyat Italiyada qishki transferlar vaqtida eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri bo‘ldi. Futbolchi Rim klubini tark etish istagini bildirgan, biroq ketolmagan. 23 yoshli yarim himoyachi uchun asosiy da’vogarlar «Milan» va «Bornmut» edi. Futbolchi mish-mishlarga ko‘ra, u bilan shartnoma shartlarini kelishib olgan «rossonerilar»ga tezroq o‘tishni istadi. Ammo inglizlar rimliklarga yaxshiroq taklif yuborishgandi. Italiyalik futbolchi APL autsayderiga o‘tishdan bosh tortdi. Shunday qilib, hammasi samarasiz urinishlar bilan tugadi. Dzanyolo yakunda rahbariyatning tanqidi va muxlislarning g‘azabidan boshqa hech narsaga erisha olmadi.

Xakim Ziyesh («PSJ»ga o‘tmagan)

Parijliklar qishda juda omadsiz ko‘rindi. Avvaliga ular «Inter»dan Shkrinyar transferi uchun rad javobi olishgandi. Keyin Fransiya chempioni «Chelsi» vingeri Hakim Ziyeshning transferi bo‘yicha kelishuvda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. «PSJ» hammasiga «ko‘klar» aybdor ekanligini aytdi. Mish-mishlarga ko‘ra, londonliklar Enso Fernandes uchun «Benfika» bilan muzokaralarga shunchalik ko‘p e’tibor qaratishganki, ular Ziyeshning ketishi uchun parijliklarga bir necha bor noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlarni yuborishgan. Inglizlar barcha xatolarni tuzatganda, allaqachon kech edi. «PSJ» yana hech narsasiz qoldi. Marokashlik futbolchi Grem Potterdan o‘yin vaqti uchun kafolatni olgan bo‘lsada, «Chelsi»ni tark etish niyatida edi.

Moyzes Kaysedo («Arsenal»ga o‘tmagan)

Yanvar oyida «Arsenal» «Brayton» vingeri Leandro Trossardni 24 million yevro evaziga sotib oldi. Bu futbolchining bosh murabbiy Roberto De Zerbi bilan janjallashib qolgani tufayli ro‘y berdi. Transfer oynasi yopilishi arafasida «kanonirlar» yarim himoyachi Moyzes Kaysedoni «Brayton»dan olmoqchi bo‘lishdi, ammo yakunda u bilan hech narsa sodir bo‘lmadi. 21 yoshli yarim himoyachi uchun «kanonirlar» Trossarning narxidan ko‘proq summani taklif qilishdi, ammo «Brayton» rahbariyati bunga u qadar ishonmadi. Ekvadorlik futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bilan xayrlashishga sha’ma qiluvchi postlarni joylashtirdi, biroq oxir-oqibat u jamoasida qoldi. De Zerbi Kaysedo u uchun muhim futbolchi ekanligini aytdi.

Yannik Karrasko («Barselona»ga o‘tmagan)

«PSJ»da bo‘lganidek, «Barselona» ham qishki transfer oynasida hech narsani tartibga sola olmadi (yoki qila olmadi). Kataloniyaliklarning maqsadlaridan biri «Atletiko» vingeri Yannik Karrasko edi. Avvaliga «ko‘k-anorranglilar» futbolchini Memfis Depay uchun kelishuvga qo‘shishni xohlashdi, biroq «matraschilar» bunga rozi bo‘lishmadi. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘yinchilar almashinuviga ham rozi bo‘lishmadi. «Barselona» 29 yoshli belgiyalik futbolchini sotib olishga tayyor edi, biroq madridliklar uchinchi marta kataloniyaliklar taklifini rad etdi. Karrasko «Barsa»ga o‘tishga rozi bo‘ldi, ammo transfer amalga oshmadi. Ehtimol, yozda biror narsa qilish mumkin.

Kiritildi: 13:57, 09.02.2023.
O'qildi: 1448 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.