Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Ipsvich 0-1 Kristal Pelas
04/12 01:15 Lester 3-1 Vest Xem
05/12 00:30 Nyukasl 3-3 Liverpul
05/12 00:30 Sautgempton 1-5 Chelsi
05/12 00:30 Everton 4-0 Vulverhempton
05/12 00:30 Manchester Siti 3-0 Nottingem Forest
05/12 01:00 Atletik Bilbao 2-1 Real Madrid
05/12 01:15 Aston Villa 3-1 Brentford
05/12 01:15 Arsenal 2-0 Man. Yunayted
06/12 00:30 Fulhem - Brayton
06/12 01:15 Bornmut - Tottenhem
06/12 22:30 Inter - Parma

Kamtarlikda kamol topgan murabbiy

Kamtarlikda kamol topgan murabbiy

Baho:
+ | -

2022 yilning may oyi «Frayburg»ning 118 yillik faoliyatidagi eng yorqin oy bo‘lishi mumkin edi.

Ichki chempionat yakuniga 2 tur qolganida jamoa Bundesliganing yetakchi kvartetida borayotgan, YECHL yo‘llanmasi va Germaniya Kubogi sohibiga da’vogarlik qilayotgandi. Biroq «Frayburg» har ikki yo‘nalishda ham omadsizlikka uchrab, nufuzli turnir yo‘llanmasi va kubokni Tedeskoning «Leypsig»iga boy berdi.

Bir emas, ikkita o‘ta kuchli zarbani qabul qilgan «Frayburg» ustozi Kristian Shtrayx o‘zini boshqa har qanday kasbdoshidan o‘zgacha tutdi. Olimpiya stadionidagi penaltilar seriyasigacha cho‘zilgan alamli mag‘lubiyatdan keyin u har bir shogirdini quchoqlab, hamdardlik bildirdi, hakamga minnatdorchilik izhor etdi, g‘oliblarni tabrikladi va darvoza ortida joylashgan tribunadagi 30000 muxlisga ta’zim qilib, uzr so‘radi.

O‘sha paytda uning yuziga qalqigan alamli tabassum matbuot anjumanida ham tar­qamadi: «Darg‘azab bo‘la olmayman. Balki ertaga bo‘larman, lekin bugun emas. Biz g‘alabani ham, mag‘lubiyatni ham birgalikda baham ko‘ramiz».

Qattiq koyinmasligi haqida Shtrayx o‘yindan bir kun avval ogohlantirgandi: «Kubokni qo‘lga kiritsak, ajoyib ish bo‘ladi. Mabodo qo‘lga kirita olmasak, osmon uzilib, yerga tushmaydi».

Matbuot vakillari 2021|2022 yillar mavsumi «Frayburg»­ning cho‘qqisi bo‘ldi, deb hisobladilar. Ularning fikricha, jamoa ajoyib imkoniyatdan foydalana olmadi, bu yog‘iga natijalar pasayib ketadi.

Amalda buning aksi bo‘ldi: Germaniyaning janubiy jamoasi 2023 yilni Bundesligada 2-o‘rin va YELda guruh g‘olibi maqomida kutib oldi. Bu tasodifiy muvaffaqiyat emas. «Frayburg» qudratini statis­tik ko‘rsatkichlar tasdiqlamoqda, jamoa hamon yetakchi to‘rtlikda.

Shtrayx esa natijalarga avvalgidek ortiqcha hissiyotlarsiz munosabat bildirmoqda: «Evrokubok musobaqalarida ishtirok etayotgan yilda biz uchun muhimi - «Frayburg»ni elitada olib qolish. Agar buni uddalasak, mavsumni yaxshi o‘tkazgan bo‘lamiz».

The Guardian germaniyalik murabbiyni «Lester»ning chempionlik mavsumidagi Ranyeriga qiyosladi. Italiyalik mutaxassis ham so‘nggi turga qadar uning vazifasi «tulkilar»ni Chempionshipga tushib ketishdan saqlab qolish ekanligini ta’kidlagandi. Kasbdoshlardagi o‘xshashlikdan Shtrayx ham xabardor bo‘lishi mumkin. Lekin u hech kimdan nusxa ko‘chirmaydi. U 230000 kishilik shaharning autsayder jamoasini «Borussiya,D», «Leypsig» va «Bavariya» bilan raqobat qila oladigan jamoa maqomiga olib chiqqan o‘z uslubida ishlaydi.

Shtrayx «Frayburg»da Lyov bilan to‘p surgan

Go‘sht do‘koni sohibining o‘g‘li bo‘mish Kristian 22ga chiqqanida «Frayburg» tarkibidan joy olib, bir mavsum to‘p surdi. O‘shanda Yoaxim Lyov jamoa hujumchisi edi. Keyin Shtrayx «Xomburg»ga o‘tdi va u bilan elitada o‘ynay boshladi. Biroq jamoa mavsumni so‘nggi pog‘onada yakunladi.

«Xomburg» elitani tark etgach, Kristian to‘satdan qadrdon o‘lkasiga qaytdi va katta futbol bilan xayrlashdi. Endi u 5-divizion vakili - «Frayburger» tarkibidan joy oldi. Shaharning ikkinchi jamoasida 4 mavsum to‘p surish bilan birgalikda o‘qish va otasining do‘konida ishlashni davom ettirdi. Keyin esa oyog‘idan jiddiy jarohat olib, 30 yoshda faoliyatini yakunladi. 1995 yilda Shtrayx ikkinchi va oxirgi marta «Frayburg»ga keldi. Avvaliga u bolalar bilan shug‘ullandi, keyinroq yoshlar jamoasida ishladi va 3 marta (2006, 2009, 2011) Germaniya Kubogi va bir marta (2008) Germaniya chempionatida g‘olib chiqdi. Uning tarbiyalanuvchilari orasidan Dennis Aogo, Omar Toprak, Oliver Bauman va Daniel Shvab kabi iqtidorlar yetishib chiqishdi. 2011 yildagi finaldan keyin Kristianni asosiy jamoaga Markus Zorgga yordamchi etib tayinlashdi. Darvoqe, «Frayburg»ga kelishidan avval Lyov va Flikka milliy terma jamoada yordamchi bo‘lgan Zorg klubda omadsizlikka uchradi - 17ta o‘yinda 13 ochko. Shundan keyin rahbariyat Shtrayxga murojaat qildi. Kristian bir necha kun taklifni qabul qilmay, qarshilik ko‘rsatdi. Lekin mutasaddilar rad etib bo‘lmaydigan dalilni topa oldilar: «Yangi murabbiy yangi o‘yinchilarni olib keladi. Klubimiz esa vorislik an’analariga asoslangan. Bunday muhitga begona kishini qanday moslaymiz? Hammasi sening qaroringga bog‘liq».

Ortda qolgan 11 yildan keyin, Shtrayx o‘zini boshqa jamoa murabbiyi sifatida tasavvur ham qila olmaydi: «Frayburg»ga haddan tashqari o‘rganib qoldim. Agar qo‘qqisdan begona kishilar qurshab olishsa, o‘zimni butunlay yo‘qotib qo‘yardim».

Kristian o‘zining turmush tarzi, murabbiylik uslublari va falsafiy matbuot anjumanlari bilan «Frayburg» farzandi maqomiga ko‘tarildi. Bunda tashqari, hozirda u - top-chempionatlar beshligidagi deyarli eng barqaror murabbiy. «Deyarli» iborasi uning bitta jamoani uzluksiz boshqarish bobida faqat Diyego Simeonedan ortda ekanligini anglatadi. Argentinalik murabbiy «Atletiko» Shtrayxdan 6 kun avvalroq (2011 yil 23 dekabrda) qabul qilgan.

Shtrayx yaratgan muhit

Transfer byudjetlari reytingida «Frayburg» Bundesliganing quyi pog‘onalarida yuradi. Klub pul bilan o‘ta ehtiyotkorona muomala qiladi. Shu sababli o‘ta qimmat futbolchiarni xarid qilmaydi va faqat murabbiy ishonchini qozonganlarni oladi. Transfer jarayonida Kristian nafaqat futbolchining mahoratiga, balki uning tabiati va maydon tashqarisidagi yurish-turishiga e’tibor qaratadi. Klub ijrochi direktori Yoxan Sayer qo‘shimcha sifatida 1-2 soatlik mashg‘ulotdan keyin uyiga ketadigan o‘yinchi klubga kerak emasligini ta’kidladi: «Bizdagi ish qoidasi sal boshqacharoq. Kristian jamoasida hamma mashg‘ulotdan keyin qoladi va shug‘ullanishni davom ettiradi. Chunki yakka-yakka holda liganing yaxshi o‘yinchisi emasligini hamma yaxshi biladi. Bundesliga darajasidagi sport formasida bo‘lish uchun ko‘proq ter to‘kish talab etiladi». Tarkibni murabbiyga mos o‘yinchilardan shakllantirish muammolarga chek qo‘yish bilan birgalikda, jamoaning ahil va hamjihatligini ta’minlaydi. Maftunkor muhitning yuzaga kelishida murabbiyning muloqot madaniyati ham muhim o‘rin tutadi. Shogirdlari uni to‘la tushunishlari uchun u yetakchi o‘yinchilarga tayanadi. Ular murabbiy ko‘rsatmalarini jamoadoshlariga mukammal yetkazadilar. Jamoada uzluksiz aloqa hukmron. Qaysidir futbolchi OAV vakiliga nima uchun maydonga tushmayotgani haqida noliganini hech qachon eshitmaysiz. Shtrayx o‘z qarorlarini tushuntirish uchun vaqtini ham, kuchini ham ayamaydi» deb yozgandi Kristof Ruf o‘zining «Frayburg» va murabbiy haqidagi asarida.

«Frayburg» - oila-klubmi?

Jamoaning ichki tizimi xususidagi hikoyalardan u yerdagilar 100 yildan beri bir xil ishni bajarar ekanlar, degan xulosaga kelish mumkin. Biroq aslida unday emas. Birinchidan, «Frayburg» biznes qonunlari asosida ishlaydi, har bir xizmatchi o‘z sohasi uchun mas’ul, mutaxassis - aynan u. Ikkinchidan, «Frayburg»da hokimiyat almashuvi mavjud. 2019 yildan klubni yangi prezident boshqarmoqda: bungacha Frayburg gimnaziyasini boshqargan Eberxard Fugmann saylovda g‘olib chiqdi. u 1982 yildan sport jamiyatining a’zosi edi va o‘z nomzodini qo‘ygandi. Hatto Shtrayx ham o‘z lavozimiga yopishib olmagan. Unga bir necha marta uzoq muddatli shartnomani taklif etishdi, ammo u har yili amaldagi kelishuvni 1 yilga uzaytiradi. «Shunda miyam yaxshiroq ishlaydi», - deydi murabbiy. «Uning faoliyati o‘ta g‘aroyib. O‘ylashimcha, klubda u o‘chmas iz qoldiradi. Biroq men buni tasavvur qila olmayman, chunki Shtrayxsiz «Frayburg» - «Frayburg» emas!» - dedi faxriy hujumchi Nils Petersen. 

Ha, Kristian Shtrayx - «kamtarga kamol» hikmatining futboldagi isboti!

 Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:09, 12.02.2023.
O'qildi: 1768 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.