Joriy mavsumda "Real" hujumchisi Vinisiusga nisbatan eng ko‘p qo‘pollik ishlatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, braziliyalikka nisbatan jami 79 marta qoida buzilgan.
Bu esa kuchli beshlik chempionatlaridagi istalgan futbolchidan 16 martaga ko‘proqdir. La-ligadagi futbolchilardan esa 25 marta. Bu haqida Karlo Anchelottidan so‘ralganida, u shunday degandi: "Menimcha, Vinisius raqiblarga haddan ortiq muammo tug‘dirmoqda. Aynan shu sababli qolgan o‘yinchilar unga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lishyapti. Menimcha, qo‘polliklar borasida butun ispan futbolida muammolar bor. Biz esa uni hal qilishimiz kerak".
Statistikalar 22 yoshli hujumchining follardan jabr chekayotganini ko‘rsatmoqda. Ammo hakamlar bu narsaga jiddiy qaramayotgan ko‘rinadi. Masalan, "Malyorka"ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yinda Vinisiusga nisbatan 10 marta qoida buzilgan. Biroq, birorta raqib futbolchisi kartochkalar bilan ogohlantirilmagan. Shunday bir paytda atigi bitta qo‘pollik uchun Juniorga sariq ko‘rsatilgan edi.
Futbolchining bunday ahvoliga uning o‘ta yaxshi darajada harakat qilayotgan sabab bo‘lyapti. Xususan, vinger o‘tgan mavsumda 21 ta gol va 16 ta assistga mualliflik qilgandi. Uning assistlari ichida YECHL finalida Valverdega berilgan uzatma ham mavjud. O‘z jamoadoshi haqida gapirar ekan, Federiko Valverde shunday deydi:
"Vinisius - aqlbovar qilmas futbolchi. Uning maydondan tashqaridagi atrofidagilarga nisbatan bo‘lgan munosabati meni doimo qoyil qoldiradi. U maydonda o‘z uslubida futboldan zavq olishni biladi. Men raqib muxlislarining nima uchun uni yomon ko‘rishlarini tushunmayman. Axir Vinisius ham ular kabi inson. Odamlar o‘zlari aytgan gapga va harakatga javobgar bo‘lishi kerak. Futbolchi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, muxlislar uni hurmat qilishi kerak".
Valverdening so‘zlarida jon bor. Garchand Vinisius yomon munosabatlarga uchrab, ayamay "chopilsa" ham, u doimo yuzida tabassum bilan futbol o‘ynashda davom etadi. Eng yomon tomoni, Braziliya terma jamoasi a’zosi muxlislarning irqchilik namoyishlarida markaziy o‘rinda turadi. Jumladan, unga nisbatan "Ateltiko" fanatlari kurakda turmaydigan ishlar qilgandi.
Vinisius shunday hujumlarga uchraganida, uning jamoadoshi Neymar o‘z Instagram'ida shunday post qoldirgandi: "O‘zligingni yo‘qotma. Alda, quvna va futbol o‘yna. Doimo xursand yur, do‘stim. Keyingi golingni birga raqsga tushib nishonlaymiz".
Biz ham Neymarning gaplariga qo‘shilgan bo‘lardik. Chunki haqiqiy futbol muxlislari, kimni qo‘llashidan qat’iy nazar, "Real" yulduzini yaxshi ko‘radi. Chunki u ajoyib futbolchi. Futboldan irqchilik va kuch ishlatish yo‘qolishi lozim!
ISMATOV J.