Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg 1-0 Surxon
24/11 16:30 Jenoa 2-2 Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona 2-0 Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna 2-2 Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton 2-3 Liverpul
24/11 19:00 Torino 1-1 Monsa
24/11 19:00 Komo 0-2 Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya 1-0 Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich 1-1 Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli 1-0 Roma
24/11 22:30 Leganes 0-3 Real Madrid
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Usmon, tibbiy daftarchang to‘lib bo‘ldi-ku...

Usmon, tibbiy daftarchang to‘lib bo‘ldi-ku...

Baho:
+ | -

«Barselona»ning eng qimmatbaho futbolchilaridan biri Usmon Dembele yana jarohat ortidan chetga chiqdi. Bu fransiyalik uchun Kataloniya klubidagi 16-jarohatdir.

Shuncha shikastlanishlar hosilasi - Usmon 6 yil davomida «Barsa» ishtirokidagi o‘yinlarning yarmida ham maydonga tushmadi. To‘g‘ri, futbolchi shunga qaramay, 40 million yevroni qurtdek sanab oldi. Bunga qanday qarash mavjud? Hozir aniq fakt bitta: «Barselona» mavsumning qoq o‘rtasi, yana eng muhim pallada asosiy assistentdan ayrildi. Har holda, joriy mavsum 7ta golga hammualliflik qilgan Dembele chap soni mushaklaridagi muammo tufayli 5 hafta davomida jamoaga yordam berolmaydi. Oddiy aytganda, fransiyalik futbolchi Ispaniya kubogi yarim finalidan o‘rin olgan «Real»ga qarshi bahs, shuningdek, YEL doirasida «MYU» bilan bo‘ladigan har ikki jangni o‘tkazib yuborishga majbur. To‘g‘ri, uning ertaroq qaytishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Usmon Dembelening «Barselona»dagi 6 yillik tibbiy daftarchasi to‘lib bo‘ldi allaqachon: 16ta jarohat, kamiga koronavirus. Raqamlarda keltirsak, fransiyalik futbolchi bu davrda potensial 28 ming daqiqaga teng o‘yin vaqtidan deyarli 60 foizini tomoshabin sifatida kuzatdi. Ya’ni maydonda atigi 10,6 ming daqiqa harakatlandi. Eng yomon statistika mavsum-2019/2020ga to‘g‘ri keldi - La Liga va CHLda atigi 493 daqiqa o‘yin. Klub bu oraliqda Usmonga shartnoma bo‘yicha 90 million yevrodan ko‘proq to‘ladi (40 millioni sof daromad). To‘g‘ri, jamoa boshqa­ruvi Xavi qo‘liga o‘tganidan buyon vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargandi. Ha, u bu orada koronavirus va mushaklarga bog‘liq charchoq tufayli ba’zi o‘yinlarni o‘tkazib yubordi, lekin klubda emas, Fransiya terma jamoasida. Xullas, bu Usmon uchun Xavi davridagi birinchi jiddiy jarohatdir. 

Dembelening asosiy muammosi - son mushaklari. Bir qarashda, 2ta jarrohlik amaliyoti yoki umumiy yondashuv futbolchiga bu borada yordam bergandek. Umuman, fransiyalikni 16 marta safdan chiqargan jarohatlardan 11tasi aynan son mushaklari bilan bog‘liq. Sport shifokori Artyom Rijenko 2020 yilning boshida ushbu muammo juda murakkab ekanligini alohida tushuntirgandi: «Biseps jarohati maydonda ko‘p yugurish va katta hajmda ish bajarishni talab qiladigan pozisiyalar egalari - vinger va qanot hujumchilarida tez-tez uchraydi. Oddiy misol, Kingsli Koman va Garet Beyl. Mushaklarga bog‘liq shikastlanishlar haddan tashqari zo‘riqish natijasida kelib chiqishi o‘z-o‘zidan tushunarli. Odatda zo‘riqishdan keyin to‘liq tiklanmagan mushak haddan ortiq yuklamaga bardosh berolmaydi, oqibatda cho‘ziladi yoki yirtiladi. Bunga haddan tashqari ko‘p shug‘ullanish ham, talab darajasida mashq qilmaslik ham sabab bo‘lishi mumkin». Ko‘pchilik Dembelening ilk davrda ish tartibiga qanday yondashganidan xabardor, albatta. Oddiy misol, 2018 yilning 20 oktyabr kuni «Sevilya»ga qarshi kechgan o‘yinda Lionel Messi 26-daqiqadayoq jarohatlanadi. Argentinalik futbolchiga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan pallada bosh murabbiy Ernesto Valverde darhol Dembelega chigilyozdi mashqlarini boshlashni buyuradi. Biroq fransiyalik yigitcha bunga loqayd qaraydi, barchasini paysalga soladi va maydonga naq 10 daqiqadan keyin tushadi, «Barsa» esa bu vaqtda ozchilik bo‘lib o‘ynaydi. Yana 4 kundan so‘ng «Barsa» CHLda «Inter»ni qabul qiladi. Barcha futbolchilar «Kamp Nou»ga belgilangan vaqtda yetib kelishadi, Dembele esa naq 25 daqiqa kechikadi. Bundan g‘azablangan Valverde fransiyalikni zaxirada qoldiradi, vaholanki, uni boshlang‘ich tarkibga kiritishni rejalashtirgandi. Xullas, futbolchi ichki tartibni buzgani oqibatida o‘z o‘rnini Rafinyaga bo‘shatib beradi va o‘yin davomida chigilyozdi mashq­larida ham qatnashmaydi. Ehtimolki, Usmon maydonga tushirilmasligini bilgani uchun isinib turishni xohlamagandir. Keyinchalik Ispaniya matbuotida ikki taxmin ilgari surildi: bu «Sevilya» bilan o‘yinda maydonga tushishni paysalga solgani yoki CHL bahsiga kechikkani uchun jazo. 2019 yilning avgust oyida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi: Usmon «Atletik» bilan o‘yindan so‘ng tibbiy ko‘rikdan bosh tortdi va jarohatini pisand qilmay, Senegal termasi ixtiyoriga yo‘l oldi. Oqibatda, yana 5 haftalik majburiy «ta’til»ga yuz tutdi.

Videoo‘yinlarga qaramlik ta’siri ham bor. Futbolchining kun tartibiga rioya qilmasligida uning virtial o‘yinlarga ruju qo‘ygani ta’siri ham bor. To‘g‘ri, Dembele bilan ishlagan murabbiylar ham avliyo emaslar. Deylik, Usmonning ko‘pincha tayyorgarliksiz ham o‘yinga tushishiga to‘g‘ri kelgan. «Orada murakkab davrga yuz tutdim - jarohatlar, koronavirus... Murabbiylar esa biror marta mashg‘ulot o‘tkazmagan bo‘lsamda, o‘ynashimni so‘rashdi, bunga har doim rozilik beraverdim. Hamisha shunday, chunki menda o‘ynash ishtiyoqi juda baland. Dunyoda men uchun eng yaxshi yumush - bu futbol. Shunday ekan, maydonga tashganimda, mislsiz baxtiyorlikni tuyaman», - degandi Dembele bu masalada. Ernesto Valverde ham 2019 yilning mart oyida Usmonning so‘zlarini tasdiqladi: «Dembele «Lion» bilan o‘yin arafasida o‘zini noxush sezdi, shunga qaramay, undan foydalanishga qaror qildim. Chunki o‘yin juda muhim edi. Qisqasi, tablodagi hisobdan kelib chiqib, Usmonni maydonga tushirdim, oqibatda uni 3-4 haftaga yo‘qotdik». Fransiyalik vinger 2021 yilning noyabr oyida Kiyev «Dinamo»siga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi, biroq sonining orqa qismidan jarohatlanib, 1 oy muddatga safdan chiqdi. Diario Sport ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda shifokorlar Dembeleni maydonga tushirmaslik yoki ko‘pi bilan 15 daqiqa o‘ynatishni tavsiya etishgan. Biroq bosh murabbiy rolini bajaruvchi Serxi Barxuan futbolchini o‘yin tugashiga 25 daqiqa qolgan pallada jangga tashlagandi, chunki «Barsa» hisobni ocholmay, qiynalayotgandi.

Ijobiy o‘zgarishlar uch­quni. Muhimi, oxirgi vaqtlarda Dembeleda jarohatlar soni kamaydi. Chunki futbolchi 2020 yilning fevralida chap soni, keyingisining yozida esa o‘ng soniga bog‘liq muammolar tufayli jarrohlik stoliga yotdi. Bu amaliyotlarni sport jarohatlari bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar amalga oshirishdi. Chunonchi, «Barcelona» ushbu masalada Finlyandiyaning ilg‘or klinikalaridan biri bilan hamkorlik qiladi. Xullas, to‘liq tiklangan Usmon joriy mavsum jami o‘yin vaqtining deyarli 70 foizini maydonda o‘tkazdi safdan chiqishiga qadar. Aslida yanada ko‘proq o‘ynashi ham mumkin edi, faqat bosh murabbiy Xavi vingerga ortiqcha yuklama bermaslikni o‘ylab, muntazam ravishda ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida almashtirdi. Dembele o‘tgan yozda yangi shartnoma tuzdi. Unga ko‘ra, yiliga 20 emas, 12 million yevro miqdorida maosh oladi. The Athletic nash­rida yozilishicha, bunda Xavining roli katta. Ya’ni murabbiy futbolchi bilan muntazam gaplashib, uni qolishga ko‘ndirdi va maydonda muhim rolga chiqa olishiga ishontirdi. Ochig‘i, shunday pallada Usmonning yana safdan chiqqani achinarli hol, albatta.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 17.02.2023.
O'qildi: 2587 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.