Sir emaski, O‘zbekistonning har jabhada Turkiya bilan hamkorlik ko‘lami kengayib, istiqbolli rejalar asosida samarali ishlar olib borilmoqda.
Hukumat darajasida ham aloqalar juda mustahkam va muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbek va turk hamkorligining sport hamda madaniyat yo‘nalishidagi davomi sifatida “Andijon” futbol klubi Turkiyaning “Antalyaspor” jamoasi bilan kelishuvga erishdi.
Oldin xabar berganimizdek, jamoa rahbariyati Turkiya klubi rahbariyati bilan uchrashgandi va “Antalyaspor” klubi bilan yaqindan tanishib chiqqandi. Natijada ikki tomon bir-biri bilan ishlashga rozilik bildirgandi.
Shu boisdan “Andijon” klubi safar oldidan yana bir bor “Antalyaspor” klubida bo‘ldi. Bu safar barchasi rasmiylashtirildi.
Hamkorlik bo‘yicha eksklyuziv kelishuv shartnomasini imzolash jarayonida “Andijon” futbol klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev hamda “Antalyaspor” klub prezidenti Aziz Chetin nomidan jamoaning xalqaro aloqalar va strategik rejalashtirish bo‘yicha menejeri Erdem Erdal shartnomaga imzo chekdilar.
Aytish joizki, “Andijon” hamda “Antalyaspor” o‘rtasida 5 yillik bitim imzolandi. Allaqachon ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha ishlarning oldinga siljiganligi kuzatilmoqda.
Ma’lumki, jamoa yaqinda albaniyalik tajribali hujumchi Rubin Xebay bilan shartnoma imzoladi. Bilasizmi, aslida ushbu futbolchi “Antalyaspor” klubi menejerining taklifi bilan olingan. Bu hol esa aynan ikki klub o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning birinchi qadamlaridan bo‘ldi. Aslida vaziyat shunday ediki, ushbu o‘yinchini “Antalyaspor” klubi ham ko‘zlab turgandi. Lekin yordam sifatida hamkorimiz mazkur legionerni “Andijon”ga tavsiya qildi, deyish ham mumkin.
Kelishuv shartnomasi 11 ta yo‘nalish bo‘yicha imzolandi. Jumladan, klublar bir-birini asosiy jamoa hamda yoshlar va o‘smirlar jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarga jalb qilish, xuddi shuningdek, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha jalb qilish, ikkala tomonlama murabbiylarning o‘quv-kurslarini tashkil qilish, klublarning bir-biriga futbolchilarning transferi va ijarasi bo‘yicha hamkorligi, klublar xodimlari o‘rtasida malaka almashish va stajirovka o‘tkazish, klublar o‘rtasida futbolchilarning ta’lim dasturlari yuzasidan malaka almashish va stajirovka o‘tkazish, “Antalyaspor” sport bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish, ikkala klub o‘rtasida skautlik yo‘nalishidagi munosabatlarni rivojlantirish, ikkala jamoaning hamkorligi yuzasidan o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va veb-saytlarida bir-birini targ‘ibot qilish, klublarning homiylar hamda muxlislar tomonidan keladigan daromadlarini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, har xil sport va futbol maslahatlari hamda tavsiyalarini berish kabi futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, maydonda 11 nafar futbolchi o‘ynaganidek, mazkur klublarning kelishuv shartnomasida ham 11 ta band o‘rin egallagan.
“Antalyaspor” klubi prezidenti, turk futbolida katta obro‘-e’tibor qozongan janob Aziz Chetin ham “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev boshchiligidagi jamoamiz delegasiyasi bilan uchrashdi. Tomonlar bunday iliq munosabatdan va samarali kelishuvdan nihoyatda mamnun ekanliklarini yashirib o‘tirmadilar.
O‘z navbatida “Antalyaspor” prezidentining o‘zi ham jamoamiz bilan hamkorlik qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. “Andijon” bosh direktorining janob Aziz Chetin bilan uchrashuvi chog‘ida shunga amin bo‘lish mumkinki, ushbu loyiha har ikkala tomonning rivoji uchun katta xizmat qiladi.
"Andijon" matbuot xizmati.