Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Janluiji Donarumma: «Agar Navas ketmasa, men ketishimga to‘g‘ri kelardi...»

Janluiji Donarumma: «Agar Navas ketmasa, men ketishimga to‘g‘ri kelardi...»

Baho:
+ | -

16 yoshidayoq «Milan»dek klubda debyut qilgan va hamisha jahonning eng istiqbolli darvozabonlariga egaligi bilan maqtanadigan Italiya terma jamoasida afsonaviy Buffon vorisi sifatida e’tirof etilgan Janluiji Donnarumma nimadir bo‘ldiyu, 2021 yilning yozida «rossonerlar» umidlarini puchga chiqarib, tekin transfer o‘laroq, «Parij Sen-Jermen» safiga qo‘shildi. Shu tariqa uning Fransiyada Keylor Navasdek tajribali ampluadoshi bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keldi. Muhimi, italiyalik kiper bu orada professional sifatida yaqqol o‘sishga erishdi. Jiji II yaqinda bergan intervyusida Kosta-Rika milliy jamoasi yetakchisi bilan raqobat uning uchun ijobiy tajriba bo‘lganini tan olib, «PSJ» rahbarlari oldiga shart qo‘yganini ham yashirmadi: «Tushuninglar, Keylor Navas yoki meni tanlashinglar shart».

- Nima uchun aynan «PSJ» variantini tanlagandingiz?

- Bu yerda prezidentdan tortib, sport direktorigacha - barcha meni jamoada ko‘rishni istadi. Qisqasi, klubning xizmatimga jiddiy qiziqqani tanlovimga kuchli ta’sir qildi.

- To‘g‘risini ayting, yakuniy qaroringizda adashingiz Janluiji Buffonning ta’siri ham bormi?

- Avvalo, aytishim joiz, Jiji bilan o‘zaro munosabatlarimiz juda kuchli. Deylik, haligacha tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Albatta, uning fikrlarini yetarli darajada qadrlayman. Lekin «PSJ»da o‘ynash masalasini mustaqil va ongli ravishda hal qilgandim. 

- «PSJ» safiga Keylor Navasdek kuchli va tajribali raqobatchi borligini bila turib, qo‘shilgandingiz...

- Chunki o‘sishim uchun aynan shunday murakkab raqobat kerak edi. Oddiy aytganda, faqat turli qiyinchiliklar tufayli oldinga qadam bosish mumkinligini tushungandim. Futbolda bar­qaror rivojlanishning asosiy sharti shu - kuchli raqobat. Yanada yaxshiroq darajaga chiqishni xohlasangiz, o‘zingizni eng qaynoq muhit ichiga tashlashingiz kerak. Mana, Keylor bilan raqobat meni ortga nazar solish va oldinga dadil qadam tashlashga majbur etdi. Bu tengi yo‘q ijobiy tajriba va maktabdir. 

- Parijdagi ikkinchi mavsumda esa klubga to‘liq moslashib ulgurganingiz va rotasiyaga ortiq ko‘nmasligingiz ayon bo‘ldi...

- Bosh murabbiy Kristofer Galtye aniq iyerarxiya yaratdi va hozir uning ishonchi uchun minnatdorchilik bildirishim kerak. O‘zi klubdan men yoki Navasni tanlashi talab etilardi. Yashirmayman, bu boradagi fikrimni rahbariyatga ham aytgandim. 

- Yakunda Keylor Navas ketishga qaror qildi. Bu borada nima deysiz?

- Futbolchi faoliyatining muayyan nuqtasida shunday tanlovga yuz tutishi tabiiy hol. Umuman, u bir to‘xtamga kelmasa bo‘lmasdi, aks holda, ehtimolki, men ketishga qaror qilardim... Chunki hozirgi holatda har ikkimizga o‘yin amaliyoti muhim. Shu nuqtai nazardan qarasak, ikkimizning ham klubda qolishimiz faqat zararimizga ishlardi. Yashirishga hojat yo‘q, o‘tgan yilgi tajribadan keyin endi har safar maydonga tushishni istayman, navbat kutib o‘tiradigan yoshda ham emasman hozir. O‘z o‘rnida tan olishi kerak, Navas bilan raqobat menga qo‘shimcha dadillik bag‘ishladi.

- O‘tgan yili «Santyago Bernabeu»da kechgan CHL o‘yinida yo‘l qo‘ygan xatongizda katta bosim ulushi ko‘pmi yoki...?

- Yo‘q, aslida qandaydir vahimali bosim sezmagandim, ruhiy holatim ham joyida edi. Axir bunday jiddiy o‘yinlarga o‘rganib ulgurganman. Afsuski, futbolda ba’zan xatodan qochishning imkoni yo‘q. Albatta, Benzemaning goli va mag‘lubiyatdan qattiq ranjiganim rost, ammo o‘zimni aybdordek his qilmadim. Jamoa g‘alabasi hammaniki, demak, mag‘lubiyatda ham shunday. Qaytaraman, o‘sha omadsizlikda aybdor emasman, faqat bu xafagarchilik darajasini pasaytirmaydi. 

Janluiji Donnarumma oxirgi vaqtlar «PSJ»-ning eng ko‘p muhokama markaziga tushadigan futbolchilaridan biriga aylanib qoldi. Bunga italiyalik kiperning shaxsiy agenti Rafaela Pimenta ham bee’tibor qaramayapti: «Matbuot Donnarumma bilan ko‘p o‘chakilash­yapti. Bir qarasangiz, maqtaydi, ortidan tanqid yog‘diradi. Jurnalistlar bu borada o‘z pozisiyalarini tez o‘zgartiryaptilar. Tushunaman, mijozim mashhurligi va maqomi tufayli hamisha diqqat markazida, ammo hamma me’yorni bilishi, chegaradan chiqib ketmasligi kerak».

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 13:03, 24.02.2023.
O'qildi: 1013 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.