Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Fransiya Mbappe bilan bog‘liq ajabtovur hangoma

Fransiya Mbappe bilan bog‘liq ajabtovur hangoma

Baho:
+ | -

Yaqinda Fransiyada g‘aroyib voqea yuz berdi: 48 yoshli shaxs o‘zini Kilian Mbappening otasi deb tanishtirib, taniqli nomdan noqonuniy ishlarni amalga oshirishda foydalanishga urindi.

 Lekin tez orada qo‘lga olindi. Firibgarlik mazmuni: Mbappening otasi rolidan foydalanib, kishilarga boshpana topishda yordam berish va shu yo‘l bilan pul ishlash.

Bu ishni qay tariqa amalga oshirdi?

Noma’lum shaxs jazoirlik juftlik uchun xonadon olishga uringan va o‘zini Kilian Mbappening otasi sifatida tanishtirdi. Masalani u telefon orqali va yozma ravishda hal qilishga urindi.

2022 yilning dekabrida Ivelin prefekturasining xizmatchisi undan shubhalanib qoldi - go‘shakdan kelayotgan ovoz g‘alatiroq, yozma hujjatlarda orfografik xatolar ko‘p edi.

Xizmatchi polisiyaga murojaat qilgach, Mbappening soxta otasi yana ikkita prefekturada ham shunga o‘xshash ishlar bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘ldi. Yakunda huquq-tartibot xodimlari tomonidan hibsga olindi.

U jazoirlik juftlikka ixtiyoriy ravishda yordam bermoqchi bo‘lganligini ta’kidlagan bo‘lsada, polisiya bu gaplarga ishonmadi - tintuv jarayonida uning uyidan 4370 yevro miqdorida naqd pul va  noma’lum manbalardan tushgan 24000 yevroli hisob daftarchasi topildi.

Shundan keyin firibgar aybini bo‘yniga oldi: «Qattiq xijolatdaman, qilgan ishlarim uchun afsuslanyapman».

2000 yevro jarima va 10 oy muddatga qamoq jazosi - hangoma shu tarzda poyoniga yetdi.


Bu shaxs Kilianning otasi emasligini nimadan bilib olish mumkin edi: yoshidan, savodidan va oilaviy holatidan

Taniqli hujumchining haqiqiy va soxta otasi o‘rtasida sezilarli farq mavjud:

• Uilfrid Mbappe (Kilianning otasi) 52 yoshda, 48da emas. U Kamerunda ulg‘aygan, Fransiyaga ko‘chib o‘tib, Parij yaqinidagi Bondi shaharchasiga joylashdi. Ayrim manbalarga ko‘ra, katta Mbappening Nigeriyada ham avlodlari bor. Firibgar bu boradagi savollarga to‘g‘ri javob bera olmasdi.

• Kilianning otasi oliy ma’lumotli - yozma hujjatlardagi xatoliklar huquq-tartibot xodimlarida shubha uyg‘otgani bejiz emas. Garchi Uilfridning tahsil olgan joyi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmasa ham. Ayrim manbalarda yozilishicha, katta Mbappe avval Kamerunda o‘qigan, keyin Parij universitetida tahsil olgan.

• Uilfrid sobiq gandbolchi qizga uylangan - 90-yillar oxirida ortiqcha shov-shuvlarsiz nikohdan o‘tgan. 2021 yilda juftlikning ajrashib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Kilianning otasi yana qaysi jihatlari bilan yodda qolgan:

• Uilfrid Bondida bolalar bilan futbol murabbiyi sifatida ishladi. Taniqli futbolchilardan Jonatan Ikone va Uilyam Salibalarga («Men biladigan barcha bilimlarni u o‘rgatgan» - «Arsenal» o‘yinchisining e’tirofi) saboq berdi. Va albatta, o‘g‘lining faoliyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi, «Bondi»ni tark etgach, uning agentiga aylandi.

• Katta Mbappe jumladan, shunday degandi: «Men u uchun murabbiydan ko‘ra, ko‘proq tomoshabin edim. Bittayu-bitta muammo - uyda ota maqomiga qaytishim edi. Munosabatlarimiz buzilmasligi uchun, futboldagi barcha muammolar, xafagarchilik, tushkunlik va nafratni maydonga ko‘mib kelishga Kilian bilan kelishib olgandik. Bularning hammasi uydan tashqarida qolishi shart edi».

  •  «U 10 yil menga murabbiy sifatida futbol sirlarini o‘rgatdi, o‘zim orzu qilgan uslubdagi o‘yinchi bo‘lishimga yordam berdi. Lekin men biror marta ham «sen futbolchi bo‘lishing kerak» degan bosimni his etmadim», - bu farzandning o‘z otasiga bergan ta’rifi.


Firibgarlar muntazam ravishda o‘z qallobliklarida «PSJ»dan foydalanadilar. Qanday qilib?

Bunga misollar yetarli.

• 2021 yil dekabridagi voqea: yoshlar jamoalari o‘rtasidagi Fransiya Kubogi («Lizye» - «PSJ», 1:5) o‘yinini tomosha qilish uchun kelgan 28 yoshli yigit mehmonxonaga joylashish chog‘ida o‘zini «PSJ» o‘yinchisi, deb tanishtirgan. U 2 kun uchun 227 yevro to‘lashi kerak edi. Biroq buning o‘rniga joy haqini ko‘rsatilgan telefon raqamiga «agent» orqali jo‘natishini aytgan va g‘oyib bo‘lgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, raqam haqiqiy emas ekan. Sud bu yigit avvalroq 12ta qoidabuzarlikni amalga oshirganidan xabardor bo‘lgani sababli, uni 2 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Firibgarlik tafsilotlari 2022 yilning may oyida ma’lum bo‘ldi.

• Fransiyalik havaskor o‘yinchi Gregor Akselrod syujeti: u o‘zini «PSJ»ning porloq yulduzi sifatida ta’riflagan (bu yolg‘on bo‘lib chiqdi), o‘ziga soxta sayt ochib, o‘yinlar haqida qalbaki hisobotlarni joylagan, Nikolya Anelka matnlarini ko‘chirib, o‘z ism-sharifini yozgan va turli klublarga jo‘natgan. Yakunda Gregor Sofiyaning SSKA klubi bilan 15000 funt oylik maosh oladigan 3 yillik shart­noma imzolashiga sal qolgandi. Biroq bu qalloblik vaqtida to‘xtatildi: fanatlardan biri «PSJ» ofisiga kirib, Akselrod haqida so‘ragan, u yerdagilar uni tanimasliklarini aytishgan. Natijada transfer amalga oshmagan.

• Kilian Mbappening o‘zi ham beixtiyor kichikroq ko‘lamdagi qalloblikka aloqador bo‘lib qolgan. 2020 yil bahorida uning nomidan roziligini olmagan holda reklamada foydalanishgan. Ha, firibgarlikda avval nimagadir erishish mumkindir, lekin yakunda jazo kelishi aniq.

A.Abduhamitov tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:30, 26.02.2023.
O'qildi: 3348 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.