Grem Potter "Chelsi"da katta bosim ostida qolgani hammaga ma’lum. Uning klubi ayni damda APLning 10-pog‘onasida ketmoqda. Ingliz mutaxassisi "Chelsi"ga kelgandan buyon barcha o‘yinlarning bor-yo‘g‘i 34.6 foizida g‘alaba qozondi xolos. "Aristokratlar" so‘nggi 11 ta o‘yinda 2 marta g‘alabaga erishgan (barcha musobaqalarda). Xullas, Potterning holatida faqat sehr-jodugina vaziyatni yaxshilaydigandek ko‘rinadi. Ammo jamoani g‘alabali yo‘lga qaytarish uchun "Garri Potter" bo‘lish shart emas. Shunchaki, quyidagi yettita ish maromiga yetkazilib bajarilsa bas!
Asosiy tarkibning 11 futbolchisini shakllantirish
Klub rahbari, Todd Byolining transferlarga jiddiy e’tibor bergani ham Potterga yordam bera olmadi. Hozirda "Chelsi"ning tarkibi nihoyatda kengayib ketdi. Masalan, APLning o‘zida, jamoa 32 ta futbolchidan foydalanmoqda. Potter, asosoan 4-2-3-1 taktik sxemasida harakat qiladi. Ammo uning tarkibida har o‘yinda, har xil futbolchi maydonga tushmoqda. Potter tezroq asosiy tarkib o‘yinchilarini tanlab olishi kerak. Negaki, jamoaga hozir barqaror natijalar juda ham zarur.
Gol uradigan futbolchilarni aniqlash
"Chelsi" barcha turnirlarni qo‘shib hisoblaganda, 16 ta bahsda bor-yo‘gi 6 ta gol urgan xolos. Mana shu jihat ham Potterning zaif tomoni bo‘lib turibdi. APLda London jamoasi jami 23 ta gol urishga erishgan. Bu esa yettinchi eng yomon natija hisoblanadi. Taqqoslashingiz uchun, Kay Xaverts "Chelsi" safida 5 ta gol bilan yetakchilik qilmoqda. Potter davrida jamoada bir kishi ko‘p gol urishi murakkab ishga aylandi. Bu ishni asosan yarim himoyachi va qanot himoyachilari bajarmoqda.
OAVdagi xabarlarni nazoratga olish
Joze Mourinyo bu ishning ustasi edi. U natijalar yomonlashib ketganida, mediadagi ma’lumotlarni istagan vaqtda o‘zgartirib yuborishni uddalay olgan. Hozirda ko‘plab ekspertlar oynayi jahon yoki internetda "Chelsi" haqida gapirishmoqda. Buni o‘zgartirish uchun nimadir o‘ylab topish lozim.
Muxlislar bilan yaxshi aloqa o‘rnatish
O‘yinlarda g‘alaba qozonish bu muammoning eng yaxshi yechimi bo‘ladi, aslida. Ammo bu oson bo‘lmayapti. Tomas Tuxeldan qolgan jamoani o‘nglash uchun ko‘p vaqt kerak. "Chelsi" muxlislari esa Roman Abramovichning murabbiylarni tayinlab, bo‘shataverish siyosatiga moslashib qolgan edi. Shu sabab, ularda sabr qilish instinkti ancha zaiflashgan. Shunga qaramay, muxlislarni o‘z tomoniga og‘dirish faqat va faqat Potterning ӯziga bog‘liq.
"Borussiya Dortmund"ni yengish
"Chelsi"ning APLdagi holati juda ham murakkab. Jamoa 10 o‘rinda va YECHLga yo‘llanma beruvchi pog‘onadan 14 ochko pastda joylashgan. Angliyada imkoniyat kamayib ketgan bo‘lsada, Potterda YECHL varianti bor. Buning uchun "Borussiya Dortmund" kamida ikkita to‘p farqi bilan mag‘lub etilishi kerak. Shundagina, jamoa ruhiyatida ham nimadir o‘zgarishi mumkin.
Yosh futbolchilarga imkon berish
Potterning murabbiylik qobiliyatlari "Brayton"da yakkol namoyon bo‘lgandi. U o‘z qo‘lidagi futbolchilardan maksimum foydalanish evaziga ijobiy natijalar qayd etgan. Endi "Chelsi"da ham aynan shunday qilinishi kerak. Xususan, yoshlarga e’tibor berish kelajakka zamin hozirlaydi. Ayniqda Mudrik va Fernandes kabi futbolchilarga ko‘proq imkon berish orqali hammasini yaxshilash osonroq kechadi. Vaqt to‘xtamaydi. Shunday ekan, ishni hozirdan boshlamoq lozim.
G‘alabasiz seriyaga yakun yasash
Potterga, ayni damda eng katta bosim yuklayotgan muammo bu jamoaning g‘alabalarga erisha olmayotganidir. Xususan, "Chelsi" APLda so‘nggi 5 ta bahsda birorta g‘alaba qayd etmadi. Aytish mumkinki, "Chelsi" tarixidagi murabbiylarning hech biri bunday salbiy ko‘rsatkichga ega emas. Shuning uchun bu seriyani tezroq tugatish lozim. Taqvimga qaralsa, "Chelsi"ning ligadagi keyingi to‘rtta bahsi autsayderlarga qarshi kechadi. Bu esa Potterga ochko yig‘ish uchun ancha qulay imkoniyatdir.
ISMATOV J.