Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Markus Reshford: O‘zligidan o‘zgan iqtidor

Markus Reshford: O‘zligidan o‘zgan iqtidor

Baho:
+ | -

Nihoyat, ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan Markus Reshford hujumchi ekanligini eslab qoldi va Erik ten Xagga yangi «MYU»ni shakllantirishda yordam berish uchun yeng shimarib ishga kirishdi.

2020 yilda u belidan jarohat olib, yarim yilga safdan chiqdi, uning asoratida yuzaga kelgan og‘riqlar sport formasini butkul barbod qildi. To‘g‘ri, Sulsher davrida hujumchi muntazam ravishda maydonga tushdi. Lekin avvalgi keskinlik va tezkorlikni ko‘rsata olmadi. Eng asosiysi - Markus o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘ydi. Uning Yevro-2020 finalidagi golga aylanmagan penalti nechog‘lik azob ekanligini faqat Markus biladi. Keyingi mavsumda Reshford atigi 7 (5+2) ball bilan kifoyalandi va Rangnikning zaxira o‘rindig‘i «qo‘riqchisi»ga aylandi.

Izdan chiqqan faoliyatni tiklash uchun bor-yo‘g‘i bitta yoz fasli va niderlandiyalik murabbiy yetarli bo‘ldi. Mavsumdagi 36 uchrashuvda Markus jamoaga 24ta gol va 8ta assistni taqdim etdi. Gollarning 10tasini APLdagi 10ta o‘yinda urdi. Umuman, «MYU» to‘purarining JCH-2022dan keyingi ko‘rsatkichi hayratlanarli: 17ta o‘yinda 21 (16}5) ball! Ayni pallada, Reshford - dunyodagi eng sermahsul snayper: yangi yilda u top-chempionatlar va ichki musobaqalarda barcha kasbdoshlaridan oldinda bormoqda - 13ta gol. Xoland­da 5, Osimxenda 9, Ben-Yedderda 8, Mbappeda 7ta gol bor.

«Reshford dunyodagi eng yaxshi hujumchilardan biri ekanligi aniq. Bunga ilk uchrashuvdayoq amin bo‘ldim. U bilan ishlayotganimdan mamnunman. Biz yanada yorqinroq natijalarga erisha olamiz, uning ochilmagan qirralari yetarli», - dedi murabbiy «Lids»ga qarshi bellashuv (2:0) yakunida. Bu o‘yinda ham Markus jamoani og‘ir vaziyatdan olib chiqdi: 80-daqiqada Lyuk Shou uzatmasini boshi bilan darvozaga joylab, hisobni ochdi. Xen Xagning e’tirofi Markusga atalgan maqtovlarning debochasi, xolos.

Hozircha Reshford o‘zining 2019|2020 yillardagi saviyasiga ko‘tarila olgani yo‘q. Lekin unga kun sayin yaqinlashmoqda. Undagi uslubiy va ruhiy o‘zgarishlar chinakam mashinaga aylanishiga olib keldi.

Ronaldudan keyin «MYU» jonlandi, Reshford butunlay ochildi

Krishtianu jamoa uchun zaharli va xudbin o‘yinchi bo‘lib qolgandi. U tufayli tizim ishdan chiqqandi: Sulsher va Rangnik portugaliyalik afsona manfaati uchun Reshfordni noqulay o‘ng qanotga surib qo‘yishdi. qo‘shimchasiga, sport formasini tiklashga ulgurmagan Markus foydasiz o‘yinchi bo‘lib qoldi. buni tezda anglagan Erik ten Xag Ronalduni zaxiraga oldi. Bundan ranjigan asabiylashdi va mojaroli intervyudan keyin jamoani tark etdi. Shundan keyin Reshford sevimli chap qanotiga qaytdi va keng vakolatga ega bo‘ldi.

Endi «qizil iblislar»da Ronalduni to‘p bilan ta’minlash majburiyati yo‘q, Markus chiziqlar bo‘ylab doimiy izlanishda. Boz ustiga, Brunu Fernandesh va Kristian Eriksenning uzatmalarini qabul qilishga shay turadi. Shuningdek, orqa chiziqda Shou bilan samarali harakatlarni yo‘lga qo‘ydi.

O‘tgan mavsumda Ronaldu to‘pning qanotga uzatilganini ko‘rishi bilan jarima maydonchasiga yugurar va uzatmani kutardi. Angliyalik hujumchi esa doimiy ravishda kombinasion o‘yinda faol. Bu harakatlari sermahsullikka xalal bermayapti.

Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, murabbiy barcha shogirdlariga birdek talabchan - «Vulverxempton»ga qarshi bahsga (1:0) o‘z vaqtida yetib kelmagan Markusga ten Xag zaxira o‘rindig‘ini ko‘rsatdi, keyin hujumchi zaxiradan maydonga tushdi va gol urdi.

«Ha, qoidamiz shunaqa. Bunaqa xatolar bo‘lib turadi, deb o‘ylayman. Albatta, kech qolib, boshlang‘ich tarkibda maydonga tusha olmadim. Uxlab qolibman. Lekin g‘alaba qozonganimizdan mamnunman», - dedi hujumchi o‘yindan keyin.

Bosh bilan o‘ynashdagi ijobiy o‘zgarish

Balki bu Reshford faoliyatidagi parvozning eng qiziqarli jihatidir. Har holda, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shunday:

7 golning 3tasi - tugallanmagan joriy mavsumga tegishli. Markus hujumkor qurollariga bosh bilan gol urishni ham qo‘shib qo‘ydi. Ko‘pchilik bu o‘zgarishni yaqinda «MYU» murabbiylar shtabidan joy olgan «Ayaks», «Portu» va «Blekbern» jamoalarida to‘p surgan sobiq hujumchi Benni Makkartiga bog‘lamoqda. Makkarti mashg‘ulotlarda hujumni yakunlashga jiddiy e’tibor qaratadi. Jumladan, bosh bilan zarba yo‘llashga ham. Manfaatli saboq uchun ustoziga minnatdorchilik izhor etdi: «Shtabda hujumkor guruh bilan shug‘ullanadigan mutaxassisning borligi jamoaga katta manfaat keltiradi. Benni Makkarti shaxsan menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatdi».

Yangi ish uslubi Reshfordning jarima maydonchasidagi samaradorligini oshirdi. Hozir u 2019|2020 yillar mavsumidagidan ham foydaliroq to‘p surmoqda.

Markus salomatligini tikladi va xavfli to‘purarga aylandi

Bugungi Reshfordning uslubi dribling soni va sifatiga bog‘liq emas: aldab o‘tish mahorati hozir ikkinchi darajali qurol, asosiysi, tezkorlik. Avvallari Markusga sog‘ligidagi muammolar imkon bermagandi. Belidagi jarohatdan forig‘ bo‘lishga ulgurmagan hujumchining tez orada yelkasida ham muammo paydo bo‘ldi. Shu bois, Markus anchagacha og‘riq bilan to‘p surdi, Yevro-2020da qatnashish uchun hatto jarrohlik muolajasidan voz kechdi.

2021 yilning yozida Reshford jarrohlik muolajasini oldi, parallel ravishda to‘pig‘ini ham davolatdi. Biroq sport formasini tiklash davri «MYU»ning inqiroziga to‘g‘ri keldi. Natijada u murabbiy va Angliya terma jamoasi ishonchini yo‘qotdi. Markus buni quyidagicha izohladi:

«Bu men uchun ham, boshqalar uchun ham yangi start bo‘ldi. Hozir a’lo sport formasidaman, o‘zimni kuchli his etyapman. Tanaffus va hordiqdan foydalanib, salomatligimni tiklab oldim, 2019 yildan beri ilk marta mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida ishtirok etdim. Mavsum startiga 6 hafta tayyorgarlik ko‘rdim. Men juda baxtiyorman. Ochig‘i, avvallari hozirgidek yorqin o‘yin ko‘rsatganimni, zavq olganimni eslay olmayman. Men go‘yo tamoman o‘zgacha uslubda o‘ynaydigan jamoaga kelib qolgandekman. Bundan keyin ham zavqu,shavq bilan to‘p surishda davom etaman», - degandi Markus noyabr oyida Liga Kubogi doirasidagi «Aston Villa» ustidan erishilgan g‘alabadan keyin.

So‘nggi voqealardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Markus Reshford tobora shiddatni oshirmoqda va to‘xtashni xayoliga ham keltirmayapti.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:30, 28.02.2023.
O'qildi: 2056 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.