Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Dayo Upamekano: «Taslim bo‘lish – bu men uchun emas»

Dayo Upamekano: «Taslim bo‘lish – bu men uchun emas»

Baho:
+ | -

Bo‘yi 186 santimetrga teng markaziy himoyachi tilidan sarlavhaga chiqarilgan gapga shubhalanish ortiqcha.

«Uning rivojlanishi jahon darajasiga mos keladi», - degandi «Bavariya» bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann 24 yoshli Dayo Upamekanoni maqtab. Tobora vajohat bilan to‘p surayotgan fransiyalik futbolchi Germaniyada chempionlik bo‘yicha rekordchi sanalgan Myunxen superklubining tarixdagi eng kuchli himoyaga ega bo‘lishida katta rol o‘ynamoqda. Mana, «Bavariya» Bundesliganing joriy mavsumi eng kam gol qo‘yib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi. Qolaversa, Nagelsmann shogirdlari Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichida atigi 2ta gol qabul qilishdiki, bu turnirning eng yaxshi ko‘rsatkichi hisoblanadi («Manchester Siti» hozirga qadar 3ta gol qo‘yib yubordi - ikkinchi yaxshi natija). Dayo yana mushohada borasida ham chakki emas. Bunga uning «Bavariya» rasmiy saytiga bergan intervyu dalil. Fransiyalik baquvvat himoyachi suhbat jarayonida Lionel Messiga qarshi individual o‘yini, maydonda Matteys de Ligt bilan osongina til topishib ketgani va Yulian Nagelsmann tahlillari haqida gapirdi.

- Dayo, yakunlangan jahon chempionatida eng yaxshi himoyachilardan biri bo‘ldingiz, ammo Fransiya milliy jamoasi 2-o‘rin bilan cheklandi. Xo‘sh, Qatar mundialidan nimalar oldingiz?

- Albatta, chempionlik maqomini himoya qilolmaganimizdan qattiq ranjiganimiz rost. Lekin ikkinchi tomondan qarasak, jahon chempionati hamisha - katta maktab. Qatar mundiali shaxsan men uchun qimmatli tajriba maydoni bo‘ldi. O‘ylaymanki, turnir o‘yinimni har tomonlama yaxshilashimga yordam berdi. Professional futbolchi sifatida kuchli raqobatni qadrlayman va doimo faqat oldinga qarayman. Xususan, klubimga bor kuchim bilan yordam berishim shart. Oddiy aytganda, o‘zimni chinakam jangchidek tutaman va mag‘lubiyatni aslo qabul qilmayman. Yengilish, taslim bo‘lish - bu tabiatimga yot narsa. O‘zi «Bavariya»dek katta ambisiyaga ega klubda boshqacha yondashuv bilan joy olish amri-mahol.

- Lionel Messi bilan JCH finalida to‘qnash kelgandingiz. Yaqinda esa YECHL 1|8 finali birinchi o‘yinida nafaqat argentinalik, balki butun «PSJ» hujumiga qarshi munosib o‘ynadingiz...

- Avvalo, aytishim kerak, Messi Argentina termasi yoki Parij klubi uchun o‘ynashidan qat’iy nazar, mutlaqo ideal futbolchi. To‘g‘ri, bu safar faqat Leogagina alohida yondashmadik. Axir «PSJ» — eng kuchli hujumkor futbolchilarni o‘z safiga jamlagan jahon darajasidagi klub. Demak, javob o‘yinida ham jamoaviy himoyalanish va har soniyada to‘g‘ri qaror qabul qilishga tayyor turishimiz shart.

- «Bavariya»ning YECHL joriy mavsumidagi eng yorqin o‘yinlaridan biri oktyabr oyi oxirida kuzatildi -    «Barselona» 3:0 hisobida dog‘da qoldirilgan o‘sha oqshom Matteys de Ligt bilan juftlikda himoyani mustahkam ushladingiz. Ko‘rinishidan, niderlandiyalik maydonda siz uchun ideal sherikka aylandi.

- Ha, Matteys bilan bir-birimizga juda tez moslashib oldik. O‘zaro munosabatimiz ham yaxshi va maydon tashqarisida ko‘p muloqotga kirishamiz. Ajoyib futbolchi, o‘ziga nisbatan ishonchi o‘ta baland va bu maydonda menga ham qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. De Ligtdan tashqari, Benji Pavar va Lyuka Ernandes bilan o‘ynash ham juda maroqli, albatta.

- Nagelsmann «Mayns»ga qarshi o‘yinda himoyaga 3 nafar, «Volfsburg» bilan bahsda esa 4 nafar futbolchi qo‘ydi. Aytingchi, mudofaa tuzilmasi o‘zgarganida, noqulaylik sezmaysizmi? Bunda shaxsan siz uchun nimalar o‘zgaradi?

- «Bavariya»da juda moslashuvchan futbolchilar to‘planishgan. Deylik, men chap yoki o‘ng tomonda Matteys bilan birga o‘ynashim mumkin. Zarurat tug‘ilsa, har ikkimiz markazda yolg‘iz harakatlana olamiz. Bunday variantlar ham murabbiy, ham jamoa uchun yaxshi. Asosiysi - har doim maydonda bor kuchni sarflash. «RB Leypsig»da ham uch himoyachidan tuzilgan orqa chiziqda yetarlicha o‘ynaganman va taktik chizma o‘zgarganida, aytarli noqulaylik sezmayman.

- Lyuka Ernandes, Buna Sarr va Nussair Mazraui uzoq muddatga safdan chiqishgach, «Bavariya» Joau Kanselu hamda Deyli Blind evaziga himoya barqarorligini yuqori darajada saqlab qoldi. Bu futbolchilar sizning o‘yiningizga qanday yangi elementlarni olib kirishdi?

- Joau va Deyli jamoaviy harakatlarga juda mos tushishdi. Joau debyutidayoq 2ta golga assistentlik qildi, Deylida esa katta tajriba bor. Albatta, har ikkisining uslubidan nimalarnidir olish mumkin va bunday ijrochilar bilan birga to‘p surishdan manfaatdorman.

- 2019 yildan buyon Yulian Nagelsmann bilan birga ishlayapsiz. Futbolchi sifatida shakllanishingizda uning ta’siri qanday?

- Yulianning asosiy yutuqlaridan biri shuki, futbolchilar bilan ko‘p gaplashadi, vaziyatlarni tahlil qiladi. O‘z navbatida, xatolarni aniq ko‘rsatib beradigan va yechim bo‘­yicha ham tavsiyalar beradigan bunday murabbiylarni qadrlayman. Yulian shunday - maqtashni ham biladi, kamchiliklarni ro‘y-rost aytishdan ham qaytmaydi. Asosiysi, bunda tahlilga asoslanadi. Tabiiyki, o‘yinimning rivojlanishida uning roli katta.

- Mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida bir vaqtning o‘zida ham fitness-murabbiy, ham opera qo‘shiqchisi bilan alohida shug‘ullandingiz. Buning mohiyati nima? 

- Ha, yozda yakunlangan mavsumni obdon tahlil qilib chiqdim. Yakunda xulosa o‘laroq, o‘zimga yengil atletika bo‘yicha murabbiy yolladim. Shuning barobarida opera qo‘shiqchisi bilan kuniga 1 soatdan ishlay boshladim. Gap shundaki, markaziy himoyachi sifatida maydonda jamoadoshlarimga tinmay ko‘rsatma berib turishim muhim. Biroq muttasil baqirish tufayli o‘yinlardan ke­yin tomog‘imda og‘riq kuchayib bordi. Xullas, opera qo‘shiqchisi baland ovoz chiqarish texnikasini o‘rgatdi, endi qancha baqirsam ham, tomog‘imga og‘irlik tushmayapti. Professional sportchi hamisha yaxshilanish yo‘llarini qidirishi kerak. Yo‘q, xavotirga tushmang, hali ham futbolchiman va musiqa olamiga o‘tishni rejalashtirmayapman...

- To‘p uchun kurashda o‘ta tajovuzkorsiz, yoshligingizda hujumda o‘ynaganingiz ham ma’lum. Biroq «Bavariya»da 1tagina gol urdingiz. Upamekanoning ikkinchi golini qachon ko‘ramiz?

- Umid qilamanki, tez orada! Mashg‘ulotlarda ishlayapman, ko‘proq gol urish uchun hujumga qo‘shilganda, «ikkinchi qavat»da effektliroq harakatlanish va to‘g‘ri pozisiya tanlashni o‘rganishim kerak. Ammo hisobga oling, men uchun gol urishdan ko‘ra, darvozamizni «quruq» saqlash muhimroq. Axir himoyachiman.

- «Bavariya» siz bilan ilk marta aloqaga chiqqan payt 16 yoshda bo‘lgan ekansiz. Qanday holatga tushganingiz esingizdami?

- O‘shanda katta qadam qo‘­yishga erta edi. «Bavariya»ga 2021 yilning yozida keldim va bu to‘g‘ri vaqt edi, menimcha.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:30, 02.03.2023.
O'qildi: 825 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.