Reyss Nelsonning birgina aniq zarbasi, o‘tgan turda Emireyts atrofidagi 60 mingdan ziyod muxlisni quvonchiga sabab bo‘lgandi. Ular 2003-04 yilgi mavsumdan beri, ilk bor yana APLni yutishga umid qila boshladi. Negaki, Arsen Vengerning "Engilmas"lar jamoasi o‘sha yili "Arsenal" uchun so‘nggi chempionlikni olib kelgan. To‘pchilar shundan buyon "MYU", "Manchester Siti", "Chelsi", "Lester" va "Liverpul" kabi klublar zafariga guvoh bo‘ldi. Albatta, 1990 yillar va 2000 yilning boshlarida ingliz futbolida yetakchilik qilgan jamoaning so‘nggi 20 yildan beri chempion bo‘lmagani, odamni hayratga soladi. Ammo bu voqelik va tarixiy faktdir.
Ko‘pchilik tomonidan "Arsenal" ruhiy siniqlik va xaraktersizlikda ayblanib kelinadi. Garchand top futbolchilarga boy bo‘lgan tarkibga ega bo‘lsada, titul yutishga kelganda, bu klub yaqin o‘nyilliklarda doimo oqsagan. Shunga qaramay, "Arsenal"ning so‘nggi turdagi kambekidan keyin, jamoa muxlislari chempionlikka yana ishona boshladi. "Bornmut"ga qarshi o‘yinning dastlabki 10 soniyasida mezbonlar darvozasi ishg‘ol qilinadi. Baxtga qarshi ikkinchi bo‘limda ham Ramzdeyl o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olmadi. Shunday paytda har qanday jamoaning irodasi sinovdan o‘tadi. Zero, chempion bo‘lish uchun, chempionlardek g‘alabalarga erishish lozim. Bu ish esa oson emas.
26 turda "Arsenal" qanday g‘alaba qozonish kerakligini ko‘rsatib berdi. Tomas Parti va Ben Uaytlar uchrashuv yakuniga 20 daqiqa qolganiga qadar hisobni tenglashtira oldi. Ana shunday bir paytda mental jihatdan kuchsiz deya ayblangan "Arsenal", hammasini o‘zgartira oldi. Nelsonning 97 daqiqada bergan zarbasi golga aylandi va londonliklar 3 ochkoga ega chiqdi.
Mavsum davomida katta nomlarga aylangan Bukayo Saka va Martin Edegorlar emas, balki jamoaning mutlaqo boshqa a’zolarining gol urgani, "Arsenal"ning hamjihatligidan dalolat beradi. Yosh talantlar va Pep Gvardiola jamoasidan kelgan tajribali futbolchilar bilan bu mavsum "Arsenal"niki bo‘ladiganga o‘xshamoqda. Biroq, oldinda yana 12 ta tur bor. "Manchester Siti" esa ortdan 5 ochko farq bilan quvib kelmoqda. Gvardiola jamoasini esa bilasiz. Ular mavsumni qanday yutib olishni yaxshi bilishadi. Bunga 2021-22 yilning 38 turida guvoh bo‘lganmiz.
Mikel Arteta chempionlik poygasida ekani va bu jarayon hali tugamasligini yaxshi biladi. Qolgan 12 ta tur o‘yinlar g‘alaba qozonilishi shart bo‘lgan bahslar. Ularning har biri kubok finaliga teng bo‘ladi. Shu bilan bir paytda, qolgan har bir uchrashuvda pand yeb qolish ham hech gap emas. Shunday o‘yinlardan biri "Fulxem"ga qarshi kechadi. Quyida ushbu o‘yinga bog‘liq ayrim faktlar taqdim etiladi.
Jamoa sport formalari haqida
"Fulxem" – juda kuchli
"Fulxem" bu mavsumdagi umidlarni to‘la oqladi. Jamoa, hattoki, yevrokuboklar uchun kurasha boshladi. Tez-tez Chempionshipga tushib turadigan klub uchun bu natijani fantastik desak adashmaymiz. Xususan, Marko Silva shogirdlari barcha musobaqalarda 7 ta o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmayotgan edi. Ammo o‘tgan turda "Brentford"ga 3-2 hisobida imkoniyat boy berildi.
"Arsenal" – juda kuchli
To‘pchilar APLning so‘nggi to‘rtta bahsida g‘alaba qozonib kelmoqda. Jamoaning so‘nggi mag‘lubiyati "shaharliklar"ga qarshi yuz bergan. (3-1). O‘tgan turdagi irodali g‘alabadan keyin "Arsenal" o‘ziga bo‘lgan ishon bilan "Kreyven Kottej"ga tashrif buyuradi.
Jarohatlar haqida
"Fulxem"
Lavin Kurzava mezbon jamoa tarkibida jarohatlangan so‘nggi futbolchidir. Unda tizza lat yeyishi mavjud. Kurzavadan tashqadi Tom Kiarni va Nesken Kebano ham uchrashuvda jarohatlari sabab qatnasha olmaydi. Palinya esa disfalifikasiya tufayli maydonga tushmaydi.
"Arsenal"
Gabriel Jezus uch oylik davolanishlardan keyin jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Uning qaytishi tez orada ro‘y beradi. Eddi Nketia va Leandro Trossardlarda ham yengil jarohatlar mavjud. Muhammad Elneni esa allaqachon bu mavsumni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgan.
Bahsda kimlar porlashi haqida
"Fulxem": Aleksandr Mitrovich
Jarohatdan qaytganidan beri serbiyalik yulduz yaxshi ko‘rinmoqda. U bo‘lajak to‘qnashuvda "Arsenal" himoyasini vayron qilishga urinib ko‘radi.
"Arsenal: Martin Edegor
Arteta jamoa sardorini Yevropa ligasi bahsidan saqlab qo‘ygandi. Bunga sabab esa aynan "Fulxem" bilan o‘yindir. Edegor hujumda Saka va Martinelliga yo‘l ochib berishga harakay qiladi. Balki o‘zi ham mavsumdagi 10 golini urar.
Taxminiy hisob: "Arsenal" 2; "Fulxem" 1.
ISMATOV J.