Premyer-liganing 22-turida «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda Xarri Keyn o‘zining «Tottenxem» safidagi barcha musobaqalardagi 267-golini urdi, bu klub rekordi hisoblanadi. Qolaversa, o‘sha to‘p uning uchun Premyer-ligadagi ikki yuzinchi gol bo‘ldi. Buning uchun unga atigi 303 ta o‘yin kerak bo‘ldi. Oldinda atigi 2 nafar futbolchi – 208 ta gol urgan Ueyn Runi, shuningdek, 260 ta golga ega Alan Shirer bor. Hozirda Keyn hisobida 203 ta gol bor. Hozirgi futbolchilar orasida eng yaqin ta’qibchilar - Vardi (134) va Saloh (131).
Xarri gol urganidan so‘ng, operasiyada bo‘lgan Konte futbolchini tabriklashga kuch topdi. Umuman olganda, Keyn so‘nggi paytlarda juda ko‘p ijobiy fikrlarni to‘pladi. Angliya jamoasi sardori haqli ravishda chempionatning eng yaxshi futbolchilaridan biri deb ataladi. Alan Shirer, Keynning 200-golidan so‘ng, «Tottenxem» hujumchisi o‘zining rekordini albatta yangilashini tan oldi:
Men butunlay xotirjamman. Xarri buni qanchalik xohlashini bilaman. Agar jarohatlar bo‘lmasa va Keyn Angliyada qolsa, u buni amalga oshiradi. Bu yerda faqat vaqt masalasi bor. Bu rekord juda uzoq vaqtdan beri meniki bo‘lib kelgan va men doim bir kun kelib kimdir yangilashini aytganman», – dedi Shirer. Qizig‘i shundaki, Keyn Premyer-liganing har oy va haftaning har kunida gol urgan yagona futbolchidir. Bunga ko‘p jihatdan o‘yinlar vaqtining doimiy o‘zgarishlari sabab bo‘lmoqda. Chempionat bahslari ko‘pincha hafta o‘rtalarida o‘tkaziladi, shuning uchun Keyn buni osonlikcha uddalagan bo‘lsa ajabmas.
Xarri dubl qayd etgan «Nottingem Forest»ga qarshi o‘yindan so‘ng, joriy mavsumda urilgan gollari sonini 20 tadan oshirdi. 29 yoshli angliyalik futbolchi Premyer-ligada 20+ gol urish bo‘yicha «Manchester Siti»ning sobiq hujumchisi Serxio Aguero bilan tenglashdi, ular oltita shunday sermahsul mavsumga ega. Ushbu ro‘yxatda birinchi bo‘lib afsonaviy Alan Shirer bor, u 7 marta yigirmalik dovondan oshgan.
Bularning barchasi Keynni «Tottenxem» inqirozga uchragan mavsumlarda ham sekinlashmasligidan dalolat beradi. Bu so‘nggi 9 mavsumda bir necha bor sodir bo‘ldi – hattoki Konte ba’zi muammolarga duch kelayotgan hozirgi mavsumda ham himoya avvalgidek ishonchli emas, Keynning asosiy hamkori Son esa formaga qaytishda kurashmoqda. Keynning samarali harakatlari kamaygan bo‘lsada, bu golli uzatmalarda namoyon bo‘ladi.
O‘tgan mavsumda u 9 ta golli uzatmani amalga oshirgan bo‘lsa, undan oldingi yili - 14 ta. Bunga Son Xyon Minning dahshatli formasi sabab bo‘lgan. Koreyalik futbolchi hozir yaxshi formada emas va bahor boshiga qadar Premyer-ligada atigi 6 ta gol urdi. Shu tufayli Keyn 27 bahsda atigi 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning jamoasi ushbu mavsumda bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda va aql bovar qilmas Erling Xolandning natijalariga qaramay, Keyn gol urish poygasida ishtirok etadi. Agar norvegiyalik bu qadar sermahsul bo‘lmaganida, Xarri katta ehtimol bilan jamoatchilik e’tiborini tortgan bo‘lardi. Joriy mavsumda 30 yoshga to‘ladigan Keyn birorta ham kubokni qo‘lga kiritmadi. Faqat individual rekordlar va mukofotlar unga dalda beradi xolos. Bunday saviyadagi futbolchi faoliyatini unvonlarsiz yakunlay olmasligi ancha alamli.
Inglizning butun karyerasi kuboklar uchun kurashadigan har qanday gigant jamoa safiga o‘tishga arziydi. O‘tgan yozda, 2021/22 yilgi mavsum oldidan u deyarli «Manchester Siti» lageriga ko‘chib o‘tgandi, ammo «shporlar» narxni oshirib yubordi va «shaharliklar» Jek Grilish variantida to‘xtaldi. Yaqin vaqtgacha «Bavariya» ham Keynga da’vogar edi, biroq nemislar Shupo-Moting bilan shartnomani uzaytirib, ularda allaqachon markaziy hujumchi borligini yaqqol ko‘rsatdi.
Endilikda Xarriga asosiy nomzod hujumchiga juda muhtoj bo‘lgan «Manchester Yunayted» bo‘lib turibdi. O‘tgan qishda «qizil iblislar» e’tiborini Vegxorst timsolida qisqa muddatli variantga qaratishgandi, yozda esa ular Osimxen yoki Keynni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rishadi. Manchester Evening News xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Erik ten Xag 29 yoshli angliyalik hujumchi uning asosiy maqsadi ekanligini aytdi.